Jahon | 10:51 / 19.05.2020
27235
11 daqiqa o‘qiladi

«Oylikka qarab qolgan» Tramp. Uning biznesi bir oyda milliard dollar yo‘qotdi

Koronavirus sabab so‘nggi uch oy davomida dunyo boylari katta zarar ko‘rdi. Bir tomondan karantin joriy qilinib, biznes to‘xtab qolgan bo‘lsa, boshqa tomondan fond bozorlarida qimmatli qog‘ozlar narxi keskin arzonlab ketishi ular zarar ko‘rishiga sabab bo‘ldi. Ana shunday jiddiy yo‘qotishlarga uchrayotgan badavlat shaxslar orasida AQSh prezidenti Donald Tramp ham bor.

Foto Win McNamee/Getty Images

Garchi AQSh prezidenti koronavirus uning biznesiga sezilarli darajada ta'sir qilmaganini ta'kidlayotgan bo‘lsada, Forbes hisob-kitoblari boshqacharoq natijani ko‘rsatmoqda: atigi bir oy ichida AQSh prezidenti o‘z boyligining uchdan bir qismini yo‘qotgan. Jurnal tahlilchilari bir oy oldin AQSh prezidentining moliyaviy holatini 3,1 milliard dollarga baholagan edi. Hozir esa uning «atigi» 2,1 milliard dollarga teng boyligi qolgani aytilgan.

Koronavirus Trampning moliyaviy holatiga qanchalik ta'sir ko‘rsatganini aniqlash uchun uning kompaniyalari ishlaydigan sohalardagi qimmatli qog‘ozlar narxlarining o‘zgarishini tahlil qilishdi. Jurnal tahlilchilari 1 martdan 18 martgacha bo‘lgan muddatda ko‘chmas mulk bozorida faoliyat yuritayotgan ko‘plab kompaniyalarning faoliyatini kuzatib borishgan. Xulosalar shuni ko‘rsatdiki, ko‘chmas mulk tijorati inqirozga yuz tutmoqda. Yuqoridagi muddat ichida Boston Properties va Vornado Realty Trust kabi bir qator ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarning aksiyalari o‘rtacha 37 foizga arzonlab ketgan. Shunga o‘xshash pasayish mehmonxonalar biznesi, turar joy binolariga ega kompaniyalar va golf klublari operatorlari orasida ham kuzatilmoqda.

Tramp egalik qilayotgan turli kompaniyalarning holati kuzatilib, ularning koronavirusdan avvalgi va keyingi holatlari tahlil qilingan. Xulosalar Trampni xursand qilgulik emas. U bir oyda 1 milliard dollar yo‘qotgan.

Albatta, bu baholash ancha nisbiy, sababi hozir qimmatli qog‘ozlar bozorida narxlar elektrokardiogramma chiziqlariga o‘xshab kunora pasayib, ko‘tarilib o‘ynab turibdi. Ammo koronavirus ta'siri yaqin kelajakda ham davom etaverishi ehtimoli inobatga olinsa, fond bozorlarida ijobiy natijalardan ko‘ra salbiy ko‘rsatkichlar ko‘proq bo‘ladi, deb taxmin qilish mumkin.

Trampning biznes imperiyasi nimalardan iborat?

Tijorat mulklari

  • Nyu-York va San-Fransiskodagi savdo va ofis binolaridan iborat tijoriy ko‘chmas mulklar
  • Koronavirus tarqalishidan oldingi bahosi: 1,9 milliard dollar
  • Koronavirus tarqalgandan keyingi bahosi: 1,2 milliard dollar

Trampning biznes imperiyasini uning o‘g‘illari Erik va kichik Don boshqarayotgan bo‘lsa-da, barchasini prezidentning o‘zi nazorat qilishi aytiladi. Albatta, bunga ishonish qiyin. Tramp biznesining asosiy qismini tijoriy ko‘chmas mulk tashkil etadi.

Koronavirus tarqalishidan oldin uning tijoriy ko‘chmas mulk sohasidagi aktivlari, qarzlar chiqarib tashlaganda, 1,9 milliard dollarga baholangan edi. 18 martga kelib Trampning tijoriy ko‘chmas mulk sohasidagi aktivlari narxi 1,2 milliard dollargacha arzonladi.

Gap shundaki, Tramp Manhettendagi beshinchi avenyu yaqinida maydoni 11 613 kvadrat metrdan iborat yirik ko‘chmas mulkka egalik qiladi. Beshinchi avenyu Nyu-Yorkdagi eng gavjum maskanlardan biri. Ammo hozir koronavirus pandemiyasi tufayli bu yerda hech kim yo‘q va ko‘cha kimsasiz bo‘lib qolgan. Karantin vaqtida ijaraga berish mumkin bo‘lgan ofisli binolar ham xavfsiz sarmoya hisoblanmaydi, ayniqsa karantin paytida uyda o‘tirib ishlash muammo bo‘lmagan AQShda. Shu tufayli bu ko‘chmas mulk AQSh prezidentiga foyda emas, zarar keltiryapti, xolos.

Turar joy mulklari

  • Beshta shtatda joylashgan 500dan ortiq uy-joy
  • Koronavirus tarqalishidan oldingi bahosi: 235 million dollar
  • Koronavirus tarqalishidan keyingi bahosi: 148 million dollar

Ko‘plab tijoriy ko‘chmas mulklardan tashqari, Tramp AQSh bo‘ylab 500dan ortiq turar joy ko‘chmas mulklariga ham egalik qiladi. AQShda to‘satdan karantin joriy etila boshlandi, shuning uchun uylar oldi-sotdisi haqidagi aniq ma'lumotlar juda kam. Hozir ularning narxi qanchaligini bilish qiyin.

«Karantin tufayli xaridorlar sotilayotgan kvartiralarni borib ko‘rolmay, ularning ko‘rinishini virtual holda ko‘rib, hayotidagi eng muhim xarajatni qilishi dargumon», deydi Nyu-Yorkdagi turar joy mulklari bo‘yicha ekspert Jonatan Miller. Joriy yil 1 martdan 18 martgacha bo‘lgan muddatda turar joy ko‘chmas mulkiga ega bo‘lgan beshta yirik kompaniyaning qimmatli qog‘ozlari 30 foizdan ko‘proq arzonlagan.

Mehmonxona biznesi

  • Vashington shahridagi mehmonxona va Mayamidagi kurort
  • Koronavirus tarqalishidan oldingi bahosi: 107 million dollar
  • Koronavirus tarqalishidan keyingi bahosi: 38 million dollar

Tramp mehmonxona biznesida ham o‘z o‘rniga ega ekanini «Uyda yolg‘iz-2» filmidan bilsangiz kerak. Ha, bo‘lajak prezident ham suratga tushgan o‘sha filmdagi «Plaza» mehmonxonasi aynan Trampga tegishli. Unga tegishli mehmonxonalar boshqa mehmonxonalar kabi karantin davrida katta qiyinchiliklarga duch keldi.

The Trump Organization Vashington shahrida joylashgan mehmonxonani sotishga harakat qildi, ammo bu reja keyinchalik bekor qilindi. Axir karantin tufayli eng avvalo mehmonxona biznesi inqirozga uchrab turganda kim ham mehmonxona sotib olardi. Trampga tegishli mehmonxonani juda arzon narxga baholashdi va shu tufayli u Vashingtondagi mehmonxonani sotishdan voz kechdi. Washington Post nashriga ko‘ra, Trampga tegishli kompaniyalar koronavirus pandemiyasi davrida jami 550dan ortiq xodimni ishdan bo‘shatgan.

Lisenziyalash va boshqaruv faoliyati

  • Havayi orollari, Urugvay, Hindiston va boshqa bir necha mamlakatlarda brenddan foydalanishga ruxsat berish va mehmonxonalarni boshqarish tizimi
  • Koronavirus tarqalishidan oldingi bahosi: 80 million dollar
  • Koronavirus tarqalgandan keyingi bahosi: 42 million dollar

Mart oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanlaridan birida Trampga koronavirus uning biznesiga qanchalik ta'sir qilayotgani haqida savol berishganida u shunday degandi: «Mening qarzlarim uncha ko‘p emas, shuning uchun hammasi joyida». Ammo aftidan Trampning bu javobi uning Vashingtondagi mehmonxonasi yoki Mayamidagi golf maydoniga ega kurortiga taalluqli emas. Deutsche Bank Vashingtondagi Trump International Hotel mehmonxonasini tiklash uchun 170 million dollar va Mayamidagi Trump National Doral golf maydoniga ega kurortni qurish ishlariga yana 125 million dollar ajratgan. Mayamidagi kurort allaqachon foyda keltirishni boshlagan. Masalan, u 2018 yilda 9,7 million dollar foyda keltirgan, ammo qarz miqdoriga qaraganda bu ancha past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Golf klublari

  • AQShdagi 10ta, Yevropadagi 3ta golf klub
  • Koronavirus tarqalishidan oldingi bahosi: 271 million dollar
  • Koronavirus tarqalgandan keyingi bahosi: 217 million dollar

Trampga golf kurortlari umumiy qancha zarar keltirishi koronavirus tufayli yuz beryotgan iqtisodiy inqiroz qancha davom etishiga bog‘liq. Sarmoyadorlar uchun bitta yaxshi yupanch bor, golf o‘ynashda ijtimoiy oraliq masofani saqlash juda oson. Yomon tomoni shundaki, qimmat golf klublar inqiroz paytida kamdan kam hollarda muvaffaqiyat qozonadi.

«Inqiroz davrida odamlar birinchi navbatda tejamkorlik uchun golf o‘ynashni yig‘ishtiradi», deydi Fairway Advisors brokerlik firmasida golf sanoati boshqaruvchi direktori Jyeff Devis. Mart oyi boshida Trampning ushbu sohadagi aktivlari qiymati 271 million dollarga baholangan bo‘lsa, hozir ular 20 foizga arzonlagan.

Hashamatli uylar va boshqa mulklar

  • Mar-a-Lago, Tramp-tauer penthausi, sharob zavodi va boshqa aktivlar
  • Koronavirus tarqalishidan oldingi bahosi: 348 million dollar
  • Koronavirus tarqalganidan keyingi bahosi: 295 million dollar

Mar-a-Lago prezidentga tegishli eng mashhur kurort hisoblanadi. Ommaviy axborot vositalarida ushbu mehmonxona mijozlari orasida ham koronavirus bilan kasallanganlik holati bo‘lgani haqida yozib chiqishganiga qaramay, u inqirozni Trampning boshqa mulklariga osonroq yengib o‘tishi mumkin. Chunki Mar-a-Lago kurortini hozir muvaffaqiyatli biznes boshqarayotgani emas, balki hashamatli mulk sifatida ko‘proq qadrlashlari inqiroz oqibatlaridan yaxshiroq himoyalaydi.

Shaxsiy sarmoya yostiqchasi

  • Koronavirus tarqalishidan oldingi holati: 160 million dollar
  • Koronavirus tarqalishidan keyingi holati: 160 million dollar

Donald Tramp sarmoya portfelining eng muvaffaqiyatli qismi bu shaxsiy sarmoya yostiqchasi hisoblanadi. AQSh prezidenti allaqachon o‘z aksiyalaridan xalos bo‘lgan va endi uning hisob raqamida 160 million dollar naqd pul bor.

So‘nggi bir necha yil ichida buncha naqd pulni ushlab turish boshqalar nazdida yomon biznesday bo‘lib tuyuldi. Sababi so‘nggi yillarda fond bozori muttasil o‘sib boryapti va Tramp naqd sarmoyasini shu sohaga tikib anchagina pul ishlab olishi mumkin edi. Ammo bugungi inqiroz kunlarida uning hisobida 160 million dollar naqd pul borligi bu yaxshi muvaffaqiyat hisoblanadi.

Hatto qiyin paytlarda ham tushkunlikka tushmaslikka sabablar bor. Masalan, Forbes jurnali milliarderlarning boyligini hisobga olib, tahlil qilishni boshlaganidan beri fond bozorlarida sekinlik bilan o‘sish boshlandi. «Menimcha, hozirgi inqiroz davri va undagi yo‘qotishlar Tramp uchun kichik bir to‘siqday gap», deydi Doral kurortini Tramp sotib olishidan avval boshqargan kurortlar operatori Joel Peyj. Uning fikricha, Trampga tegishli sohalar karantin choralari bekor qilingandan boshlab yana salmoqli foyda keltirib ishlay boshlaydi.

Maosh ham bor...

To‘g‘ri, yuqorida katta pullar, katta yo‘qotishlar haqida gapirdik, ammo Tramp bu narsalar haqida o‘ylamayotgan bo‘lsa kerak. Axir u zamonaviy dunyoning eng zo‘r davlatida prezident! Bu esa tarixda qolish kafolati degani. Shu sabab Tramp hozir o‘z pullaridan ko‘ra davlatning pullari haqida o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Darvoqe, Tramp faqat zarar ko‘rayotgani yo‘q, axir unga maoshini to‘lab turishibdi. Prezidentning bir dona kupyuradan iborat maoshi qanchaligini esa yaxshi bilasiz – 1 dollar.

Mavzuga oid