Nega tushlik paytida oldingi xo‘randadan keyin yaxshilab yuvilgan oshxona anjomlaridan foydalanish va bir dasturxonda o‘tirgan kishi bilan bitta qoshiqdan ovqat yemaslik qabul qilingan? Nega sanchqi oyoq ostiga tushganida, uni albatta almashtirish lozim? Ammo negadir go‘zallik saloniga manikyurga kelganimizda, bir necha daqiqa oldin usta shu asboblar bilan boshqa mijozning tirnoqlariga ishlov bergani va endi ularni olib bizning qarshimizga o‘tirayotgani ustida o‘ylab ko‘rmaymiz. Buni anglash jirkanish va sog‘liq uchun xavfsirash hissini keltirib chiqaradi, axir go‘zallik salonining har bir mijozi – bu ehtimoliy infeksiya tashuvchisi (shu jumladan, V, S virusli gepatitlari va OIV-infeksiyasining).

Stomatologlar, manikyur-pedikyur ustalari, kosmetologlar xizmatlarining qiymati Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarga qaraganda O‘zbekistonda arzonroq. Xorijda, odatda, bir marta ishlatiladigan asboblar to‘plamidan foydalaniladi, shuningdek sterillash masalalari ham juda qat'iy nazorat qilinadi. Narx esa, shu jumladan, ushbu omillardan ham shakllanadi. Siz parvarish qilingan tirnoqlar, go‘zal tabassumga ega bo‘lasiz – ammo nimaning evaziga?

Biz vahima qilib faktlarni bo‘rttirmayotganimizga ishonch hosil qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasining SanQvaNni nazorat qilish bo‘limiga murojaat qildik.

Go‘zallik salonlarida sanitariya va gigiyena normalariga amal qilinmaganida ularning mijozlari qanday infeksiyalar bilan zararlanishi mumkin?

Bugungi kunda 100 dan ortiq patogen mikroorganizmlar, shu jumladan sog‘liq uchun juda xavfli va go‘zallik salonida yuqtirish mumkin bo‘lgan mikroorganizmlar ma'lum. Ommabop kosmetika protseduralaridan o‘tayotganda yuqtirib olish mumkin bo‘lgan oltita keng tarqalgan kasallikni ko‘rib chiqamiz:

  • Tirnoqlar zamburug‘i — sog‘lom odamning tirnoqlariga zararlangan asbob bilan ishlov berish deyarli 100% holatlarda kasallik yuqishiga olib keladi.
  • Pedikulyoz — parazitar kasallik, mijozlar bilan ishlaganda sanitariya normalariga amal qilmaydigan sartaroshxonalarda tez-tez uchraydigan “mehmon”. Sartaroshxonalarda kasallik asboblar orqali (qoidaga ko‘ra, ular har safar foydalangandan keyin dezinfeksiya qilinishi kerak) hamda kesilgan va o‘z vaqtida tozalab olinmagan soch qoldiqlari orqali o‘tadi.
  • Gerpes virusi – yer sayyorasi aholisining 90% ida uchraydigan infeksiya, u lablarda, burun va og‘iz shilliq qavatlarida, kamdan-kam holatlarda ko‘zlarning burchaklarida, chovda, tirnoqlar yonida davriy toshmalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Kasallik belgilari oyda bir necha martagacha namoyon bo‘lishi yoki odam immunitetining holatiga qarab umuman namoyon bo‘lmasligi mumkin. Piling, mezoterapiya, lablarning permanent makiyaji va hatto terining sezilarsiz shikastlanishi bilan bog‘liq boshqa protseduralar paytida gerpes virusini yuqtirish xavfi mavjud. Kasallikning oldini olish choralari – asboblarni sterillash va seansdan so‘ng darhol antiseptik vositalardan foydalanish.