O‘zbekiston | 21:58 / 02.06.2020
17497
12 daqiqa o‘qiladi

Internet tezligi, 3G va 4G, Uz-IX va GPON - «O‘zbektelekom» vakillari bilan suhbat

Pandemiya va karantin – internetga bo‘lgan talabni sezilarli oshirdi. Kun.uz muxbiri bu soha yuzasidan savollar bilan «O‘zbektelekom» AK vakillari bilan intervyu tashkil etdi.

Intervyuda «O‘zbektelekom» AK jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Alisher Hidoyatov va kompaniya matbuot kotibi Aleksandr Suchkov internet tezligi, optik tolali internet, Uz-IX va GPON tarmoqlari haqidagi savollarga javob qaytardi.

«Hozirgi sharoitda aholida internetga bo‘lgan talab ortmoqda. Misol qilib aytadigan bo‘lsak, taxminan 1,5 oy ichida internet foydalanuvchilari soni 20-30 foizga ortishi kuzatildi», – deydi Alisher Hidoyatov.

Alisher Hidoyatov

Hidoyatov talab oshganidan kelib chiqqan holda kompaniya tomonidan qilinayotgan ishlarga to‘xtaldi. Biz esa ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol bilan murojaat qildik.

– Qachon iste'molchi rozi bo‘ladigan internet tezligiga erishiladi?

A.Hidoyatov: – «O‘zbektelekom» kompaniyasi doimiy ravishda 2018 yildan boshlab, bundan oldin ham bu borada ishlar olib bormoqda. Hozirda butun O‘zbekiston aholisiga yuqori darajadagi internet xizmatini taqdim etish bo‘yicha barcha tegishli choralarni ko‘rmoqda. Raqamli iqtisodiyot qachon raqamli bo‘lib to‘laqonli bo‘lib ishlashi mumkin, qachonki telekommunikatsiya infrastrukturasida barchasi joyida bo‘lsa.

Telekommunikatsiya infrastrukturasini rivojlantirishda, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinda turuvchi, eng so‘nggi texnologiya hisoblanuvchi optik tolali aloqa liniyalari bizga zarur. Optik tolalarini aloqa liniyaga o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Oddiygina sonlarda keltiradigan bo‘lsam, 2020 yilni birinchi 3 oyligida respublika bo‘ylab 6500 km.dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari qurildi.

Iste'molchilar 3G texnologiyasini xohlagan edilar, 3G texnologiyasi taqdim etildi va undan keyin dunyo miqyosida 4G texnologiyasi yaratildi. Iste'molchilar 4G texnologiyasini xohlashdi. Hozirda 5G texnologiyasi dunyo bo‘yicha rivojlanyapti, O‘zbekistonda ham 5Gni rivojlantirish choralar ko‘rib borilmoqda. Demak, hech qachon iste'molchi rozi bo‘ladigan internet deb bo‘lmaydi. Agar ular: «Bo‘ldi, men hamma narsadan qoniqdim», deydigan bo‘lsa, rivojlanish to‘xtab qoladi.

– AKT vazirligi ham, «O‘zbektelekom» ham internet tezligi va sifati pastligini inkor qilib kelishardi. Biroq tom tepasida dars o‘tayotgan o‘qituvchi va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa videolar muammoni ochib tashladi. Kompaniya internet tezligi bilan bog‘liq muammolar borligini rad etishda davom etadimi yoki kamchiliklarni tan olib, ularni hal qilish choralarini ko‘radimi?

Aleksandr Suchkov

A.Suchkov: – Juda qiziqarli savol. Pandemiya tufayli kutilmaganda hammamiz bir vaqtda uy internetidan foydalanishni boshladik. Yillar davomida biz maktablar orasida optik tarmoqlarni qurgandik. Xalq ta'limi hamda oliy va o‘rta-maxsus ta'lim o‘quv obektlari orasida videokonferensiya aloqalari tashkil etilgandi. Tabiiyki, o‘qituvchilarda O‘zbekistonning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida istalgan vaqt va joyda, onlayn rejimda ishlash tajribasi yo‘q edi. Maktablar, oliy ta'lim muassasalari yopildi va qat'iy karantin choralari yo‘lga qo‘yildi. Tasavvur qiling, ilgari internetda ishlagan odamlar endi masofadan uy internetida ishlay boshlashdi.

Barchamiz uy interneti nima uchun korporativ, ya'ni korxonalar uchun beriladigan internetdan farq qilishini yaxshi bilamiz. U yerda birinchi navbatda mahalliy tarmoqlar, ushbu tarmoqlarning ma'murlari (adminlari) bor. Hatto ular tashkil etishi mumkin bo‘lgan videoaloqa turi ham mavjud. Tasavvur qiling, birdaniga bir necha kun ichida favqulodda holat joriy etilishi haqida e'lon qilindi. Har bir fuqaro, har bir o‘qituvchi o‘ziga xos ihotalanishga tushib qolishdi. Ish sohasi uchun mo‘ljallanmagan mobil telefon yoki uy interneti yordamida hammalari o‘zlarining ishga oid masalalarini hal qilishga majbur bo‘lishdi.

Sizga shuni aytamanki, so‘nggi ikki yil ichida tashqi kanal 10 martaga kengaytirildi, ko‘pchilik aloqaning optik liniyalariga o‘tdi. Tarif rejalarimiz Xalq ta'limi vazirligi, Oliy ta'lim vazirligi so‘ragan ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatini beradi. Shuningdek, fuqarolarimiz kun davomida yangiliklarni ko‘rishlari va muhim ma'lumotlarni olishlari uchun yangiliklar saytiga bepul kirish imkoniyatini ham berdik. Bularning barini tarmog‘imiz ko‘tara oldi.

O‘qituvchining tomda dars o‘tayotgani haqidagi tasvirni hamma ko‘rgan bo‘lsa kerak. Ko‘rinib turibdi, uy yangi, endi qurilmoqda. Avvallari bu uyda 3G, 4Gga ehtiyoj bo‘lmagan. Ya'ni normal, odatiy vaqtda o‘qituvchi o‘z faoliyatini uyda amalga oshirish uchun ehtimol u o‘z vaziriga, masalan, Xalq ta'limi vazirligiga, maktab direktoriga internet kerakligini aytib, murojaat qilgan bo‘lardi. Usta kelib, unga internet ulab berardi. Shunga qaramay, hatto shunday internet bilan ham u darslarni o‘ta oldi. Birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqlarda kimdir «Videodarslarni ololmayapman», deb yozsa, bu biz uchun ustuvor masala. Shu vaqtning o‘zida aloqachilarimiz joyiga borib, aloqa bo‘lishi uchun qo‘llaridan kelganini qilishdi.

Reytinglarga qaraydigan bo‘lsangiz, bugun bizda simli internetda yuklab olish o‘rtacha tezligi 26 megabitni tashkil qiladi. Tasavvur qiling, bir necha yil muqaddam 10 mbitli internet haqida orzu qilardik. Hozir esa o‘rtacha 26 megabit.

Biz bugun 100 megabit berishimiz mumkin, bu kabi imkoniyatlar bor. Biz 5ta texnologiyadan foydalanyapmiz. Bu – ADSL, VDSL, FTTH, GPON texnologiyalari va ushbu texnologiyalarning turli uylar uchun turlicha ko‘rinishlari.

Nima uchun bunday qilyapmiz? ADSL bo‘yicha o‘tkazish imkoniyatlarini bir necha yil avval cheklovlarsiz 6 megabit deb o‘ylardik. Dunyo shu qadar tez rivojlanyaptiki, dunyo internetning o‘rtacha tezligi 50 mbit tashkil qilmoqda. Bugun strukturamizda bo‘lmagan provayder va operatorlarga mobil aloqa bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatyapmiz, tashqi kanallarni taqdim etyapmiz. Ular uchun infratuzilmani ijaraga olyapmiz. Bilasiz, O‘zbekistonda 5ta operator bor.

So‘nggi yillarda «O‘zbektelekom» abonentlari soni 5 milliongacha ortdi. Bu yil GSM standarti joriy etilganining beshinchi yilini nishonladik. Abonentlarning bunday miqdori tabiiyki bazaviy stansiyalarning katta miqdorini talab qiladi. 3G, 4G standartlari keng polosali, ular kattaroq tezlikni taqdim etadi. Eng muhimi – biz o‘rnatayotgan bazaviy stansiyalarning soni va sifati. Butun dunyoda shundayki, istalgan qishloqda 3G, 4G bazaviy stansiyani o‘rnatib, u yerga maksimal kanalni olib borib bo‘lmaydi. Chunki bu abonentning tannarxi juda yuqori bo‘ladi.

Bilasizki, O‘zbekistonda yaqindagina tugmachali telefonlar ko‘p edi. Tabiiyki, qishloqda tugmachali telefon bo‘lsa, u yerga 3G, 4G bazaviy stansiyasini o‘rnata olishmagan. Chunki u yerda iste'molchining o‘zi yo‘q edi. Bu yil barcha machta antennasi bo‘lgan bazaviy stansiyalarda 3G, 4G bazaviy stansiyalarini o‘rnatyapmiz.

Hozir O‘zbekiston mobil internet bo‘yicha 10 mbit internetni ko‘rsatyapti. Ilgari bunaqasi bo‘lmagan. Bugun ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun yuzaga kelayotgan uy interneti bilan bog‘liq vaziyat yomon emas. Ko‘p o‘qituvchilar ZOOM`ni sozlashni o‘rganib olishdi.

– O‘zbekistonda 3G, 4G texnologiyalari xorijiy davlatlardagi kabi tezlikda ishlayaptimi?

A.Hidoyatov: – Albatta. Har bitta davlatning o‘z normativlari bor, mana shu normativ bo‘yicha bizning internetimiz davlatimiz, hukumatimiz tomonidan o‘rnatilgan normativlarga javob beradi.

– Davlat dasturida belgilangandek, shuningdek AKT vaziri 2019 yil parlamentda qilgan hisobotida bergan va'dasiga ko‘ra, 2020 yil barcha ijtimoiy obektlar optik tolali internet bilan ulanishi kerak edi. Pandemiya davrida bu ishlar kechiktirilmayaptimi? Qanday ketyapti?

A.Hidoyatov: – Hozirgi vaqtda aynan pandemiya sharoitida ham bizning mutaxassislarimiz barcha hududlar bo‘yicha, qurilish, aloqa optika tolalarini yotqizish bo‘yicha hamma kerakli ishlarni olib borishmoqda. Bu ishlarning kechiktirilishi yoki muddatlari o‘zgartirilishi haqida hech qanaqa ma'lumot yo‘q.

Biz o‘z davlatimiz, hukumatimiz tomonidan o‘rnatilgan muddatlarda barcha bizga belgilab berilgan ishlarni bajarilishini nazorat ostida olib bormoqdamiz.

– Qishloq joylariga ham hozirda simli internet o‘tkazishlari ketyapti va bu bo‘yicha kerakli hujjatlar imzolandi. Tahriyatimizga bu borada ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shundaylardan birida uyga simli internet o‘tkazish uchun 400 va 500 ming so‘m talab qilingan va fuqarolar tomonidan to‘lov qilingan. Bu 400-500 ming so‘m aholidan olinishi to‘g‘rimi?

A.Hidoyatov: – Bizlarda xizmatga ulanish uchun alohida qandaydir to‘lov qo‘shimcha ravishda 400-500 ming miqdorida hech qanday to‘lov o‘rnatilmagan.

Bunda tarif rejadagi abonent to‘lovi to‘lanishi kerak va qo‘shimcha, hozirgi kunda bizning aksiyamiz amalda, ya'ni internetga ulangan mijozlarimizga biz abonent qurilmasi, ya'ni WiFi router qurilmasini hamda 100 metrgacha bo‘lgan uzunlikdagi kabelni biz bepul taqdim etmoqdamiz.

Buning uchun abonent aksiya shartlarini bajarishi kerak. Shartlarni bajargan holatda router va 100 metr kabel uchun hech qanday to‘lov amalga oshirilmaydi. 100 metrdan oshig‘iga to‘lov amalga oshirilishi kerak.

– Uz-IX`ning rivojlanishi Tas-IX`ga qanday ta'sir qiladi? Bu ta'sir ijobiy bo‘ladimi yoki salbiy?

A.Hidoyatov: – Uz-IX albatta Tas-IX xizmatiga ham ma'lum bir miqdorda ta'sir o‘tkazadi. Mahalliy internet foydalanuvchilari asosan Tas-IX saytlariga o‘rganib qolgan. Uz-IX yaratilishi hamda rivojlantirilishi, Uz-IX`ga qaysidir tarmoqlar, masalan xorijiy servislar lokalizatsiya qilinishi, ya'ni mahalliylashtirilishi o‘ziga yarasha Tas-IX bilan raqobat muhitini yaratadi va bunda milliy kontent rivojlanishi uchun yanayam ko‘proq zamin yaratiladi.

– GPON tizimiga ulanish uchun aynan «O‘zbektelekom»dan router sotib olish shartmi?

A.Hidoyatov: – Yo‘q. Aytib o‘tganimdek, kompaniyada biz 100 metrgacha kabel beramiz hamda USB modem yoki routerni bepul taqdim etamiz. Bizda mana shu routerning texnik parametrlari mavjud.

Agar mijozlarimizda chet eldan internet bozorlari orqali buyurtma qilib, router olib keltirishlari mumkin. Ammo har bitta tarmoqning, shu jumladan GPON tarmog‘ining ham o‘z talablari bor. Router ana shu talablarga mos bo‘lsa, undan foydalanishga hech qanday cheklov yo‘q.

Suhbatni to‘liq Kun.uz`ning YouTube kanali orqali ko‘rishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Mavzuga oid