Jamiyat | 19:19 / 09.06.2020
28109
6 daqiqa o‘qiladi

«Gap chiqdi»: Moliya vazirligi pensiya pullarini kechiktirishi ortida moliyaviy o‘yin bormi? 

Ijtimoiy tarmoqda har kuni turli xabar va ma'lumotlar paydo bo‘ladi. Ammo ularning har birini surishtirib, tekshirishga vaqt yo‘q. Kun.uz yangi - «Gap chiqdi» loyihasini boshlaydi: paydo bo‘layotgan turli iddao va xabarlarni o‘rganib, mutasaddilarning ushbu masala yuzasidan izohini havola etamiz. 

6 iyun kuni Telegram-kanallardan birida Moliya vazirligi faoliyatiga daxldor xabar paydo bo‘ldi. Unda «moliyaviy o‘yinlar» o‘tkazilgani gumon qilinuvchi holat tasvirlanadi.

«Karantin sharoitida pensiya pullari plastik kartalar orqali berilishi aholining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Shu tufayli ko‘p o‘tmay, bu amaliyotdan voz kechildi. Xo‘sh, shunga nima bo‘pti, axir pandemiya davri-ku, dersiz?! Yanglishyapsiz! Masala ildiziga yanayam chuqurroq qarang! 

Yurtimizda hozir pensiya va nafaqa oluvchilar soni uch million nafardan ziyod. Ular uchun budjetdan oyiga o‘rtacha 2,6 trilliondan ortiq so‘m mablag‘ ajratiladi. Ko‘ryapsizmi, kichkina raqamlar emas bu! Ayni paytda ana shu pullar Xalq bankining 3,5 mingdan ziyod xodimlari tomonidan tarqatilyapti. Albatta, tekinga emas. Bu xizmat uchun bankka umumiy summaning 0,9 foizi o‘tkazib berilmoqda.

Biroq pensiya pullarini plastikka o‘tkazish amaliyoti joriy etilgach, to‘satdan barcha banklar pensionerlarga plastik ochib berishga «jiddiy»qiziqib qolishdi. Sababini anglagandirsiz? Gap oyiga trillionlab mablag‘ni «aylantirib» foyda ko‘rishda», – deyiladi kanal xabarida

Ta'kidlanishicha, pensiya to‘lovlarini bank plastik kartalarga o‘tkazishda texnik nosozlik yuzaga kelishi va to‘lovning biroz kechikishidan Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi foyda ko‘rgan.

« Pensiya va nafaqa pullarining naqd pulda berilishidan Moliya vazirligi qanday manfaat ko‘rishi mumkin? Bu savolga quyida javob topishga harakat qilamiz», – deyiladi xabarda. 

Kanal muallifining fikricha, pensiya jamg‘armasining pullari uzun-qisqa depozitlarga jalb qilinsa, mablag‘ ko‘payishi mumkin.

«Ya'ni vazirlik ushbu jamg‘armalardagi mablag‘larni tijorat banklariga depozitlarga joylashtiradi. Pensiyalar 5, 10, nari borsa, 20 kun kechiktirilsa, osmon uzilib yerga tushmas. Lekin jamg‘armaning boyib olgani qoladi. Pensiya jamg‘armasi hamma resursni moliyalashtirishga shoshilavermasligining sababini endi anglagandirsiz? 

Deylik, 2,6 trillion so‘mdan ziyod sarmoya 22 foizlik qisqa muddatli depozitga joylashtirilsa, har bir kun uchun taxminan 6 milliard so‘m pul paydo bo‘ladi. Yana deng, Moliya vazirligi banklarga eng yuqori foiz stavkalarini belgilay oladi. Bunga birorta bank qarshi chiqib ko‘rsin-chi... Banklar zarariga bo‘lsa ham jamg‘armalardan yo‘naltirilgan pullarni foizlari bilan qaytarishga majbur...», – deya vaziyatni sharhlagan kanal muallifi. 

Shuningdek, xabarda «kunlik 6 milliard daromad qaysi maqsadlar uchun» ishlatilgani ham savol ostiga olinadi.

Kun.uz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Pensiya jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Shuhrat Davronov bilan suhbatlashdi. Davronov xabardagi tanqidiy gaplar asoslanmagan va haqiqatga mos emasligini bildirdi.

Shuhrat Davronov

«Koronavirusga qarshi kurash chora-tadbirlari doirasida, pensiya va nafaqa pullari naqd ko‘rinishdan bank plastik kartalariga o‘tkazib berildi. Plastik kartaga o‘tkazib berish davomida salkam 500 mingga yaqin fuqarolarga kartalarni rasmiylashtirib berilgandan so‘ng, bankda axborot-texnologik yuklama paydo bo‘ldi. Shu tufayli, pullar o‘z vaqtida plastik kartalarga yuklab berilmadi. Lekin Pensiya jamg‘armasi may oyining boshidan to 15 sanaga qadar, barcha pensiya to‘lovlarni to‘liq moliyalashtirdi», – deydi u. 

Pensiya jamg‘armasi may oyida depozitga pul qo‘yib, daromad ko‘rganmi? Umuman olganda, jamg‘arma pullarni depozitga joylashtirishga haqlimi? Shuhrat Davronov suhbat davomida ushbu savollarga ham javob berdi. 

«Jamg‘arma nizomiga asosan, bo‘sh va erkin qoldiq mablag‘larni bank depoziti hamda moliyaviy instrumentlarga joylashtirishi mumkin. Bunga huquqi bor. Ammo qayd etish lozimki, pensiya jamg‘armasida erkin qoldiq mablag‘lari bo‘lsa ushbu huquq paydo bo‘ladi. 2020 yilda jamg‘arma budjetda 8 trillion so‘mga yaqin transfert olishi nazarda tutilgan. Shu bois jamg‘armada katta mablag‘ mavjud emasligini ta'kidlayman.

May oyida depozitga mablag‘ qo‘yilgan, lekin depozitga may oyi pensiyalari to‘liq moliyalashtirilgandan so‘ng, kunlik tushgan mablag‘lar joylashtirilgan. Bu mablag‘lar qisqa muddatga, iyun oyining boshiga qadar, investitsiya resursi sifatida qo‘yilgan. Ushbu mablag‘lar 330 milliard so‘mga yaqin summani tashkil etadi, undan 718 million so‘m daromad qilingan. Ko‘rilgan daromad esa to‘liq Pensiya jamg‘armasi hisobiga tushirilgan bo‘lib, mablag‘lar pensiya va nafaqalarni tarqatishga ketadi.

Mablag‘larni depozitga qo‘yish sharti ham mavjud. Unga ko‘ra, Moliya vazirligida tashkil etilgan auksion platforma orqali mablag‘lar depozitga joylashtiriladi», – deydi Davronov. 

Jamg‘arma direktori o‘rinbosarining aytishicha, Telegram-kanalda tarqagan xabarda ta'kidlangan 2,7 trillion so‘m mablag‘ juda katta summa bo‘lib, moliya-depozit bozoridagi muvozanatni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shuncha mablag‘ni depozitga qo‘yishning imkoni yo‘q, negaki, may oyida jamg‘arma aynan 2,7 trillion so‘mlik pensiya va nafaqalarni moliyalashtirgan. 

Shuhrat Davronovning bildirishicha, jamg‘arma uchun pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning qaysi bank plastik kartasidan foydalanishi ahamiyatli emas. 

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid