An'anaviy o‘zbek bozorlari pandemiya sababli o‘z mijozlarini supermarketlarga boy bermoqda – Reuters
O‘zbekistondagi chakana oziq-ovqat savdosida yetakchi o‘rinni egallab kelgan an'anaviy turdagi bozorlarda pandemiya munosabati bilan xaridorlar kamayib, ijtimoiy masofalanish yangi norma sifatida qabul qilinayotgan hozirgi davrda mijozlar supermarketlarga ko‘proq murojaat qilishmoqda.
Joriy hafta Reuters agentligi va The New York Times gazetasi e'lon qilgan maqolada shu haqda so‘z boradi.
Dunyo bo‘ylab sanoatning qator sohalarida kompaniyalar kengayish bo‘yicha rejalarini kechiktirayotgan bir paytda, O‘zbekistondagi ayrim oziq-ovqat riteylerlari olg‘a qadam bosishyapti – ular koronavirus sababli mijozlar o‘z odatlarini o‘zgartirishi, bu orqali supermarketlar xaridorlarni jalb etish bo‘yicha an'anaviy bozorlardan o‘zib ketishiga ishonishyapti.
Misol uchun, BAAning Majid Al Futtaim kompaniyasi shu yilning uchinchi choragida O‘zbekiston poytaxtida o‘zining ilk Carrefour do‘konini ochishini e'lon qilgan. Qurilish ishlari karantin sharoitida ham davom etmoqda.
«Birinchi bosqichda – 2020 yilda to‘rtta do‘konimiz ochiladi, ulardan uchtasi supermarket, bittasi gipermarket bo‘ladi», – dedi Dubaydagi kompaniya ijrochi direktori Hani Veyss Reuters muxbiri suhbatda.
Fransiyaning yirik riteyleri – Carrefour bilan tuzilgan franshiza kelishuvi asosida ish olib boruvchi Majid Al Futtaim O‘zbekiston bozoriga kirish uchun taxminan 11 mln dollar yo‘naltirmoqda. Qo‘shimchasiga, kelgusi yillarda tarmoqning mamlakatda kengayib borishi uchun yiliga 10 mln dollardan investitsiya kiritib borish rejalashtirilgan.
Mahalliy supermarketlar tarmog‘i Korzinka.uz 2023 yilgacha do‘konlari sonini uch barobarga oshirish strategiyasini ishlab chiqqan edi.
Ammo kompaniya asoschisi va rahbari Zafar Hoshimovning aytishicha, bu yil ochiladigan yangi do‘konlar soni pandemiya tufayli avval rejalashtirilganidan kamroq bo‘lishi mumkin. Ayni paytda, kompaniya tezlik bilan o‘sishi ehtimoli yuqori bo‘lgan onlayn xaridlar sohasiga ko‘proq e'tibor qarata boshlagan.
«Pandemiya – moliyaviy yostiqchasi yirik tarmoqlarga qaraganda kichikroq bo‘lgan bozorlardagi ba'zi sotuvchilar va aholi yashash joylaridagi kichik do‘konlar faoliyati to‘xtatishiga olib kelib, O‘zbekistondagi riteyl sohasi modernizatsiyasini tezlashtirishi ehtimoldan xoli emas.
O‘rta va uzoq istiqbolda xaridorlarning tanlovi va bozorlik qilish odatlari katta ehtimol bilan o‘zgaradi. Sanitariya, xavfsizlik va gigiyena ko‘proq ahamiyat kasb eta boshlaydi», – deydi Zafar Hoshimov.
«Biz bu talabni qoniqtirish, to‘la zamonaviy riteyl xizmatlarini taklif etishimiz uchun uch barobar emas, o‘n barobarga kengayishimiz kerak», – deya qo‘shimcha qilgan u.
O‘zbekistondagi chakana oziq-ovqat savdosi sohasiga oid mukammal statistik ma'lumotlar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, SAD Marketing raqamlariga tayanib Hani Veyss bergan ma'lumota ko‘ra, Toshkentda bu bozorning qiymati 2018 yilda 3,4 milliard dollarga teng bo‘lgan va bu raqam 2023 yilga borib 5 milliardga yetishi kutilyapti.
«Toshkent aholisi oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan ikki qismini an'anaviy bozorlardan, chorak qismdan ko‘prog‘ini yashash manzillaridagi kichik savdo do‘konlaridan xarid qiladi. Yirik va zamonaviy supermarketlarning bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 4,4 foiz, lekin bu raqam besh yildan keyin uch barobarga oshishi mumkin», – deydi Majid Al Futtaim kompaniyasi ijrochi direktori Hani Veyss.
Shunga qaramay, Veyss ham, Hoshimov ham bir masalada yakdil fikr bildirishdi: supermarketlarning o‘sishida eng muhim omil – ta'minot masalasi, ya'ni ishlab chiqarish va importda muammolar yuzaga kelmasligi bilan bog‘liq.
Mavzuga oid
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
08:00 / 07.10.2024
Toshkentdagi Ibn Sino bozori binosi sotuvga qo‘yildi
17:25 / 24.08.2024
“Bir bolaga 500 mingdan 1 mlngacha” – o‘zbekistonliklar maktab bozoriga qanday tayyorlanishyapti?
21:09 / 25.07.2024