Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

­– Hozirgi pandemiyaning avvalgi epidemiyalar – qora o‘lat, vabodan farqi nimada?

– Joriy epidemiyani avvalgi qora o‘lat, vabo, ispan grippi kabi epidemiyalar bilan miqyosi, tarqalganlik darajasiga ko‘ra taqqoslab bo‘lmaydi. Biroq uning juda muhim o‘ziga xos jihati mavjud: u juda tez tarqaladi, gripp epidemiyasiga qaraganda [koronavirus sababli yuzaga keladigan] o‘lim darajasi nisbatan yuqori, unga qarshi hozircha vaksina yo‘q. Yana bir muhim jihati, kasallikning og‘ir davrida maxsus texnik vositalar kerak. Bu o‘pkani sun'iy nafas oldirish apparati va malakali shifokorlar.

Pandemiyaning ana shu xususiyatlari joriy inqirozning o‘ziga xos jihatlari, jamiyatning epidemiyaga hozirgi munosabatiga sabab bo‘ldi. Chunki kasallikning og‘ir davri boshlanganida sog‘liqni saqlash tizimiga o‘ta og‘ir yuk tushadi, kerakli apparat, tibbiyot xodimlari bo‘lmagani uchun haqiqiy gumanitar falokat yuzaga keladi. Davolash kerak bo‘lgan odamlar ko‘p. Shuning uchun kimning yashashi yoki kimningdir yashamasligini tanlashga to‘g‘ri keladi.

O‘z-o‘zidan, hukumat [ikkitadan bittasini] tanlashi kerak bo‘ladi: yo gumanitar falokat, yoki iqtisodiy inqiroz. Ko‘pchilik hukumatlar hozirda bizga kamroq tuyulgan muammo – iqtisodiy inqirozni tanlamoqda. Tabiiyki, iqtisodiyotga katta zarar keltiradigan choralar kiritilmoqda. Hozir yuzaga kelgan inqiroz – sodir bo‘lishi muqarrar, u ongli tanlov.

- Inqirozning hajmi qanday?

- Hozir buni aytish imkonsiz. Chunki biz karantin qancha davom etishi va iqtisodiyotga qanday ta'sir qilishini bilmaymiz. Faqat taxmin qilish mumkin, lekin bu hisob-kitoblar shartli.

– Inqirozning O‘zbekiston uchun xavfi nimada?

– Vaziyat maoshdan maoshgacha yashaydigan kambag‘al kishilar uchun juda xavfli. O‘zbekistonda 1-3 oy davomida yashash imkonini beruvchi jamg‘armaga ega bo‘lmagan odamlar juda ko‘p.

Ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, O‘zbekistonda taxminan 5,7 million kishi rasmiy sektorda band. Bu mamlakat mehnat resurslarining 30 foizi. Bundan taxminan yarmi budjet sohasida ishlaydi. O‘ylaymanki, davlat o‘z ishchilari haqida qayg‘uradi. Qolgan yarmi xususiy sektorda faoliyat yuritadi. Bu yerda barqaror pul ishlash imkoniyati bo‘lmasligi ham mumkin. Faoliyat yuritayotgan va o‘z ishini davom ettiradigan, yopilsa ham tez orada ochiladigan korxonalar. Ko‘p tashkilotlar esa uzoq vaqtga yopilishi mumkin.