Jamiyat | 20:44 / 07.02.2020
17725
6 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahri markazidagi 7 qavatli elit uyning birorta ham lifti ishlamaydi

Navoiy shahrining Mahmud Torobiy ko‘chasi 117-«A» uyda yashovchilar «ne-ne umidlar bilan Navoiydagi yagona «elitniy» ko‘pqavatli binodan uy sotib olgani-yu, birorta ham lifti ishlamasligi» yuzasidan murojaat qilishdi.

Taajjublanarli holat: Qanday qilib yangi uylarda barcha lift ishlamasligi mumkin? Quruvchining o‘zi bilan uchrasholmadik, bu savolga aholi vakillari javob berishdi. Ma'lum qilinishicha, yangi uyga 1970-yillardan qolgan yaroqsiz liftlar o‘rnatilgan ekan.

Shu uyda yashovchi S.Aslonovning ma'lum qilishicha, xonadon sohiblari uy foydalanishga topshirilgan vaqt — 2016 yildan beri sohaga aloqasi bor barcha idoralarga murojaat qilib ko‘rgan. Eng so‘nggi murojaatga javoban Navoiy viloyat monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari ahvolni o‘rganib, liftlar avval boshdan eski va yaroqsiz bo‘lganini ma'lum qilgan. Murojaatchilar quruvchilar qayerlardadir vazifasini bajarib bo‘lgan liftlarni yangi uyga ko‘chirib kelishganini aytishmoqda.

Salkam to‘rt yil davomida ayniqsa 6-7 qavatlarga chiqib tushish oson emas, albatta. Shu sababdan aholi viloyat hokimligi, prokuratura va boshqa organlarga murojaat qilib kelgan. Ularning deyarli barchasiga bir xil mazmunda, «O‘rganib chiqildi, haqiqatan ham liftlar ishlamaydi...» qabilida javob qaytavergan.

Bu kabi masalalar bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan Navoiy viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ham xuddi shu mazmunida javob bergan.

Xonadon sohiblari muammoni o‘zlari hal qilishga ham urinib ko‘rgan, yuqori qavatlarda yashovchilarning aytishicha, ular o‘zlari bir necha marta mutaxassislar olib kelib holatni ko‘rsatishgan. Mutaxassislar esa liftning yaroqsizligi yetmaganidek, uning shaxtasi ham noto‘g‘ri qurilgani, yangi lift olib kelib o‘rnatgan taqdirda ham ishlatib bo‘lmasligini aytishgan. Bu har holda yashovchilarning fikri. Agar rost bo‘lsa, Navoiy markazidagi «yangi va shinam» ko‘p qavatli uyda hech qachon lift ishlamaydi. Bu holatni shuncha tashkilot, hatto prokuratura ham o‘rgangan, ammo huquqiy baho berilmagan.

Aholining sabriga ham qoyil qolish kerak. Agar sohaga javobgar yuqori lavozimdagilardan biror kishi ikki marta 7-qavatga piyoda chiqib tushsa «dodlab» yuborishi aniq. Bu uydagi 150ta xonadonning dodini esa 2016 yildan beri birov eshitmaydi, eshitsa-da...

Aslida bu uyda yana qator muammolar bor: Uyning tom qismidan yog‘ingarchilik kunlari suv o‘tadi. Ammo bu uyga xizmat ko‘rsatadigan shirkat uni bartaraf etolmaydi. Chunki uyning chordoq qismi ham kvartira sifatida sotib yuborilgan. Buning ham yechimi oson emas. Allaqachon yo‘laklar ham ta'mirtalab bo‘lib qolgan.

Xullas, muammo ko‘p. Uy-joy mulkdorlari shirkati esa, tom qismi va lift qurilmalari sifatsiz, noto‘g‘ri o‘rnatilgani sababli hali ham o‘z balansiga qabul qilmagan.

Quruvchi «Navoiy oltin voha» MChJ nima sababdan yangi uylarga eski liftlarni o‘rnatgan? Qaysi asosga ko‘ra, chordoq qismini ham kvartira shaklida sotib yuborgan. Endi shirkat qanday qilib xizmat ko‘rsatadi? Bu savollarga nafaqat qurilish korxonasidan, balki aholining o‘nlab murojaatlarini bitta javob xati bilan «yopib yuborgan» mutasaddi tashkilotlardan ham javob kutamiz albatta.

O‘rganish yakuniga yetib, endi qaytar chog‘imiz, shu uydagi xonadonlarga kirib yurgan hamshira opa bizni to‘xtatdi:

«Shu «pod'yezd»da yuqori qavatdagi ikki yosh go‘dak bemorim bor. Ularga dori, ukol emas, toza havo, har kuni ikki mahal piyoda sayr kerak. Yosh ona esa ularning aravachasini 7-qavatdan ko‘tarib tusholmaydi. Qanday qilsin ular lifsiz? Umuman zo‘riqish mumkin bo‘lmagan kasalliklar bor. Agar biror kishining jiddiyroq tobi qochib qolsa nima bo‘ladi? Qachongacha kimningdir, uzrku-ya, zinalarda o‘lib ketishini kutish kerak?», — deydi hamshira.

Ushbu maqola maqola tayyorlash jarayonida qurilish korxonasi – «Navoiy oltin voha» MChJ vakili O.G‘aybullayev muammo bo‘yicha izoh berdi.

«Liftlar o‘rnatish masalasida korxona Samarqanddagi firma bilan shartnoma qilganmiz, ular o‘rnatgan. Aholining liftlarni 1972 yilda ishlab chiqargan deganiga qo‘shilmayman, 2011 yil ishlab chiqarilgan. Mazkur liftlar, o‘rnatilgan vaqtdan beri uch yil ishladi. Oxirgi bir yilda sertifikati bo‘lmagani uchun to‘xtatilgan. Hozir ham ishchi holatda turibdi. Faqat sertifikati bo‘lmagani uchun «Sanoatgeokontexnazor» ishlatishga ruxsat bermayapti. Uyning chordoq qismi uy qilib sotilgan, ammo suv o‘tib ta'mirtalab bo‘lib qolgan joylarni o‘zimiz ta'mirlab berganmiz. Uy 2012 yil topshirilgan. Ta'mirtalab joylar shuncha vaqtda bo‘lishi mumkin, yashovchilar qoida bo‘yicha o‘zlari qilishi kerak. Uyni hokimlik va boshqa tegishli tashkilotlar rasman qabul qilib olgan. Hozirda tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda va yilning birinchi choragida sertifikat olib liftlarni ishlatamiz», — dedi u.

Korxona vakilining izohi mana shu – liftlar ishchi holatda va faqat sertifikat kerak. Aholi esa liftlarni yaroqsiz deyapti. Hokimlik va tegishli idoralar ham lift va uyning tom qismi sifatsiz o‘rnatilgan, demoqda. Xullas, ma'lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.

Kim haq, kim nohaq? Buni aniqlaydigan idoralar bor. Bizga eng muhimi – 150ta xonadonning muammosiga yechim topilishi. Kutamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV, G‘ayrat YO‘LDOSh (foto)

Kun.uz muxbirlari.

Mavzuga oid