Toshkentda Buyuk Britaniyaning yangi universiteti ochilishi mumkin
Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekistonda yuridik ta'limni rivojlantirish, Toshkentda Xalqaro huquq universitetini tashkil qilish, ingliz huquqini tatbiq qilish, yuridik ta'limni xalqaro standartlarga tenglashtirish maqsadida Buyuk Britaniyaning Huquq universiteti va Toshkent yuridik universiteti vakillari ishtirokida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
«Bu konferensiya ingliz huquqini O‘zbekistonda qo‘llash amaliyotiga bag‘ishlanadi. Dunyoda turli xil huquqiy tizimlar mavjud. Aynan ingliz huquqiy tizimini joriy qilsak, investorlarning oqimi, tadbirkorlik sohasining rivojlanishi va iqtisodiyotning o‘sishi kabi yutuqlarga erishishimiz mumkin. Chunki bu yo‘nalishda faqat shu sohalardagi huquq bo‘yicha ta'lim beriladi va o‘rgatiladi», deydi yuridik fanlari doktori, Adliya vazirligining yuristlar malakasini oshirish kafedra mudiri Lola Saidova.
Adliya vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universitetining rektori Rahim Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, yangi ochilishi mumkin bo‘lgan universitet Buyuk Britaniyaning Xalqaro huquq universiteti (University of Law – ULaw)ning filiali hisoblanadi. Dastlabki yili kvotalar soni 400ta bo‘ladi, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich 2000taga yetkaziladi. O‘qitish tizimida xalqaro savdo huquqi, xalqaro tijorat huquqi, xalqaro arbitraj huquqi fakultetlari ochiladi va shu yo‘nalishda o‘qitiladi. O‘qish bakalavr yo‘nalishida 4 yil davom etadi, universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonda hamda xorijda ish faoliyatini olib boruvchi xalqaro diplom beriladi.
Shuningdek, universitet advokatlik va sud sohasidagi kadrlarni tayyorlashda qator yuridik yo‘nalishdagi universitetlar bilan hamkorlik qiladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 8250 nafar fuqaroga bir nafar advokat to‘g‘ri keladi. Xorijiy mamlakatlarda esa bir nafar advokatga – AQShda 256 nafar, Italiyada 260 nafar, Germaniyada 500 nafar, Ozarboyjonda 667 nafar, Niderlandiyada 900 nafar, Fransiyada 1403 nafar, Qozog‘istonda 4000 nafar fuqaro to‘g‘ri keladi.
Mavzuga oid
20:45 / 12.11.2024
Angliyada birinchi akkumulyatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U soatiga 120 km tezlikka chiqdi
18:15 / 12.11.2024
Buyuk Britaniya mudofaa ehtiyojlari uchun yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarishni qayta tiklashi mumkin
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
00:46 / 10.11.2024