O‘zbekiston | 13:30 / 11.05.2020
5407
4 daqiqa o‘qiladi

Ombudsmanning 134ta so‘roviga vazirlik va idoralar tomonidan munosabat bildirilmagan

Senat yalpi majlisi Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risida ombudsman Ulug‘bek Muhammadiyev hisobot berdi.

Ulug‘bek Muhammadiyev / Foto: senat.uz

Vakil va uning mintaqaviy vakillari tomonidan 8 ta asosiy soha bo‘yicha ishlar qilingan. Xususan, inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongi va xabardorligini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish sohasida qator ishlar qilingan.

Monitoring davomida qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy 3000 dan ortiq uchrashuvlar va 248 kishi bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan ombudsmanning hisoboti tanqidiy-tahliliy tarzda ko‘rib chiqildi. Jumladan, vakil tomonidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun viloyat hokimliklariga 773 ta so‘rov xati yuborilgan bo‘lsa-da, ularning 180 dan ortig‘iga o‘z vaqtida javob berilmagan. 134 ta so‘rovga respublika vazirlik va idoralari tomonidan munosabat bildirilmagan.

Ushbu masalalarga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralarga tegishli chora ko‘rish yuzasidan parlament palatalariga tegishli tartibda ma'lum qilinishi zarurligi borasida so‘z yuritildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyatda gumon qilinuvchilar va mahkumlarga nisbatan noqonuniy ta'sir choralari ko‘rilganligi to‘g‘risida 138 ta shikoyat kelib tushganligi, bunday salbiy holatlarning nafaqat oqibatlariga chora ko‘rish bilan cheklanish, balki ularga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish lozimligi ta'kidlandi.

Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabab hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi taklif bilan Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalariga murojaat qilish vakolatini amalga oshirish, Oliy Majlis palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etish, ularga ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etish huquqidan samarali foydalanish topshirildi.

2019 yil davomida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish, fuqarolar o‘z vaqtida boshqa turar joy bilan ta'minlanmagan holda olib qo‘yilganligi holatlarining oldini olishda Inson huquqlari bo‘yicha vakil va uning mintaqaviy vakillari tomonidan o‘z vaqtida tegishli davlat organlari va mahalliy davlat idoralari bilan hamkorlik ishlarini olib borish muhimligi ta'kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. 

Mavzuga oid