Jahon | 11:03 / 08.06.2024
5016
2 daqiqa o‘qiladi

Putin ishlayotgan fuqarolarga pensiya indeksatsiyasini qaytarishni taklif qildi

Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, ishlaydigan pensionerlar uchun pensiyalarni indeksatsiya qilish mamlakatda ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal etadi.

Foto: gg34.ru

Vladimir Putin 7 iyun, juma kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi («PMEF») nutqi davomida Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasini ishlayotgan pensionerlar uchun pensiyalarni indeksatsiya etishni yangilovchi qonunni qabul qilishga chaqirdi.

«2025 yil 1 fevraldan boshlab nafaqat pensiyaga chiqqanlar, balki ishlashda davom etayotganlar uchun ham pensiyalar har yili oshiriladi», — dedi Rossiya prezidenti. Shu bilan birga, Putin ishlaydigan pensionerlarning pensiyalarini indeksatsiya qilish budjetdan qo‘shimcha xarajatlarni talab qilishini ta’kidladi, ammo bu chora, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ishchi kuchi tanqisligi muammosini hal etadi va yuqori malakali mutaxassislarning pensiyaga chiqishining oldini oladi. 

Rossiya Ijtimoiy jamg‘armasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 mart holatiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida pensionerlar soni 41 million kishini tashkil etdi: ularning 18,8 foizi (taxminan 8 million kishi) ishlaydigan pensionerlar va 81,2 foizi (33 million kishi) ishlamaydiganlar. Ishlaydigan pensionerlar uchun o‘rtacha pensiya miqdori 17,3 ming rublni, ishlamaydigan pensionerlar uchun - 21 ming rublni tashkil etdi. 

2016 yilda ishlaydigan pensionerlar uchun indeksatsiya bekor qilindi

Putin 2016 yil 1 fevraldan Rossiyada ishlaydigan pensionerlarga pensiya to‘lovlarini indeksatsiya etishni bekor qilgan. Moratoriy federal budjet va Pensiya jamg‘armasi budjetini muvozanatlash uchun vaqtinchalik chora sifatida kiritilgan. 

O‘shandan beri Davlat dumasi va Federatsiya kengashida kam ish haqi bilan ishlaydigan pensionerlar uchun pensiyalarni indeksatsiya qilishga qaytish bo‘yicha takliflar bir necha bor kiritilgan, ammo rasmiylar bu masala bo‘yicha umumiy kelishuvga erishmagan. 2023 yil 1 avgustdan boshlab ishlaydigan pensionerlar uchun pensiyalar qayta hisoblab chiqildi. Maksimal hisoblash miqdori taxminan 370 rublni tashkil etdi.

Mavzuga oid