Jahon | 13:19 / 09.04.2020
16286
7 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy turg‘unlik yillarida asos solingan 13 kompaniya

Hozirda ko‘pchilik shaxsiy biznesga asos solish masalasini noaniq muddatga ortga surmoqda. Biroq tarixdan ma'lumki, iqtisodiy inqirozlar vaqtida ham muvaffaqiyatli kompaniya paydo bo‘lishi mumkin. Quyidagi 13ta kompaniya buni tasdiqlaydi.

General Electric

Asos solingan yil: 1892

2019 yildagi tushum: 95,2 mlrd dollar

Tomas Edison biznesni biroz ilgariroq yo‘lga qo‘ygan. U 1880-yillardagi bir necha inqirozlarni yengib o‘tgan. Biroq General Electric 1893 yil sarosimasidan (AQShdagi ishbilarmonlik faoliyati deyarli 40 foizga tushgan 16 oylik davr) oldin paydo bo‘lgan. Shunga qaramay, General Electric inqirozni yengish va 1896 yilda Dow Jones Industrial Average indeksiga kiritilgan 12ta ilk kompaniyadan birinchisiga aylanishga muvaffaq bo‘lgan.

General Motors

Asos solingan yil: 1908

2019 yildagi tushum: 137,2 mlrd dollar

1800-yillar so‘ngida General Motors asoschisi Uilyam Dyurant hali ham ot ekipajlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanar edi. 1904 yilda o‘sha vaqtlari yangi bo‘lgan avtosanoatga o‘tishga qaror qildi va Buick Motor Company kompaniyasini xarid qildi. Biroq 1908 yilning boshida, ya'ni 1907 yildagi 13 oylik saromisa tufayli 30 foizlik inqirozning o‘rtasida Dyurant GM’ni holdingga aylantirdi va avtomobil ishlab chiqaruvchilarni sotib oldi. Bu strategiya muvaffaqiyatga erishdi va GM dunyoning yirik korporatsiyalari qatoriga kirdi.

IBM

Asos solingan yil: 1911

2019 yildagi tushum: 77,1 mlrd dollar

Foto: REUTERS

IBM’ga Charlz Flint tomonidan 1911 yilda CTR (Computing Tabulating Recording) nomi ostida asos solingan. Kompaniya ikki yillik inqirozning o‘rtasida biznes uchun qurilmalarni sotishni boshlagan. Sanoat sur'atining pasayishi ikki xonali sonda aks etayotgan bir vaqtda CTR nafaqat «jon saqlab qoldi», balki muvaffaqiyatga erishdi. Keyinroq kompaniyaga IBM nomi berildi va u raqamli inqilobni qo‘llab-quvvatlab, texnologiyalar sohasidagi milliardlab dollar ishlab topgan yetakchiga aylandi.

Disney

Asos solingan yil: 1929

2019 yildagi tushum: 69,6 mlrd dollar

1928 yilda aka-ukalar Uolt va Roy Disney «Villining kemasi» nomli qisqa metrajli animatsiya bilan Mikki Mausni dunyoga tanitishdi. 1929 yilda ular to‘rt yillik «Buyuk turg‘unlik» avj olgan bir vaqtda Walt Disney Productions kompaniyasiga asos solishadi. Aka-ukalar bunday paytda tabassum Amerikaga har qachongidan ham ko‘proq zarur ekanini tushunishardi. Ular shu darajada muvaffaqiyatga erishdilarki, « Buyuk turg‘unlik » tugashi bilanoq ilk to‘liq metrajli lenta «Oppog‘oy va yetti gnom» ustida ish boshlashdi.

HP

Asos solingan yil: 1939

2019 yildagi tushum: 58,8 mlrd dollar

1937-1938-yillardagi turg‘unlik «Buyuk turg‘unlik» bilan taqqoslaganda kichik hisoblanadi, lekin bu ham XX asrdagi eng yomon inqirozlardan biri bo‘lgan, masalan, o‘shanda AQSh YaIM ko‘rsatkichining tushishi deyarli 19 foizga yetgan. Shunga qaramay, aynan shu vaqtda Stenfordni endigina bitirgan Uilyam Hyulett va Devid Pakkard o‘zlarining Hewlett-Packard kompaniyalari uchun reja ishlab chiqishga qaror qilishadi. Inqiroz oqibatlarini hali ham his qilgan holda ular 1939 yilnin 1 yanvar kuni dunyodagi asosiy elektronika ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan kompaniyalardan biriga asos solishadi.

Hyatt

Asos solingan yil: 1957

2019 yildagi tushum: 5 mlrd dollar

1958 yildagi turg‘unlikdan ikki oy o‘tgach, tadbirkor Jyey Pritsker Los-Anjyeles xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan Hyatt House motelini sotib oldi. Ishbilarmonlik faoliyati va sayohatlar soni kamayganiga qaramay, Pritsker o‘z ishini davom ettirdi va 1960 yilda yana ikkita mehmonxona ochadi. Vaqt o‘tishi bilan mehmonxonalarning soni deyarli 900taga, kompaniya tushumi esa 5 mlrd dollarga yetadi.

Trader Joe's

Asos solingan yil: 1958

2019 yildagi tushum: 13,3 mlrd dollar

Foto: Getty images

1958 yildagi turg‘unlik vaqtida tug‘ilgan yana bir biznes Janubiy Kaliforniyadagi Pronto Markets brendi ostida ish boshlagandi. Kompaniya asoschisi Jo Kulomb Karib orollaridagi ta'tilidan qaytgach, iste'molchilar xorijiy oziq-ovqat mahsulotlariga qiziqishayotgani va do‘konlardan ularni izlashlariga e'tibor qaratadi. G‘oya o‘zini oqlaydi va Kulomb biznesi tez sur'atlarda rivojlanadi. 1979 yil tadbirkor o‘z biznesini nemis milliarderi Teo Albrextga sotadi.

FedEx

Asos solingan yil: 1971

2019 yildagi tushum: 65,5 mlrd dollar

FedEx asoschisi Fred Smit Yyel universitetidagi o‘quv loyihasi doirasida yuklarni bir manzildan olib, boshqa manzilgacha yetkazishning tezkor va ishonchli konsepsiyasini ishlab chiqadi. U 1969-1970 yillardagi turg‘unlik davrida o‘z kompaniyasiga asos soldi. Turg‘unlik davri uzoq davom etmagan va mo‘'tadil kechgan bo‘lsa ham avvaliga Smit biznes hamjamiyatga xizmatning yangi turini sotishda jiddiy muammolarga duch keladi. Sinalmagan yetkazib beruvchiga hech kim o‘z pulini sarf qilishni istamasdi. Shunga qaramay, u to‘siqlarni yengib o‘tadi va tarmoqni rivojlantirishda davom etdi. 2019 yilda FedEx kuniga 6 milliondan ortiq jo‘natmalarni yetkazib berdi.

Microsoft

Asos solingan yil: 1975

2019 yildagi tushum: 125,8 mlrd dollar

1973 yilda fond bozorining qulashi bilan kechgan neft inqirozi 16 oylik turg‘unlikka olib keldi. AQSh YaIMi 20 yil ichidagi eng kuchli zarbani boshdan kechirdi. Biroq bu Bill Geyts va Pol Allenga turg‘unlik rasmiy yakunlanganidan bir necha kun o‘tgach, 1975 yil 4 aprelda ochilgan Microsoft kompaniyasida dasturiy ta'minot ishlab chiqilishini yo‘lga qo‘yishga xalaqit qilmadi. 1986 yilda Microsoft IPO o‘tkazdi. Natijada uch milliarder va 12 ming millioner kishilar paydo bo‘ldi.

Electronic Ars

Asos solingan yil: 1982

2019 yildagi tushum: 4,5 mlrd dollar

1979 yildagi energetika inqirozi sababli yuzaga kelgan 1981-1982 turg‘unlik yillari AQShda ishsizlik bo‘yicha o‘n yillikdagi eng yomon ko‘rsatkichga duchor qildi. Biroq bu Trip Hokinsga Apple kompaniyasidan ishdan bo‘shab, Electronic Ars nomi ostidagi soft ishlab chiqaruvchisiga asos solishga to‘sqinlik qilmadi. Kompaniya tez o‘sdi va uy kompyuterlari hamda ko‘ngilochar tizimlar bozori uchun o‘yinlar yetkazib beruvchi, 10 ming xodimga ega va yillik tushumi 4 mlrd dollardan ko‘p bo‘lgan ilg‘or kompaniyaga aylandi.

Salesforce, Google va Facebook

Bu kompaniyalar turg‘unlik yillarida emas, yirik iqtisodiy inqirozlardan oldinroq ochilgan: Google (1998) va Salesforce (1999) — .com domeni pufaklari yorilishidan oldin, Facebook (2004) esa navbatdagi moliyaviy inqirozdan biroz avval. Ular inqirozni yengishga muvaffaq bo‘lishgan. 2019 yilda ularning yalpi tushumi 72,77 mlrd dollarga yetdi.

Mavzuga oid