Germaniya Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi – «Yashil Markaziy Osiyo»ni ishga tushirmoqda
Bugun Markaziy Osiyoning 5 respublikasi tashqi ishlar vazirlari hamda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Germaniyada to‘planadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari hamda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri muovini 2020 yil 28 yanvarda Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas bilan Berlinda uchrashadilar. Germaniya tashqi ishlar vazirligining Berlindagi binosida bo‘lib o‘tadigan anjumanda «Yashil Markaziy Osiyo» loyihasiga start beriladi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar ustida ishlaydi. Bu haqda Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi Axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Unda ta'kidlanishicha, iqlim o‘zgarishi tashqi va xavfsizlik siyosatiga keng ta'sir ko‘rsatadi. Dengiz sathining ko‘tarilishi, cho‘llar paydo bo‘lishi va ekotizimning vayron bo‘lishi dunyoning barcha aholisini kun kechirish uchun zarur manbalardan yanada ko‘proq mahrum qilmoqda. Markaziy Osiyo va Afg‘onistondagi iqlim o‘zgarishi, shu jumladan, baland tog‘larda joylashgan muzliklarning erishi, suv zaxiralari va tuproqqa juda kuchli ta'sir ko‘rsatmoqda. Germaniya «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi bilan iqlim o‘zgarishi oqibatlari va u bilan bog‘liq tahlikalar borasidagi mintaqaviy muloqotga ko‘mak berishni rejalashtirmoqda. Shu bilan rasmiy Berlin Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha 2019 yil 17 iyunda qabul qilingan strategiyasiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Hamkorlik suv zaxiralari, muzliklarni saqlab qolish, energetika, bioxilmaxillik, yer resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligini qamrab oladi va submilliy, milliy hamda mintaqaviy darajada amalga oshiriladi. Keyingi 4 yil mobaynida Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda «Yashil Markaziy Osiyo» nomi ostida ekologik ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi, ilmiy hamkorlik kengaytiriladi hamda yuqori darajadagi siyosiy muloqot orqali hamkorlikning aniq amalga oshirilishiga imkon beriladi.
«Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi Markaziy Osiyoda suv tashabbusining («Berlin jarayoni») muvaffaqiyatiga asoslanadi. Ushbu jarayon Germaniya tomonidan 2008 yil izga tushirilgan bo‘lib, u suv masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va shu tariqa Orol dengizi havzasida suv resurslarini barqaror boshqarishga bag‘ishlangan.
Dastur 2009 yildan 2020 yilgacha davom etdi, qisman Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakatida moliyalashtirildi va mas'ul institutlarga suv ta'minotini barqaror boshqarishning huquqiy asoslarini va amaliy yondashuvlarini ishlab chiqishda yordam berdi. Faoliyat pilot loyihalar bilan to‘ldirildi. Bular suv infratuzilmasini yangilash, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va olis hududda kichik gidroelektrostansiyani qurish, jug‘rofiy axborot tizimlari yordamida ma'lumotlar bazalari va xaritalarni yaratish kabilardir.
Daromadlari sug‘orish dehqonchilik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan 500 mingdan ortiq insonlar va dasturning tajriba hududlarida istiqomat qiluvchi ko‘plab odamlar hozirda suv ta'minoti yaxshilanishidan va oldindan rejalashtirib bo‘ladigan suv ta'minoti imkoniyatlaridan bahramand bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024