Jahon | 14:22 / 13.11.2024
2556
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda

Pxenyan tomonidan Rossiya Qurolli kuchlariga yordam berish uchun yuborilgan shimoliy koreyaliklarning aksariyati Kursk oblastiga jo‘natildi va u yerda «Rossiya Qurolli kuchlari bilan birgalikda jangovar harakatlarda qatnasha boshladi», dedi Davlat departamenti vakili.

Foto: picture-alliance/Newscom

Shimoliy Koreya askarlari hozirda Rossiya qo‘shinlari bilan birga Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda. 12 noyabr, seshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel Pxenyan tomonidan Rossiya sharqiga yuborilgan 10 mingdan ortiq qo‘shinning asosiy qismi Kursk oblastiga jo‘natilganini xabar qildi. U yerda Shimoliy Koreya askarlari «Rossiya Qurolli kuchlari bilan birgalikda jangovar harakatlarda qatnasha boshladilar», dedi u.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir hafta oldin Shimoliy Koreya askarlari allaqachon Kursk oblastida Ukraina armiyasiga qarshi jangovar harakatlarda qatnashganini aytgan edi. KXDRning 11 ming askari hozirda Kreml qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Kurskda bo‘lib turibdi va ular orasida «talafot ko‘rganlar ham bor», deb yozgan Zelenskiy.

Putin Kursk oblastini Tramp inauguratsiyasigacha qaytarmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil 20 yanvarda Donald Trampning AQSh 47-prezidenti sifatida inauguratsiyasi oldidan bir qismi Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) tomonidan bosib olingan Kursk oblasti ustidan nazoratni qaytarib olmoqchi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph gazetasi 11 noyabr kuni yozgan. Bunday qadam Moskvaga har qanday tinchlik muzokaralariga kuchliroq pozitsiya bilan kirishga imkon beradi, deydi G‘arb diplomatlari. Nashrning yozishicha, Rossiya armiyasi 6 avgustdan beri Ukraina kuchlari tomonidan bosib olingan hududning qariyb yarmini allaqachon nazoratga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Bir kun avval Amerikaning The New York Times gazetasi xabar berishicha, umumiy soni 50 ming kishidan iborat Rossiya va Shimoliy Koreya harbiylari guruhi Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda. Janubiy Koreya va AQShning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun KXDRdan Rossiya Federatsiyasiga 8 mingdan 12 minggacha harbiy xizmatchi olib kelingan.

KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi

11 noyabr kuni Shimoliy Koreya Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qildi. Tegishli hujjatni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In imzoladi, deb xabar bermoqda Pxenyan markaziy axborot agentligi. Rossiya uni ikki kun oldin ratifikatsiya qilgan.

Boshqa narsalar qatorida, bitim tomonlardan biri biron-bir davlat tomonidan qurolli hujumga uchrasa va shu tariqa urush holatiga tushib qolsa, bir mamlakatdan boshqasiga «barcha vositalar bilan» harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid