Ba'zi hududlarda aholiga niqob taqish tavsiya qilindi yoki majburiy etib belgilandi. Ammo Rossiyada har kuni 10 mingga yaqin odamda koronavirus borligi aniqlanmoqda.

«Meduza» nashri pandemiya sharoitida ishlayotgan shifokorlar bilan suhbatlashib, karantin cheklovlarining yumshatilishi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Ruslan Absalyamov, onkolog (Moskva):

– Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatyapman. Cheklovlar yengillashtirilgan mamlakatlar epidemiya cho‘qqisidan o‘tib olishgan. Ularda koronavirus bilan kasallanganlik darajasi ancha pasaygan. Bizda esa yangi bemorlar miqdori oshib bormoqda. Bu esa karantin cheklovlarini yengillashtirishning samarali ekanini so‘roq ostiga qo‘yadi.

Iqtisodiyot uchun ham bu murakkab jarayon. Shu o‘rinda yo hayot, yo iqtisodiyot masalasi ko‘tariladi.

Agar davlat biznesni va aholini qo‘llab-quvvatlaganida, odamlar karantinda ko‘proq muddat o‘tirishi mumkin bo‘lar edi. Ammo ko‘pchilik buni qilolmaydi. Menimcha, shu tufayli cheklovlar yumshatilmoqda.

Niqob rejimi foydali ekani shubhasiz. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham aytmoqda. Odamlar niqob taqqanida infeksiyaning tarqalish xavfi kamayadi. Ammo bunda niqobdan foydalanish qoidasiga amal qilish kerak. Uni bir necha soatdan keyin almashtirib turish lozim. Chunki ma'lum vaqtdan so‘ng u filtr bo‘lmay qoladi va aksincha, yuzasida viruslarni to‘playdi.

Menimcha, niqoblarni bepul tarqatish kerak. Hozir odamlar uni sotib olmoqda. Ammo daromadi pasayganlar bir niqobni olib, hafta davomida taqib yurishibdi. Bu holatda u teskari samara beradi.

Qo‘lqoplar masalasida bahslashsa bo‘ladi. Agar odam qo‘lqop bilan buyumlarni ushlasa, keyin ko‘zini arsa, ijobiy samara bo‘lmaydi. Misol uchun, do‘konga kirishdan oldin, qo‘lqop taqib, savdo qilib, qaytib chiqishda uni tashlab yuborish – to‘g‘ri ish. Ammo kuni bilan taqib yurish – foydasiz.

Yumshatishlar oqibati qanday bo‘lishini hozir aytish qiyin. Ba'zi davlatlarda yengillik berilganidan so‘ng epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanib ketdi. Mantiqan, bizda ham shunday bo‘lishini kutish mumkin.

Ammo qattiq karantinni ham samarali chora deb aytolmayman. Odamlar uydan chiqishi, sayr qilishi kerak. Ayniqsa, bu keksalar uchun muhim. Ko‘p odamlarda jismoniy faollik kamaygan va ularning sog‘lig‘iga buning qanday ta'sir qilishini bilmaymiz. Hammani uyiga qamab qo‘yish tarafdori emasman.