Asia-Plus nashri tojikistonlik shifokorlar bilan anonim tarzda suhbatlashib, ular koronavirus bilan qanday kurashayotgani haqidagi materialni e'lon qildi.

Murod, dushanbelik shifokor: «Sakkiz kundirki kasalman, lekin boshqalarga yordam berishga harakat qilyapman»

– Birinchi bemorni bir oycha avval – Navro‘z arafasida «xira shisha» (o‘pka to‘qimalarining tomografiyada xira ko‘rinishi) simptomi bilan qabul qildim. Hamkasblarim bilan maslahatlashdim, kompyuter tomografiyasi suratlarini internet orqali yubordim. Hamma belgilar koronavirusga o‘xshashligini aytishdi. Ma'lumotlarni Rossiyadagi pulmonolog hamkasblarimizga yuborganimizda ham buning koronavirus ekanini tasdiqlashdi.

Bemorning issig‘i yo‘q edi, yaqqol belgilar ko‘zga tashlanmasdi, lekin u ta'm va hidni sezmayotgandi. Shunda shifoxona rahbariyati bilan maslahatlashdim. Bemorni davolashni, tuzalishi uchun barcha choralarni qo‘llashni, ammo bu haqida hech kimga og‘iz ochmaslikni tayinlashdi. Bir qator siyosiy tadbirlar o‘tib olgunga qadar koronavirus haqida g‘iring ham demasligimiz kerak edi. Shunday qildik ham.

Rossiyalik hamkasblarimizdan tashxislash va muolaja protokollarini yuborishlarini so‘radik. Davolash muolajalari boshlandi. Karantin hududlarida go‘yoki «pnevmoniya bilan og‘rigan» bemorlar bilan ishlayotgan shifokorlar o‘zaro muloqotda bo‘lib turish uchun messenjerda guruh ochdik. Kasallik belgilari, muolaja choralari yuzasidan maslahatlashib turdik.

Bemorlar bilan ishlayotgan tibbiy xodimlar koronavirus bilan «og‘rimagan», hammada O‘RVI belgilari bor edi.

Birgina bizning shifoxonada 200 nafar COVID-19 bemoridan 17 nafari vafot etdi. Joy yetishmovchiligi tufayli bemorlar Dushanbedan Hisorga yuborildi, ammo u yerda sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi moslamalari yo‘q edi.

Har kuni ishdan so‘ng uyga qaytishimiz kerak, chunki shifoxonada karantin hududi, dam olish uchun joy qilinmagan. Butun dunyoda bunday sharoit qilinganini bilardik. Xususan, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz uchun alohida bo‘linmalar qilingani, yaxshi sharoitda yashashayotganini ko‘rdik. Shifoxonada himoya kiyimisiz qolish xavfli. Men bir o‘zim alohida kvartira ijaraga olib yashayman. Qimmat, lekin iloj yo‘q.

Shifokorlarimiz o‘z hayotini saqlab qolish ilinjida ishdan qochmaydi. Bunga ishonchim komil. Agar biz ishlamasak, boshqa hech kim hozir ishlamaydi – buni bilamiz. Hech qanday qurolsiz, quruq qo‘l bilan kasallikka ro‘para chiqyapmiz. Toki ishlay olarkanman, kurashda davom etaman.