Jamiyat | 19:41 / 11.04.2020
8569
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari «Coronavirusyordam» boti orqali aholi murojaatlariga javob bermoqda

Mart oyi oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Coronavirusyordam» onlayn telegram bot kanali qisqa vaqt ichida 83 mingdan ortiq fuqaroning murojaatini qabul qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Sog‘liqni saqlash vazirligi UZINFOCOM yagona integratori bilan hamkorlikda «coronavirusyordam» Telegram-botini ishga tushirgan edi. Uning maqsadi bugungi epidemiologik vaziyatda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini samarali va to‘g‘ri tashkil qilish, fuqarolarning koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq barcha savollariga to‘laqonli hamda ishonchli javob berishdan iborat.

Botda aholi tomonidan ko‘p berilayotgan savollar to‘plami va ularga malakali mutaxassislar tomonidan tayyorlangan javoblar qulay shaklda joylashtirilgan. Bundan tashqari, fuqarolar operatorlarga savollar yo‘llab, ulardan yozishma orqali javoblar olishmoqda. Bot-maslahatchi o‘zbek va rus tillarida yuritilmoqda. Onlayn maslahatchi modulining 70ga yaqin tajribali shifokor, professor va o‘qituvchilardan iborat operatorlar guruhi uch smenada tun-u kun onlayn tartibida aholi tomonidan kelib tushayotgan barcha savollarga javob berishmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 31 mart kuni ishga tushgan telegram botga bugun, 11 aprel soat 15:00gacha 83 mingdan ortiq fuqaro kirgan. Ulardan 10 mingdan ortig‘i operatorlar bilan chat orqali bog‘langan va 18 mingdan ortiq savollarga javob olishgan. Qolganlar esa botdagi tayyor savol-javoblardan o‘zlariga kerakli ma'lumotlarni olishgan.

«Operatorlarning barchasi ish boshlashdan avval ular uchun tashkil qilingan seminarda maxsus tayyorgarlikdan o‘tishgan. Bugungi kunda eng ko‘p beriladigan savollar quyidagicha: viloyatlar yoki tumanlar kesimida kasallanganlik holati qanday, koronavirus infeksiyasiga uchragan insonda kasallikning belgilari qanaqa bo‘ladi, COVID-19 tasdiqlangan holatlar karantindagilar ichidan aniqlanayaptimi yoki aholi orasidan, bemorlarning hozirgi ahvoli qanaqa va hokazolar.

Shuningdek, ijtimoiy sohaga oid savollar ham kam emas. Operatorlarimiz ularning barchasiga asoslangan javoblarni berishmoqda, kerak bo‘lganda, tegishliligi bo‘yicha savolga javob berish uchun mas'ul xizmatlarning telefon raqamlarini keltirishmoqda.

Fuqarolar hammasidan ham ko‘proq karantin kachon tugaydi, degan savolni berishlari tabiiy. Unga operatorlarimiz quyidagicha javob berishmoqda: bu pandemiyaga qarshi siz va biz birgalikda kurashishimizga bog‘liq, agar barchamiz karantin qoidalariga qatiy rioya qilsak, jahon tajribasiga ko‘ra, oxirgi kasallanganlik holati aniqlangandan keyin ikki hafta o‘tgach, karantin tugashi haqida e'lon qilinadi.

Maqsadimiz – fuqarolarni uyda o‘tirgan holatda ham kerakli ma'lumotlar bilan qurollantirish, shundagina ular vahimaga berilmay, kasallikka qarshi kurashda birdamlikka erishishimizda ko‘mak beradilar», deydi botni yuritish bo‘yicha ishchi guruh rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Boymuradov. 

Mavzuga oid