Tramp xorijiy rahbarlar bilan telefon suhbatlarini maxfiylashtirib qo‘yishi mumkin
Oq uy xodimlari ko‘p yillar davomida suhbatlarni tinglash bilan shug‘ullangan, ammo AQSh prezidenti «bu amaliyotni butunlay to‘xtatishi mumkinligi»ni ma'lum qildi. Xususan, u suhbatlarning tafsilotlari matbuotga oshkor bo‘lganidan norozi
AQSh prezidenti Donald Trampning iHeart radiostansiyasiga intervyuda ma'lum qilishicha, o‘z ma'muriyati xodimlariga xorijiy davlatlar rahbarlari bilan telefon suhbatlarini tinglashni taqiqlab qo‘yishi mumkin.
«Bu ular ko‘p yillar davomida qilgan ish. Boshqa davlatlar rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilganingda, odamlar suhbatni eshitadi», - dedi Tramp (Bloomberg’dan iqtibos). Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, u «bu amaliyotni butunlay to‘xtatishi mumkin».
Trampning boshqa davlatlar yetakchilari bilan telefon orqali so‘zlashuvlari Oq uydagi milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchilar, shuningdek, Davlat departamentining yuqori lavozimli mulozimlari va razvedka idoralari tomonidan doimiy ravishda kuzatib boriladi. AQSh prezidenti so‘zlariga ko‘ra, uning suhbatlarini 25 nafargacha kishi tinglaydi.
Agentlikning ta'kidlashicha, bu hukumatdagi amaldorlar Tramp muhokama qilayotgan mavzulardan xabardor bo‘lib turishi uchun qilinadi. Bundan tashqari, suhbatlarni tinglash prezident manfaati yo‘lida ham amalga oshirilishi mumkin, ayniqsa, agar ularning yakuniga ko‘ra xorijiy davlatlar asl ma'noni buzadigan hisobotlarni e'lon qilsa. Ammo Tramp suhbatlar tafsilotlari matbuotga oshkor bo‘lganidan noroziligini bildirdi.
O‘tgan yilning dekabr oyida CNN Oq uydagi manbalarga tayanib, Trampning maslahatchilari xorijiy yetakchilar bilan telefon suhbatlarni tinglashga ruxsat berilgan ma'muriyat xodimlari sonini cheklab qo‘ygani haqida xabar berdi. Agentlik manbasi ta'kidlashicha, bu choralar ma'lumot sizib chiqishining oldini olish uchun qilingan. Telekanal suhbatdoshlari o‘zgarishlarni hazil bilan «Vindman qoidasi» deb atashdi - 2019 yil iyul oyida Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon muloqotiga guvoh bo‘lganlardan biri podpolkovnik Aleksandr Vindman sharafiga.
Ushbu suhbat Trampga nisbatan impichment jarayonining boshlanishiga sabab bo‘ldi. Suhbat davomida u Kiyevdan Xanter Bayden (sobiq vitse-prezident, Trampning saylovlardagi ehtimoliy raqiblaridan biri Jo Baydenning o‘g‘li)ga qarshi tergov boshlashni so‘ragan. Demokratlarning fikriga ko‘ra, prezident o‘z siyosiy maqsadlariga erishish uchun shu tarzda Zelenskiyga bosim o‘tkazgan.
Shu yilning yanvar oyida impichment to‘g‘risidagi ish senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi. Prezident vakolatlarni suiiste'mol qilganlik hamda Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yish bilan bog‘liq kongress ishiga to‘sqinlik yaratishda ayblandi. 6 fevral kuni Tramp har ikki band bo‘yicha ham oqlandi.
Mavzuga oid
15:44
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
14:22
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024