Oldin retsepsiz dori sotishga qarshi samarali chora yo‘q edi, endi bor - Farmatsevtika agentligi
«Respublika farmatsevtika tarmog‘idagi islohotlarni chuqurlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori muhokamasiga oid matbuot anjumanida dori vositalari savdosini tartibga solishga to‘xtalib o‘tildi.
Bugun, 5 fevral kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, «Dori-darmon» AK mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda sohada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevning ma'lum qilishicha, hozir O‘zbekistonda umumiy dori vositalarining 45 foizi mahalliy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Ammo pulga chaqqanda, ya'ni umumiy aylanmadagi hissasi hisoblanganda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushi 20 foizga teng bo‘ladi. Qibray tumanida 42 gektar maydonda tashkil etilayotgan Farmatsevtika klasteri sohadagi muammolar, jumladan kadrlar masalasini ham bartaraf etishga mo‘ljallangan.
Tadbir davomida dori vositalari savdosini tartibga solishga to‘xtalib o‘tildi.
2019 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respubikasi prezidenti tomonidan imzolangan qarorga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan boshlab mulkchilik shaklidan qat'i nazar, respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomini retsept yozishda qo‘llash tartibi, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalari tomonidan qonun talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash maqsadida «Sirli xaridor» instituti joriy etiladi.
Agentlik Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i Muhabbat Ibragimova dori vositalarini retsept bilan sotishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimni tartibga solish uchun nimalar to‘sqinlik qilayotgani va ularni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilishi haqidagi savolga javob berdi.
«Oldin ham bunday urinishlar bo‘lgan, lekin bizda savdo qoidalarini buzgan dorixonalarga nisbatan samarali chora mexanizmlari yo‘q edi. Mazkur qarorga muvofiq endi har bir dorixonada kuzatuv kamerlari qo‘yiladi va ulardagi ma'lumotlar bir oy davomida saqlanadi. Qoidabuzarlarga ta'sir choralari ham jiddiy kuchaytirildi, birinchi qoidabuzarlikda 50 minimal jarima, keyingilarida ma'muriy va hatto jinoiy javobgarlik masalasi ko‘riladi», deydi u.
Mavzuga oid
23:22 / 18.12.2024
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga berilgan bojxona imtiyozlari 2028 yilgacha uzaytiriladi
21:24 / 23.11.2024
Olimlar bakteriyalardan yangi antibiotik yaratdi
17:57 / 19.11.2024
O‘zbekiston milliy regulyator organi ICH'ga kuzatuvchi maqomida rasman qabul qilindi
11:40 / 16.10.2024