Kun.uz muxbiri pandemiyaning Markaziy Osiyo davlatlariga ta'siri va ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jurnalistlari bilan suhbatlashdi

Dastlabki maqolada Tojikistondagi vaziyat haqida so‘z boradi. Bu haqda tojikistonlik jurnalist Ozod Meliboyev ma'lumot berdi.

– Ozod aka, bir qator ommaviy axborot vositalarida Tojikistonda koronavirus borligi, lekin hukumat buni yashirayotgani haqida chiqishlar bo‘ldi, lekin hukumat buni rad etib keldi. Mamlakatga JSST missiyasi tashrif buyurishi e'lon qilingandan keyin ko‘p o‘tmay koronavirusdan zararlanish holati rasman tasdiqlandi va birdaniga 15 nafar bemorda bu infeksiya aniqlandi. Nima deb o‘ylaysiz, bungacha Tojikistonda koronavirusga chalingan bemorlar bormidi yoki yo‘qmidi?

– To‘g‘ri, haqiqatan ham, kecha (30 aprel kuni) tushdan keyin koronavirus holati mamlakatda rasman qayd etildi (suhbat 1 may kuni yozib olingan – tahr.). Poytaxt Dushanbeda 5 kishi va mamlakat shimolida, Sug‘d viloyatida 10 kishida ushbu kasallik tashxisi qo‘yildi.

Ungacha xorij manbalari, asosan, muxolifat manbalari koronavirus borligi haqida iddaolar qilishdi. Haqiqatan ham, shubhali holdagi o‘limlar soni ko‘paydi va ularni shifokorlar maxsus kiyimlarda yaqinlariga bermasdan ko‘ma boshladi. Bularning hammasi koronavirus borligidan dalolat berar edi.

– Koronavirus aniqlangani rasman tan olingandan keyin Tojikistonda qanday vaziyat kuzatilyapti, odamlar sarosimada emasmi?

– Ammo odamlar u qadar vahimaga tushib qolishmadi. O‘ylaymanki, buning bir necha sababi bor. Masalan, bungacha odamlar bir necha bor virus vahimasini boshdan o‘tkazishdi.