Temir yo‘l transporti yo‘lovchilarining yuki va valutasini bojxona nazoratidan o‘tkazish tartibi ma'lum bo‘ldi
Temir yo‘l transporti yo‘lovchilarining qo‘l yukini, bagajini, valutasini va valuta boyliklarini bojxona nazoratidan o‘tkazish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Muhokama uchun e'lon qilingan hujjat loyihasiga ko‘ra, temir yo‘l vokzallari va stansiyalarida bojxona nazorati zonalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi va belgilanadi.
Bojxona nazorati zonasiga yo‘lovchilarni kiritish (bojxona nazorati zonasidan yo‘lovchilarni chiqarish) ularda belgilangan shaklda to‘ldirilgan (rasmiylashtirilgan) yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi, shaxsni tasdiqlovchi pasport va yo‘lovchining chipta hujjati mavjud bo‘lgan taqdirda qat'iy ravishda bojxona rasmiylashtiruvining belgilangan joylarida amalga oshiriladi.
Bojxona nazorati zonasida poyezdlarni qabul qilib olish, jo‘natish va ularni texnik tayyorgarlikdan o‘tkazish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan chegara oldi stansiyalari xodimlarining bo‘lib turishi va o‘z funksional majburiyatlarini bajarishi bojxona organiga taqdim etilgan ro‘yxatlar asosida amalga oshiriladi. Temir yo‘lda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bojxona nazorati zonasiga kirishi tegishli guvohnomalar va ko‘krak belgilari bo‘yicha xizmat yo‘li orqali kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Yo‘lovchi poyezdlar harakatini tashkil etishni va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni ta'minlaydigan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari bojxona nazorati zonasiga xizmat yo‘li orqali tegishli guvohnomalari mavjud bo‘lganda kirishlari mumkin.
Jo‘nab ketayotgan va kirib kelayotgan yo‘lovchilar, ularning qo‘l yuki, bagaji, valuta va valuta boyliklarini bojxona nazoratidan o‘tkazish va rasmiylashtirish, mazkur qoidaga ko‘ra, o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratdan o‘tish joylaridagi maxsus xonalarda (ko‘rikdan o‘tkazish joylari), shuningdek, alohida hollarda yo‘lovchi poyezdlarning to‘xtab turish joylarida amalga oshiriladi.
Alohida hollarda bojxona chegarasi orqali yo‘lovchi vagonlarida harakatlanayotgan fuqarolar va ularning qo‘l yuki, bagaji (kuzatib boriladigan), valuta va valuta boyliklarini bojxona nazorati temir yo‘l rahbariyati bilan kelishilgan holda chegara oldi temir yo‘l stansiya (vokzal)larida amalga oshirilishi mumkin.
Yo‘lovchilarga tegishli bagajning bojxona rasmiylashtiruvi temir yo‘l vokzallari, stansiyalarning maxsus ajratilgan joylarida yoki bojxona organi tomonidan belgilanadigan boshqa joylarda qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yo‘lovchilarning qo‘l yuki, bagaji, valuta va valuta boyliklarini bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigining barcha turlari uchun vaqt me'yorlaridan kelib chiqqan holda, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazish maqsadida bojxona organlari temir yo‘lning joylardagi tarkibiy tuzilmalari bilan birgalikda o‘zaro harakat tartibini belgilaydilar va bu qoidalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) temir yo‘l chegara oldi stansiyalarida turish davomiyligi bojxona organlari bilan kelishilgan holda to‘liq hajmda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun yetarlilik tamoyiliga ko‘ra, xavfsiz yo‘llarda temir yo‘l tomonidan belgilanadi va buning uchun jo‘nash punktlarida yo‘lovchilarni bojxona rasmiylashtiruvi poyezdning chegara oldi stansiyasiga kirib kelishi vaqtida boshlanishi va poyezdlarning harakatlanish grafigiga ko‘ra jo‘nab ketishga 5 daqiqa qolganida tugashi lozim va bu to‘g‘risida poyezd brigadiri yoki temir yo‘l vokzallarida, stansiyalarda va temir yo‘l chiptalarini sotish vaqtida temir yo‘l yo‘lovchilarni ogohlantiradi;
b) bojxona organlari tomonidan taqdim qilingan ma'lumot asosida vokzal va harakatlanuvchi sostavdagi yo‘lovchilarga kelgusidagi bojxona nazorati (vaqti va boshlanishi) va bojxona qoidalarining asosiy tartiblari to‘g‘risida ma'lum qilish;
v) bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigi uchun belgilangan vaqt me'yorlari:
bitta yo‘lovchining qo‘l yuki, bagaji, valuta va valuta boyliklarining bojxona ko‘rigi, bojxona ko‘zdan kechiruvi hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti 1,5 daqiqa davomida amalga oshiriladi, boshqa asosli hollarda mazkur muddat bojxona organi tomonidan uzaytirilishi mumkin;
yo‘lovchilarning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish vaqti 30 daqiqa davomida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshiriladi;
bitta bagajning bojxona ko‘rigi va/yoki bojxona ko‘zdan kechiruvi 10 daqiqa va alohida kuzatib boriladigan bagaj esa 20-30 daqiqa davomida amalga oshiriladi.
Boshqa asosli hollarda, bojxona ko‘rigi va/yoki bojxona ko‘zdan kechiruvining amalga oshirish davomiyligi mutasaddi idora vakillari bilan kelishilgan holda uzaytirilishi mumkin.
Yo‘lovchilar, brigada a'zolari, ularning qo‘l yuki, bagaji, valutasi va valuta boyliklarining bojxona rasmiylashtiruvi bojxona nazorati zonasida belgilangan tartiblarga asosan amalga oshiriladi. Bojxona rasmiylashtiruvi joylarida yo‘lovchilar va poyezd brigadasi a'zolarining qo‘l yuki nazoratning texnik vositalari yordamida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bojxona organlari tomonidan bojxona qonunchiligiga muvofiq bojxona nazoratining soddalashtirilgan shakllari qo‘llanilishi mumkin.
Yo‘lovchilar, shuningdek poyezd brigadasi a'zolarining bagaji, qo‘l yuki va boshqa boyliklarini bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organi tomonidan belgilangan shaklda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining elektron shakldan chop etilgan yoki qog‘oz shaklidagi 2ta nusxasini rasmiylashtirgan holda bojxona rasmiylashtiruvi joylarida amalga oshiriladi. Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyaning bitta nusxasi yo‘lovchi yoki poyezd brigadasida qoladi, boshqa nusxasi esa - rasmiylashtiruv joyining bojxona organida saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga kelib tushgan yo‘lovchilar va poyezd brigadasi a'zolari belgilangan shakldagi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining 2 ta nusxasini tegishli bandlarini to‘ldirgan holda bojxona organiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tadilar, bunda birinchi nusxa rasmiylashtiruvdan keyin bojxona organida qoladi, ikkinchisi esa to‘ldirgan shaxsda qoladi.
Agar bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan yoki bojxona nazorati zonasida bo‘lib turgan biror shaxs (yo‘lovchi, xizmat ko‘rsatuvchi personal yoki smenali tashkilot xodimi) o‘zida bojxona qonunchiligining buzilishiga sabab bo‘ladigan tovarlarni yoki boshqa predmetlarni saqlagan holda ularni bojxona organlariga taqdim etmayotganligi borasida shubha tug‘ilsa, amaldagi qonun-hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu shaxs shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tgan yo‘lovchilar o‘tib ketayotgan poyezd stansiyaga kelguniga qadar bojxona nazorati zonasida bo‘ladilar va bojxona nazorati zonasini asossiz tark etishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘l yukini yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan joylarga, shuningdek o‘rindiqlar orasidagi o‘tish joylarida, tamburlar, hojatxonalar, yo‘lakchalar va vagon maydonchalariga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Har bir yo‘lovchi temir yo‘l transportida o‘zi bilan bitta chipta bo‘yicha ko‘pi bilan 36 kg.dan oshmagan qo‘l yukini olib o‘tishi mumkin.
Quyidagilar qo‘l yuki yoki bagaj hisobiga kirmaydi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining amalda bo‘lgan qarori bilan belgilangan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib o‘tishning miqdor normalaridan ortiq bo‘lgan tovarlar (har qanday tovar belgilangan norma va/yoki davriylikdan ortiq olib o‘tilganda belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi).
Og‘irligi (36 kg) va o‘lchamlari (uchta o‘lcham bo‘yicha 180 sm.dan oshadigan (100 x 30 x 50) belgilangan me'yorlardan ortiq bo‘lgan qo‘l yuki pochta-bagaj vagonida tashish uchun topshiriladi.
Bagajni tashishga ko‘ra bir joy og‘irligi 80 kg.dan ziyod, uzunligi esa 3 metrdan ortiq yuk va buyumlar qabul qilinmaydi. Vazni 80 kg dan ortiq bo‘lgan bo‘linmaydigan joylar (muzlatgich, gaz plitalari va boshqalar) bagaj tashishga, ya'ni yo‘lovchi tashish poyezdida har bir rasmiylashtirilgan joyga bir birlik miqdoridagi chipta bo‘yicha qabul qilinadi.
Bagajni qabul qilib olish va topshirish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshiradigan stansiyagacha va chiptaga ko‘ra yo‘lovchining boradigan manzilidan uzoq bo‘lmagan joygacha tashiladi. Yo‘lovchi bagajni oldindan tashib o‘tishga topshirishi ham mumkin.
Bagaj sifatida tashib o‘tishga o‘z o‘lchamlari, qadog‘i va xususiyatlariga ko‘ra boshqa bagajga ziyon yetkazmagan holda qiyinchiliksiz bagaj vagoniga topshirilishi mumkin bo‘lgan narsalar va predmetlar qabul qilinadi.
Bitta yo‘lovchi hujjati (chipta) bo‘yicha topshirilgan bagajning umumiy og‘irligi 200 kg.dan oshmasligi lozim. Bitta yo‘l hujjati (chiptasi) bo‘yicha bir nechta yo‘lovchi guruh bo‘lib yurganida ko‘rsatilgan mey'yor mos ravishda guruh ishtirokchilari miqdoriga qarab oshiriladi.
Bitta yo‘lovchi uchun haqiqiy bo‘lgan yo‘lovchi hujjati bo‘yicha og‘irligi 200 kg.dan ortiq bo‘lgan bagaj taqdim etilsa, bunday tashishga bagaj vagonida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lganida temir yo‘l tomonidan ruxsat beriladi, biroq boshqa yo‘lovchilarning bagajini tashishga zarar yetkazmagan holda va me'yordan ortiq bo‘lgan joylarga temir yo‘lda yo‘lovchi yuklarini tashish ta'riflari bo‘yicha haq to‘lash orqali amalga oshiriladi.
Qo‘l yuki sifatida bojxona nazoratidan o‘tmagan va yo‘lovchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi yoki ularni zararlanishi mumkin bo‘lgan buyumlar, shu bilan birga boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan xavfli moddalar va buyumlar yo‘lovchi vagonlarda tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bojxona organlari taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan yo‘lovchilar uchun qo‘l yuki, bagaji, valuta va valuta boyliklarini rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi axborot ko‘rsatilgan eslatmalar ishlab chiqadi va axborot peshtaxtalariga joylashtiriladi. Temir yo‘l chiptalarini sotish joylarida, temir yo‘l vokzallarida va stansiyalarida yo‘lovchilarni bu to‘g‘risida xabardor bo‘lishini ta'minlaydi.
Yo‘lovchilarning valutasi, valuta boyliklari va qo‘l yukini bojxona nazoratidan o‘tkazishni amalga oshirish uchun yo‘lovchi poyezdlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 24 noyabrdagi 489-sonli qarorining 1-ilovasida ko‘rsatilgan stansiyalarda kelishilgan harakat jadvaliga muvofiq yo‘lovchi poyezdlarning to‘xtashini ta'minlaydi.
Xorijga chiqib ketayotgan va xorijdan kirib kelayotgan temir yo‘l sostavlarini buning uchun ko‘zda tutilgan bojxona nazorati zonalaridagi temir yo‘llariga belgilangan stansiya va vokzallarga yetkazilishini ta'minlaydi.
Bir vaqtning o‘zida bitta stansiyaga ikki va undan ortiq poyezdning kirib kelishi yoki chiqib ketishini istisno qiladigan yo‘lovchilar poyezdlari harakati grafigini ishlab chiqadi.
Ko‘zda tutilmagan to‘xtashlarni va tezlikning kamayishini istisno qiladigan choralarni ko‘radi (fors-majorlidan tashqari), ketish yo‘lida poyezdlar harakatlanganda yo‘lovchilarning tushib qolishi-o‘tirishi va tovarlarning yuklab ortilishi-yuklab tushirilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta'minlaydi.
Yo‘lovchilarni bojxona rasmiylashtiruvi joylarida bank xizmatlari va valuta almashtirish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatishi uchun alohida xonalar ajratadi.
Vokzal va stansiyalarda yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib, yo‘lovchilar uchun yuk tashuvchilar va perron nazoratchilari sifatli xizmat ko‘rsatishini tashkillashtiradi.
Yo‘lovchilar tomonidan tashilayotgan qo‘l yuki yoki bagajni tortish uchun stansiyalar (vokzallar)da tarozilar o‘rnatiladi. Yo‘lovchilar tomonidan bunday tarozilardan bepul foydalaniladi.
Yo‘lovchilarning ortiqcha qo‘l yukini tashish uchun yo‘lovchi tashish poyezdlari tarkibiga qo‘shimcha bagaj vagonlari kiritilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya etgan holda, o‘z vakolatlari doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘zaro bir-biriga yordam berishlari lozim.
Mavzuga oid
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
21:05 / 30.09.2024
Yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmati tariflari erkinlashtiriladi
18:48 / 28.09.2024
Xitoydan Qirg‘iziston orqali o‘tadigan temir yo‘lning O‘zbekistondagi qismi qachon qurilishi ma’lum bo‘ldi
19:06 / 23.08.2024