O‘zbekiston | 16:25 / 02.05.2020
22376
9 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga doir qarori qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: KUN.UZ

Qarorga binoan, foydalanishdan chiqib ketgan va yer osti suvlari zaxirasi mavjud bo‘lgan yerlarni foydalanishga kiritish, ularni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun aholiga imtiyozli shartlar asosida ajratib berish tartibi joriy qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining taqsimotiga asosan Moliya vazirligi tuman budjetiga yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun zarur mablag‘larni ajratganidan so‘ng tuman hokimligi quduq qazish, sug‘orish tarmoqlarini tiklash orqali yer maydonlarini suv bilan ta'minlash, elektr energiyasini tortish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishning texnik va moliyaviy ko‘rsatkichlarini belgilaydi va ushbu ishlarni amalga oshiruvchi pudratchi tashkilotlarni tanlov asosida aniqlaydi.

Tuman hokimligi foydalanishga kiritilgan yer maydonlarini dehqonchilik sohasida bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan, birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarga 1 gektargacha dehqon xo‘jaligini yuritish uchun, istisno tariqasida, 10 yilgacha muddatga ijaraga beradi yoki tajriba-sinov tariqasida mahalliy tadbirkorlik sub'yektlariga barcha xarajatlarni oldindan to‘lash sharti bilan 5 gektargacha bo‘lgan yer maydonlarini 10 yilgacha muddatga ijara huquqini elektron auksion asosida sotadi.

Ushbu yer maydonlarini ajratish bo‘yicha tashabbuskor va tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomasiga asosan tuman hokimining qarori qabul qilinadi, bunda yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash va ustuvor ravishda sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlarni ekish, bog‘ va tokzorlar barpo etish nazarda tutiladi.

Yerdan foydalanish davomida belgilangan ekin turlarini ekib, ish o‘rinlarini yaratgan, ijara xarajatlarini o‘z vaqtida qoplagan tadbirkorlik sub'yektlariga yerdan foydalanish muddatini uzaytirishda ustuvorlik huquqi beriladi.

Shuningdek, tuman hokimliklari foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining yaxlitligi, bir mahsulot turiga ixtisoslashishi, meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari orqali dehqon xo‘jaliklariga urug‘lik va ko‘chatlar yetkazish, ilg‘or agrotexnologiyalarni o‘rgatish, yetishtirilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishda ko‘maklashadi, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini yetarli hajmda va hamyonbop narxlarda xarid qilishlari uchun zarur infratuzilmani yaratadi.

Ushbu qaror doirasida ijaraga beriladigan yer maydonlarida yengil konstruksiyadagi dala shiypon va sug‘orish inshootlarini joylashtirishga ruxsat beriladi, boshqa turdagi, shu jumladan turar joy, bino va inshootlar qurish qat'iyan man etiladi.

Ijaraga beriladigan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” loyihasi, Jahon bankining kredit liniyalari hisobidan kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Mazkur qaror doirasida foydalanishga kiritilgan yer maydonlari maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi.

Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarida ishtirok etadigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalar toifasiga kiruvchi har bir oila parranda boqqan davri (40 kun) uchun Jamoat ishlari jamg‘armasidan qo‘shimcha 500 ming so‘mdan rag‘batlantiriladi.

Ushbu qaror bilan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi foydalanishga kiritiladigan yerlarning ijara huquqini elektron auksion asosida sotishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini, shuningdek qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning yo‘nalishlari va mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini hamda aholi bandligi va daromadini oshirishni ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunini, shuningdek, “Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni loyihalarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda yangi foydalanishga kiritiladigan yerlarning ijara huquqini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotishga imkoniyat yaratishi belgilandi.

 Qarorda:

Soliq kodeksining 57-moddasida nazarda tutilgan shartlarga javob beruvchi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari o‘zi ishlab chiqargan o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foydasi bo‘yicha foyda solig‘i stavkasi 0 foiz miqdorida belgilanganligi;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash uchun, shuningdek, ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari balansida bo‘lgan mol-mulkining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblashda soliq bazasidan kamaytirilishi;

tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llaniladigan yerlar – tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan oyning boshidan e'tiboran besh yil muddatga, qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yangi o‘zlashtirilayotgan yerlar – vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ularni o‘zlashtirish ishlari bajariladigan davrda va ular o‘zlashtirilgan vaqtdan e'tiboran besh yil mobaynida hamda yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanishdan qat'i nazar, uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinganligi;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969-son Farmoniga asosan qishloq xo‘jaligidagi yerlarni sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirilganligi ma'lumot o‘rnida keltirilgan.

Inqirozga qarshi kurashish dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lardan yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun tuman budjetlariga Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining taqsimotiga asosan 300 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, qaror bilan Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari 2020 yilda ajratilishi rejalashtirilgan 30 trillion so‘mlik revolver kreditlarning 2 trillion so‘mini meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar va uning eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga yo‘naltiradi. Shuningdek, eksport shartnomasi bo‘yicha kelgusidagi tushum ta'minoti asosida shaxsiy tomorqa yer egalari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun bo‘nak ajratish hamda mahsulotlarni sotib olish maqsadlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilarga qisqa muddatli kreditlar ajratish amaliyoti joriy etiladi. Bunda, kreditlar yaxshi kredit tarixiga ega, kamida 2 yil davomida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faoliyati bilan shug‘ullangan qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilarga ajratiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi korxonalarning ipak qurti boqish inshootlarini “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga to‘lovlarni yigirma yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan balans (qoldiq) qiymatda investitsiya kiritish sharti bilan sotish choralarini ko‘radi.

Mavzuga oid