SSV: Endi «Tez yordam»ni maxsus mobil ilova orqali ham chaqirish mumkin
Bugun, 10 yanvar kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150ta zamonaviy «Ford» rusumidagi reanimobillar topshirildi.
«Endilikda poytaxt aholisiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati sifati va samaradorligi tubdan takomillashadi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, bugungi kunda poytaxt aholisiga 179ta tez yordam brigadalari tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Tizimda qariyb 900 nafar malakali shifokor, 1244 nafar feldsher va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yurityapti. Ayni paytgacha poytaxtimiz aholisiga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda «Nissan», «Hunday», «Toyota» rusumli maxsus avtotransportlardan ham foydalanilayotgan edi. Endilikda ular qatoriga yangi «Ford» reanimobillari qo‘shilgani tibbiy xizmat sifatini yanada yuqori, yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ladi.
Aytish kerakki, jahon tibbiyotining eng so‘nggi tibbiy texnologiyalari bilan jihozlangan «Ford» reanimobillari chaqiriqni qabul qilishdan tortib, manzilga yetib borish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, zarur holatlarda bemorni shifoxonaga yetkazishda qator qulayliklarga ega. Bu mashinalarning saloni keng va shinam, unda zamonaviy EKG, IVL, defibrilyator, so‘rg‘ich, kislorod sistemasi va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, dori qutisida tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi dori-darmonlar bor.
Yana bir qulayligi, «Ford»larda eng so‘nggi rusumdagi aloqa vositalari ham o‘rnatilgan. Bu imkoniyat markazdagi dispetcherlik punktida turib mashinaning joylashuv nuqtasini, yo‘llardagi harakatini va mashina salonida tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonini bevosita kuzatishga zamin yaratadi. Endilikda chaqiriqqa otlangan «tez yordam»ning yo‘llarda tirbandlikka duch kelishi, unga yo‘l berilmasligi holatlari ham mashinaga o‘rnatilgan aloqa vositalari xotirasiga muhrlanadi.
Ushbu avtomatlashtirilgan tez tibbiy yordam xizmati boshqaruv tizimi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida joriy etildi. Ahamiyatli jihati, ushbu innovatsion tizim tez tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, uni avtomatlashtirish hamda takomillashtirishga xizmat qiladi. Jumladan, mazkur tizimning joriy etilishi orqali murojaatlarni qabul qilish va ro‘yxatga olish, tegishli tez tibbiy yordam stansiyalari brigadalariga yo‘naltirish hamda chaqiriq manziliga yetib borish vaqtini keskin kamaytiradi.
Ushbu yangi tizim chaqiriqlarni nafaqat statsionar va mobil telefon vositasi orqali, balki maxsus mobil ilova orqali ham chaqirish imkonini yaratadi. Hatto nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ushbu ilova orqali mustaqil ravishda chaqiriq berish imkoniga ega bo‘ladi. Dispetcher sanoqli soniyalar ichida chaqiriqni kompyuterda to‘liq qayd qiladi va kompyuter tizimi avtomatik ravishda ushbu chaqiriqni chaqiriq joyiga eng yaqin bo‘lgan bo‘sh brigadaga uzatadi. Tizimga integratsiya qilingan GPS-geolokatsiya funksiyasi har bir brigadaning qayerda joylashganini va statusini ko‘rsatib turadi.
Bu tizim avtomatik ravishda dori vositalari, tibbiy buyumlar va yonilg‘i sarfini ham qayd qilib boradi. Belgilangan vaqt ichida bajarilgan chaqiriqlar, ularning turlari, bemorlar haqidagi ko‘plab statistik ma'lumotlarni avtomatik ravishda jamlab boradi. Ushbu yig‘ilgan axborotlar keyinchalik tahliliy ma'lumot sifatida shoshilinch holatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish jarayonida foydalaniladi.
Mazkur tizim imkoniyatlari Rossiya, AQSh, Yevropa davlatlari va Xitoy kabi qator mamlakatlarekspertlari tomonidan sinovdan o‘tkazilib, zamonaviy talablarga to‘liq javob berishi tasdiqlangan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024