The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
Kiyev Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer lavozimga kirishganiga to‘rt oydan oshganiga qaramay, hozirga qadar Ukrainaga tashrif buyurmaganidan ranjimoqda.
O‘tgan yozda Buyuk Britaniyada Leyboristlar partiyasi hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Kiyev va London o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Bu haqda yuqori martabali ukrainalik amaldorlar The Guardian’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer lavozimga kirishganiga to‘rt oydan oshganiga qaramay, hozirga qadar Ukrainaga tashrif buyurmaganidan ranjigan. Shu bilan birga, Ukraina Starmer Storm Shadow raketalari zaxirasini to‘ldirishga va’da bermasa, uning ehtimoliy tashrifidan ma’no ko‘rmayapti.
«Uning turist sifatida kelganidan ma’no yo‘q. Biz avgustdan beri Starmerning ehtimoliy tashrifini muhokama qildik. Turli sanalar taklif qilindi, ammo ularning birortasi amalga oshmadi. U tashrifni bir necha bor qoldirdi», — deydi Ukraina prezidenti administratsiyasidagi yuqori martabali amaldorlardan biri.
Kiyev Rossiya armiyasi sharqiy frontda jadallik bilan olg‘a siljishi fonida Buyuk Britaniyadan harbiy yordam kelmayotganidan norozi. Ukrainalik komandirlarning ma’lum qilishicha, ular jang maydonida dushmanga imkoniyatni boy bermoqda. Ukrainaning Buyuk Britaniyaga asosiy e’tirozi shundan iboratki, mamlakat o‘z zaxiralaridan qo‘shimcha raketalar yetkazib bermayapti.
Vaziyatdan xabardor yana bir ukrainalik manbaga ko‘ra, Fransiya va Buyuk Britaniyadan yetkazib berilayotgan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar soni 2023 yilga qaraganda kamaygan. Ukrainalik harbiylarning ta’kidlashicha, Storm Shadow yordamida oxirgi marta 5 oktyabr kuni Rossiya qo‘mondonlik punktiga zarba berilgan.
Starmer va Zelenskiy oxirgi marta noyabr boshida Budapeshtdagi sammitda uchrashgan edi. Britaniya bosh vaziri Londonning qo‘llab-quvvatlovi «o‘zgarmas» ekanini ma’lum qilgandi. Ukrainalik amaldorlarning qayd etishicha, Zelenskiy va Starmerning Vengriyadagi uchrashuvi raketalar yetkazib berish masalasida «hech qanday olg‘a siljishga» olib kelmagan.
Buyuk Britaniya AQSh va Germaniyadan keyin Ukrainaga eng ko‘p yordam ko‘rsatayotgan davlat hisoblanadi. Britaniya 2022 yildan beri 12,8 milliard funtlik yordam va’da qilgan bo‘lsa, ularning 5 milliardi — moliyalashtirish va gumanitar yordamlar uchun, qolgan 7,8 milliard funt — harbiy yordamdir.
Mavzuga oid
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024