Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining asosiy vazifalari belgilandi
Agrar va oziq-ovqat sohalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilindi
Prezident “Agrar va oziq-ovqat sohalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatda qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan.
Quyidagilar bosh vazir o‘rinbosarining asosiy vazifalari etib belgilandi:
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirishni tashkil etish va ta'minlash;
qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish va yanada rivojlantirish, unga zamonaviy menejment mexanizmlarini joriy etish, sohani raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish;
sohaga aloqador vazirlik va idoralarni klasterlar, kooperatsiyalar va fermer xo‘jaliklariga yer holatini aniqlash, ekin turlari, urug‘ va navlarni to‘g‘ri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, mahsulotni sotish bozorini topish bo‘yicha zamonaviy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga aylantirish;
qishloq xo‘jaligi sohasiga bozor mexanizmlarini keng joriy etish, paxta va g‘allachilikda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilib, sohaga xususiy sektorni to‘liq olib kirish, klasterlar, kooperatsiyalar va fermerlikni rivojlantirish, sohada davlat ishtirokini kamaytirish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining laboratoriya tekshiruvi va sertifikatlash tizimini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish, savdo infratuzilmasi va agrologistika markazlarini tashkil qilish;
xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay agrobiznes muhitini yaratish;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini va iste'mol ratsionini yaxshilash, talab etiladigan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ta'minlash;
bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaliklari, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi agrar sohaning muhim tarmoqlarini yanada rivojlantirish;
agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy barqarorligini hamda sohani davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishini ta'minlash;
budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan agrar va oziq-ovqat sohasiga ajratiladigan mablag‘larning maqsadli ishlatilishini ta'minlash;
qishloq xo‘jaligi sohasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni qayta foydalanishga kiritish;
qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga ko‘maklashish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish;
qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati va ilm-fan sohasini tubdan isloh qilish, ta'lim va maslahat xizmatlarini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, urug‘chilik va naslchilik maktablarini yaratish, ilg‘or innovatsion ishlanmalarni keng joriy etish.
Mavzuga oid
11:31 / 18.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda oziq-ovqat va asbob-uskunalar ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqyapti
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024