«Hech kim e'tibordan chetda qolmasligi kerak» – Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markazidan reportaj
Respublika maxsus komissiyasining 30 martdagi qarori bilan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgan edi.
Markazda aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida 1197 qisqa raqamli koll-markaz tashkil etildi. Yagona aloqa markaziga Yoshlar ittifoqining ko‘ngilli yoshlari jalb etilgan bo‘lib, aholidan tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan ro‘yxatga olinmoqda.
Birgina Toshkent shahridagi koll-markazga jami 10 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, (1-kunda – 787 ta, 2-kunda – 1 190 ta, 3-kunda – 2057 ta), ushbu murojaatlar elektron dastur orqali har bir tuman bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlarga yuborilmoqda.
Tumanlardagi ishchi guruhlar a'zolari ma'lumotlarni umumlashtirib, manzilli ro‘yxat asosida aholi uchun zarur bo‘lgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari (un, guruch, kartoshka, yog‘, piyoz, makaron, shakar)ni 30ta Damas avtomashinasi orqali manzillariga yetkazmoqda.
Yagona aloqa markaziga murojaat qilgan shaxsning geografik lokatsiyasiga muvofiq, murojaat hududlardan biriga avtomatik yo‘naltiriladi. Masalan, Toshkent shahridan 1197 raqamiga murojaat qilgan shaxs poytaxtda tashkil etilgan markaz bilan bog‘lanadi.
Koll-markaz ko‘ngillilar guruhi koordinatori Kamola Safarovaning aytishicha, yoshlar har bir murojaatni diqqat bilan o‘rganib, muloqotdagi shaxsning ma'lumotlarini elektron bazaga kiritmoqda.
«Bu yerda ko‘ngillilar guruhi bo‘lajak shifokor-talabalardan tuzilgan. Chunki karantin davrida muntazam davolanishda bo‘lgan aholining dori-darmonga, tibbiy-gigiyenik vositalarga ham talabi bor. Bu masalada talabalar yaxshi ko‘makchi bo‘lmoqda. Ammo yuzaga kelgan murakkab vaziyatni biz ham yaxshi anglaymiz. Shunga qaramay, javob berish imkonsiz bo‘lgan savollar ham bildirilmoqda. Hozir o‘rnatilgan tartiblarga rioya qilib, barchamiz karantin davrini sabr bilan o‘tkazishimiz kerak», deydi u.
Markazda navbatdagi murojaatni bazaga kiritgan Eldor Shermatov Kun.uz bilan suhbatda faoliyatida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni gapirib berdi.
«Oziq-ovqatga ehtiyoji bo‘lib, murojaat qilgan odam o‘z yashash manzilini bilmaydi yoki ko‘chalarning sobiq nomini aytadi. Men bazaga buni kirita olmayman. Ma'lumotlarni oydinlashtirguncha, ko‘p vaqt yo‘qotilyapti.
Ayrimlar esa muloqot uchun atayin yoshi katta odamlarga go‘shakni beradi. Ular sekin gapirishi, savollarga aniq javob bermasligi hisobiga boshqa murojaatchilarga xizmat ko‘rsatish qiyin bo‘lyapti», dedi u.
Uning aytishicha, har bir murojaatni o‘rganib, oziq-ovqatni yetkazib berish uchun 1-2 kun o‘tadi. Shu vaqt oralig‘ida yana qayta murojaat etuvchilar ham uchramoqda.
«Bir marta yordam olgan odam keyingi 10 kun davomida murojaat qilishi mumkin emas. Negaki, ko‘rsatilgan yordam 10 kunga yetarli miqdorda taqsimlangan», deya qo‘shimcha qildi Eldor.
Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, karantinga qadar aholiga moddiy yordam yashash turmush tarzini o‘rganib, oilaviy sharoitidan kelib chiqib belgilangan bo‘lsa, ayni paytda 1197 qisqa raqamiga murojaat etuvchining moddiy ahvoli, oilaviy sharoiti surishtirilmaydi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning bildirishicha, vaziyatning murakkabligi shundaki, shu paytga qadar daromad qilib, biror yumush bilan band bo‘lgan aholi ham karantin qoidasini buzishga haqqi yo‘q.
«Markazni tashkil etishdan maqsad ham shu: kimdir iymanib yordam olishga uyaladi, boshqa oila shijoat bilan oladi. Yakka tartibdagi xayriya ishlari karantin qoidalariga zid keladi. Xayriyachining turli xonadonlarga kirib borishi, maxsus himoya kiyimlarisiz bo‘lishi vaziyatni og‘irlashtiradi.
Shuningdek, aholi jamiyat g‘amxo‘rligiga muhtoj ekan, hech kim davlat nazaridan chetda qolmasligi lozim», dedi u.
Tartibga ko‘ra, aholiga un, guruch, kartoshka, yog‘, piyoz, makaron, shakar cheklangan miqdorda yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, homiylarning xayriya mablag‘lari evaziga tovuq go‘shti va tuxum ham tarqatilmoqda. Ayrim paytlarda shirinliklar, sariyog‘ va boshqa ne'matlar ham savatchaga qo‘shilyapti.
Bularning barchasi homiylar qo‘shadigan mablag‘ga bog‘liq. Shunga qaramay, 7 turdagi oziq-ovqat har bir savatda bo‘lishi davlat tomonidan ta'minlangan.
Keltirilgan kartoshkani taqsimlayotgan ko‘ngilli Abdurahmon Fozilovdan ish ustida fikrlarini so‘radik.
«Kartoshkani tarozida o‘lchab, birovning haqqi qolib ketmasligiga intilyapmiz. Mahsulotning yaroqsiz, chiriganlari olib tashlanyapti. Imkon qadar xalqimizni xursand qilish uchun beminnat xizmatdamiz», deydi u.
Markazga keltirilayotgan oziq-ovqatni taqsimlash va qadoqlashdan tashqari, ko‘ngillilar guruhiga tushlik tayyorlab tarqatayotgan «Mehrli qo‘llar» guruhi a'zolari ham ish bilan band.
Markazda biz suhbatda bo‘lganlarning barchasi aholini karantin davrida iloji boricha uydan chiqmay, kasallik tarqalishiga qarshi kurashishda jipslashishga chaqirib qoldi. Agar uyda qolib, kimdir ovqatga muhtojlik sezsa, ular hech ikkilanmay yordam berishga tayyor.
Reportajni yakunlarkanman, bir o‘y-fikr tinmay charx ura boshladi. Markazga murojaat etib, muhtojlikda oziq-ovqat so‘rash tilamchilik yo boqimandalik sanalmaydi. Bu – bugunning talabi. Garchi yo‘lovchi tashib, kunlik daromad qilgan bo‘lsangiz ham, do‘kon ochib savdolar yurishib turgan bo‘lsa-da, endi karantin tufayli bu ishlar vaqtincha to‘xtatilgan. Bir xalq bo‘lib, karantinda o‘tirishga majburmiz, lekin hech qachon davlat va jamiyat e'tiboridan chetda emas.
Alisher Ro‘zioxunov.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
22:50 / 08.10.2024
Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan marafon uch oyda 378 ming yevro to‘pladi
13:08 / 31.08.2024
AQShda shahar hokimiyati 12 yoshli bolaning xayriya do‘konini yopdi. Aholi bola uchun 20 ming dollar yig‘ib berdi
08:23 / 20.08.2024
O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
13:19 / 03.07.2024