O‘zbekiston | 22:03 / 17.04.2020
7218
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat shartnomalar bajarilmagan taqdirda biznes uchun «fors-major» rejimini joriy etishga qaror qildi

O‘zbekiston hukumati koronavirusning tarqalishi tufayli hukumat shartnomalar bajarilmagan taqdirda biznes uchun «fors-major» rejimini joriy etishga qaror qildi.

Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev 17 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.

“Dunyodagi epidemiologik vaziyat va O‘zbekistonda koronavirusning tarqalishi tufayli hukumat shartnomalar bajarilmagan taqdirda biznes uchun «fors-major» rejimini joriy etishga qaror qildi.

Koronavirus pandemiyasi va global inqirozning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining talablariga binoan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari sertifikatlarini berish topshiriladi. Sertifikatni bir kunda olish mumkin.

Eski hamkorlarni yo‘qotmaslikdan va yangi hamkorlarni topishgacha bo‘lgan konsultativ yordam berish maqsadida 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi eksportchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash Respublika shtabi tashkil etilgan. Shtab tomonidan, tadbirkorlarda tashqi savdo va investitsiya faoliyati barqarorligini ta'minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor yechimlar topish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deya Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun bankdan kredit olgan, pandemiya tufayli yetishtirgan mahsulotlarini eksport qilishda qiyinchiliklarga uchrayotgan, buning oqibatida kredit to‘lovlarini to‘lay olmayotganlarga qanday yordam berilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Kreditlarga to‘xtalsak, hukumat tomonidan 2020 yilning 1 oktyabriga qadar barcha kredit tashkilotlariga moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining kreditlari bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlarini hamda pul oqimlari foiz to‘lovlarini qoplash uchun yetmagan taqdirda foiz to‘lovlarini kechiktirish, shuningdek muddati o‘tgan qarzdorliklar kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta'minotiga qaratmaslik tavsiyalari berilgan.

Hozirgi paytda aksariyat tijorat banklari kreditlari bo‘yicha to‘lov muddatlarini keyingi 2-3 oy muddatga kechiktirish (kredit ta'tili berish) haqida ma'lum qilgan. Muddat yakuniga ko‘ra kredit majburiyatlari pul oqimi hajmiga qarab qayta ko‘rib chiqiladi”, deydi u.

Mavzuga oid