22:26 / 25.01.2020
22
44415

Moliya vaziri tashqi qarz oshib, oltin-valuta zaxirasi kamayayotganiga izoh berdi

Gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta'minoti hamda yo‘l qurilishi sohasidagi masalalarni tashqi qarz hisobigagina hal qilish mumkin. Tashqi qarzning o‘sib borayotgani xavotirli emas, dedi Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

“Davlat tashqi qarzi haqiqatan ham anchagina yuqori sur'atlar bilan ko‘paydi. Buning yashiradigan joyi yo‘q. Bugungi kunda tashqi qarzimiz 15,1 mlrd dollarni tashkil qilyapti. Hozirgi kunda yalpi ichki mahsulotimiz 58 mlrd dollar bo‘ladigan bo‘lsa, tashqi qarzimiz YaIMning taxminan 25 foizi atrofida. Davlat tashqi qarzining YaIMga nisbatan 25 foiz bo‘lishi hech narsa emas. Bu umuman [tashvishlanadigan] masala emas”, deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘chqorovning ta'kidlashicha, tashqi qarz 2020–2022 yillarda ham anchagina tez sur'atlar bilan o‘sadi.

“Qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Shunday sohalar borki, davlat ushbu sohalarning g‘ildiragini aylantirib yuborishi kerak. Infrastruktura birinchi navbatda. Iqtisodiyotni o‘nglash, aholini elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi bilan ta'minlash, yo‘llar qurishni tashqi qarz hisobidan qilishga to‘g‘ri keladi. Bularni hech qachon tadbirkorlar qurmaydi. 

Lekin kelayotgan uch yilda tashqi qarzimiz tez o‘sadi deganim bu jarayon doim shunday davom etadi degani emas. Agar ochiq gapiradigan bo‘lsak, Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining tavsiyasiga ko‘ra davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan 50-55 foiz atrofida bo‘lishi barqaror holat hisoblanadi. Shuning uchun tashqi qarzimiz 50 foizga borganda hushyor bo‘lsak bas. Bitta narsani yoddan chiqarmaslik kerak. Tashqi qarz o‘sganda, mamlakat YaIM ham o‘sishini ta'minlay olsak, hech qanday muammo bo‘lmaydi. Agar tashqi qarz o‘sib, YaIM o‘smasa, bu bankrotlikka olib keladi. 2018 yilda yalpi ichki mahsulotimiz 50 mlrd edi, 2019 yilda 58 mlrd bo‘ldi. Besh yildan keyin nasib etsa 100 mlrd bo‘lishi mumkin. Yuz milliardning 50 foizi 50 mlrd bo‘ladi va bu degani chetdan bemalol shu miqdorgacha qarz olishimiz mumkin”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Moliya vaziri, shuningdek, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari bilan bog‘liq vaziyat haqida ham tushuntirish berdi.

Jamshid Qo‘chqorov

“2019 yilda oltin-valuta zaxiralarimiz ikki milliardga ko‘paydi. To‘g‘ri, bu asosan oltin narxining oshishi hisobiga bo‘ldi, lekin zaxiralarimiz xavotirli darajada kamayib ketgani haqidagi gap-so‘zlar asossiz. Ilgari bu ma'lumotlarni 20 ga yaqin kishi bilardi. Bugungi kunda Markaziy bankning yoki Moliya vazirligining saytiga kirsangiz, bu ma'lumotlar hamma uchun ochiq turibdi”, dedi moliya vaziri.

Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, jamoatchilikning mamlakat tashqi qarzi va oltin-valuta zaxirasi kamayayotgani yoki ko‘payotgani bilan qiziqa boshlaganining o‘zi yaxshi hodisa. Uning ta'kidlashicha, xalq mamlakatning siyosiy jarayonlariga aralashmasa, hech qanday islohot ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top