O‘zbekiston | 18:37 / 15.06.2020
107589
2 daqiqa o‘qiladi

Tuzalgan bemorlarni 14 kunlik reabilitatsiyaga kuzatish amaliyoti to‘xtatildi. Vazirlik izoh berdi

So‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari va davolanish kursini tugatgan bemorlar 14 kunlik reabilitatsiya kurslarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri uylariga kuzatila boshlangani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri bu bo‘yicha izoh olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bog‘landi.

«O‘zi to‘liq davolanishdan keyin, virus organizmdan batamom chiqib ketganidan so‘ng 14 kunlik reabilitatsiya amaliyoti faqat O‘zbekistonda ehtiyot chorasi sifatida qo‘llandi, xolos. Hatto dunyoning rivojlangan davlatlarida ham nafaqat bu amaliyot, balki koronavirusga chalinganlar ham faqat og‘ir holatlardagina shifoxonaga yotqiziladi, qolgan payt kerakli dori-darmonlar tavsiya qilinib, uyda davolanish buyuriladi.

O‘zbekistonda virusga chalingan har qanday bemor belgilangan muddatda jiddiy kuzatuv ostida to‘liq bepul davolanadi. Davolanish so‘ngida virus bo‘yicha tekshiruvlar manfiy natija berganidan keyin ham bu namunalar poytaxtimizdagi SEOMning maxsus virusologiya laboratoriyalarida qayta tahlildan o‘tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo‘yiladi. Ana shunday takroriy chuqurlashtirilgan tekshiruvdan keyingina bemor tuzalgan hamda xavfsiz hisoblanadi.

O‘z navbatida, ushbu bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari ham ana shunday takroriy tekshiruv tahlillaridan o‘tishadi.

Endi reabilitatsiya amaliyoti to‘xtatilganiga kelsak, tajriba bu amaliyotga zarurat yo‘qligini ko‘rsatdi. Chunki reabilitatsiyaga virusdan batamom xalos bo‘lganlar jo‘natilardi va ular orasida kasallik qaytalanish holati ham kuzatilmadi. Shundan keyin bu tajribadan voz kechildi», dedi Furqat Sanayev.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda mart oyidan buyon 5154ta zararlanish holati qayd etildi, shu vaqtgacha bemorlarning 3996 nafari tuzalib chiqqan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bir bemor davolanishi uchun 32,3 mln so‘m sarflanmoqda, ahvoli og‘irlashib sun'iy nafas oldirish apparatiga ulanganlar uchun 64,4 mln, reabilitatsiyaga chiqarilganlar uchun 2,8 mln, karantinga olinganlar uchun 2,2 mln so‘mdan ajratilgan.

Mavzuga oid