O‘zbekiston | 19:26 / 03.07.2024
3063
5 daqiqa o‘qiladi

Lift importi yuzasidan hukumatga takliflar berilgan - Raqobat qo‘mitasi

Takliflar orasida vakolatli organ tomonidan importyor korxonalarning bekor qilingan muvofiqlik sertifatlarini istisno tariqasida tiklash, liftlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlik sertifikatini berish bo‘yicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish masalalari ham bor. Avvalroq lift importi sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yilgan, shu sabab xorijdan olib kelingan lift va eskalatorlar bojxona omborlarida qolib ketayotgani xabar qilingandi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda lift importining sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yilishi atrofidagi xabarlarga Raqobat qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mita lift va lift mahsulotlarini importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qiynayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilganini bildirgan.

“Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan chop etilgan bir guruh tadbirkorlarning mazkur murojaatiga asosan, lift va lift uskunalarini import qilishda vujudga kelayotgan muammolar vakolat doirasida o‘rganib chiqilganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

“Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasining xabariga ko‘ra, lift uskunalariga 3-chizma asosida berilgan muvofiqlik sertifikatlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 oktyabrdagi 801-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga kiritilgan qo‘shimcha talablarga asosan bekor qilingan. Shuningdek, “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasining mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi faoliyati davriy baholash natijalariga ko‘ra vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Biroq, liftlarning xavfsizligiga doir qo‘shimcha talablar saqlab qolinganligi, ishlab chiqarish jarayoniga (3-chizma bo‘yicha) berilgan 17 ta muvofiqlik sertifikatlarining amal qilishi to‘xtatilganligi sababli importyor korxonalar tomonidan bugungi kunda respublika hududiga olib kelingan lift va eskalator uskunalar omborlarda qolib ketmoqda”, deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan lift va lift mahsulotlarini importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qiynayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga quyidagi takliflar kiritilgan:

  • vakolatli organ tomonidan bekor qilingan 17 ta muvofiqlik sertifatini istisno tariqasida tiklash choralarini ko‘rish;
  • mavjud bo‘lgan sinov laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun(lift, lift uskunalari va eskalatorlarni sinovdan o‘tkazish sinov uchun zarur bo‘lgan sinov minoralari va asbob-uskunalarni olib kirish) chet-el grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rish;
  • liftlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlik sertifikatini berish bo‘yicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish choralarini ko‘rish;
  • sertifikatlash jarayonida bir shartnoma doirasida olib kelinayotgan marka va modeli bir xil bo‘lgan lift tovarlarini faqatgina bir nusxasini sinovdan o‘tkazish orqali ularga bitta muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish amaliyotini joriy qilish.

Lift muammosi qanday kelib chiqdi?

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, lift import qiluvchi tadbirkorlar 20 martdan boshlab tovarlarini bojxonada o‘tkaza olmay qolgan, chunki ularga berilgan muvofiqlik sertifikatlari kutilmaganda bekor qilingan. Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi mas’ullari buni liftlarga qo‘yiladigan talablar o‘zgarayotgani bilan izohlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi akkreditatsiyasining amal qilishi to‘xtatilgan va shu sabab muvofiqlikni baholash bo‘yicha faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organi mavjud emas.

Bu – tadbirkorlar murojaatidan keyin Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining o‘rganishlarida ma’lum bo‘lgan.

Import to‘xtatilgunga qadar “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi respublikada sanoat mahsulotini (lift, eskalator, gazballon, isitish qozonlari) sertifikatlashtirish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan yagona organ hisoblangan. Keyinroq uning akkreditatsiyasi bekor qilingan. Ammo nima sababdan bekor qilinganiga Senatning xabarida oydinlik kiritilmagan.

Aniqlanishicha, bojxona omborlarida 47 ta korxona tomonidan olib kelingan, qiymati 9,5 mln dollar bo‘lgan 332 ta lift va eskalator nazoratda turgan.

Oldinroq Senat aralashuvi bilan bojxonada qolib ketgan liftlar chiqarilgani, lekin muammo hal bo‘lmagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid