Qanday qilib ish beruvchi zarar ko‘rmasligi va bunda mehnat qonunchiligini buzmasligi mumkinligini so‘rab Buxgalter yuridik fanlari nomzodi, Mehnat kodeksi mualliflaridan biri Mixail Gasanovga murojaat qildi.

 - Koronavirus bilan bo‘lgan vaziyat biznes uchun – fors-major. Shu asosda xodimlarni haq to‘lanadigan yoki haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarish, ularning ish vaqtini qisqartirish yoki ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash choralar ko‘rish mumkinmi?

 Fors-major — yuridik konsepsiya, unga muvofiq shartnoma tarafi favqulodda va yengib bo‘lmas kuch holatlari ro‘y berganda uni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan xalos bo‘lishi mumkin.

 Fuqarolik kodeksida shunday holatlarga bag‘ishlangan norma mavjud. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda fors-major tufayli majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Ushbu normani aytaylik, ish beruvchi korxona va ishlarni bajaruvchi jismoniy shaxs o‘rtasida tuzilgan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomaga qo‘llash mumkin.

 Mehnat qonunchiligi esa ish beruvchining xodim oldidagi majburiyatlarini bajarishni to‘xtatib turish imkoniyatini beradigan qandaydir normalarni nazarda tutmaydi.

 Ish beruvchi Mehnat kodeksi va mehnat to‘g‘risidagi boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan xodimlarning huquq va manfaatlariga rioya qilishi lozim. Shu bois masalan, xodimlarning roziligini olmasdan ish beruvchining tashabbusi bilan ularni masofadan ishlashga o‘tkazish, haq to‘lanadigan ta'tilga (qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno) – yoki ish haqi saqlanmaydigan ta'tilga chiqarish, to‘liq bo‘lmagan ish vaqtini o‘rnatish mumkin emas.

 Saqlanib qolayotgan mehnat sharoitlarida ish haqini kamaytirish yoki uning to‘lanishini kechiktirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mehnat shartnomasining bekor qilinishida xodimga foydalanilmagan asosiy va qo‘shimcha ta'tillar uchun kompensatsiya, shuningdek ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lashdan, qachonki MK bunday majburiyatni ish beruvchiga yuklaganda bosh tortish noqonuniydir.

 Ish beruvchi xodimlarga nisbatan faqat mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan yoki unga zid bo‘lmagan choralarni ko‘rishga haqli. U qonunda nazarda tutilgan barcha taomillarga rioya qilishi darkor.