Jamiyat | 19:33 / 18.06.2020
60730
6 daqiqa o‘qiladi

Pulning vatani qayerligini bilasizmi?

Zamonaviy dunyoda telefondan foydalanib, soniyalar ichida millionlab pullarni bir manzildan ikkinchisiga ko‘chirish mumkin. Asrlar davomida esa insoniyat tasavvurida pul – metall tangalardan iborat bo‘lib kelgan.

Pul insoniyat tarixi 3-ming yilligining ajralmas bo‘lagi sanaladi. U ixtiro qilinishidan oldin esa odamlar o‘zaro ayirboshlash munosabatidan foydalanishgan.

Foto: Look and Learn

O‘zaro ayirboshlashda tovarlar bilan tovarlar yoki tovarlar bilan xizmatlar yoxud xizmatlar bilan xizmatlar ayirboshlangan. Lekin bunda ma’lum qiyinchiliklar va vaqt yo‘qotish holatlari ko‘p bo‘lgan.

Masalan, kimdir bitta toshdan yasalgan bolta evaziga biror ovchidan mamontni otib berishini so‘rasa, ovchi haqiqatan ham, bitta bolta evaziga xizmat qilishi arzirli yoki yo‘q ekanini aniqlashga vaqt ketgan.

Keyinchalik esa hali pul ixtiro qilinmay turib ham odamlar oson sotilishi mumkin bo‘lgan buyumlardan, masalan, hayvon terisi, tuz va o‘q-dorilardan o‘rtacha qiymatli ayirboshlash vositalari sifatida foydalanishgan.

Foto: Behance

«Jarohatlovchi» tangalar

Taxminan miloddan avvalgi 770-yillarda xitoyliklar ma’lum turdagi buyum va qurollarni ayirboshlash uchun ularning bronzadan yasalgan kichik shakllaridan foydalanishgan. Biroq odamlar cho‘ntaklaridan kichik xanjar, belkurakni olish paytida qo‘llarini jarohatlab olishi mumkin edi va tabiiyki, buni hech kim xohlamagan. Shuning uchun vaqt o‘tib, bu kabi bronza buyumchalar dumaloq shakldagi qulay tangalarga aylanib borgan.

Garchi birinchi tangalar (bronza shakldagi aylana jismlar) Xitoyda muomalaga kiritilgan bo‘lsa-da, ilk tangalar tarixiy Lidiyada (hozirgi g‘arbiy Turkiya) zarb etila boshlangan.

«Krezdek badavlat» ta’rifi kimga ishora qiladi?

Birinchi tangalar tarixiy Lidiyadan (hozirgi g‘arbiy Turkiya) uncha uzoq bo‘lmagan hududlardan topilgan.

Miloddan avvalgi 600-yillarda Lidiya qiroli Alyattes birinchi rasmiy tangani zarb ettirdi. Bu tangalar oltin va kumush aralashmasidan yasalgan va muhr bosilgan ko‘rinishda bo‘lgan.

Lidiya pul birligi mamlakatning ichki va tashqi savdosi rivojlanishiga yordam berdi, shuningdek, davlatni Osiyoning eng boy imperiyasiga aylantirdi. Keyinchalik hatto Lidiya bilan bog‘liq tarzda «Krezdek badavlat» degan ibora ham odamlar orasida tarqaladi. Buning bilan ilk oltin tangalarni zarb ettirgan Lidiyaning so‘nggi hukmdori Krezga ishora qilingan.

Lidiya tangalari 
Foto: Wildwinds

Qalbakilashtirishning jazosi – o‘lim

Pul birligi borasida Lidiya dunyoda lider bo‘lib turgan davrlarda xitoyliklar tanga o‘rniga qog‘oz pullar ishlab chiqara boshlaydi.

Mark Polo Xitoyga safar qilgan milodiy 1271-yilga qadar ham Xitoyda pul siyosati ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lgan. Hatto Xitoy pullariga: «Kim qalbakilashtirishga urinsa, boshi kesiladi», deb yozib qo‘yilgan.

Pul va’da qiladigan qog‘ozlar

Yevropada esa 16-asrga qadar hanuz tanga pullardan foydalanish ommabop bo‘lgan. Sababi – yevropaliklar o‘sha davrda turli hududlardagi koloniyalaridan qimmatbaho metallarni ko‘p miqdorda tashib keltirishgan.

Va nihoyat, Yevropada banklarda pul saqlovchi va qarz oluvchilar uchun banknotalar ishlab chiqarila boshlagan. Bu banknotalar ma’lum qiymatga teng bo‘lgan va o‘z qimmatiga mos oltin va kumush tangalarga ayirboshlangan.

Foto: RBS

Birinchi qog‘oz pul birliklari Yevropa davlatlari tomonidan Shimoliya Amerika bilan koloniya munosabatlarini tartibga solish uchun jiddiy o‘ylab chiqilgan.

Sababi Yevropadan koloniyalargacha bo‘lgan yo‘l uzoq edi va kolonistlarning naqd pullari yo‘lda tugab qolgan. Bunday vaziyatda ayirboshlash usulidan foydalanish o‘rniga mustamlakachilar «IOU» («I owe you» – «Sizdan qarzdorman») usulidan, ya’ni ma’lum pulni to‘lash majburiyatini olganlik haqida yozma va’da berish usulidan foydalanishgan.

Foto: Steemit

Masalan, Fransiyaning koloniyalarda xizmat qilayotgan askarlariga hukumat tomonidan ma’lum miqdordagi pul va’da qilingan, imzolangan ko‘rinishdagi qog‘ozlar tangalar o‘rniga tarqatilgan.

Valuta bozori va u bilan bog‘liq urushlar

Qog‘oz pullarning ommalashishi xalqaro savdo imkoniyatini oshirdi. Banklar va hukmron sinflar esa turli davlatlarning valutalarini sotib ola boshladilar va ular birinchi valuta bozorini yaratishdi.

Biror davlatning barqarorligi uning valuta siyosati bilan ham belgilanadigan bo‘ldi. Davlatlar o‘rtasidagi raqobat valuta urushlariga ham sabab bo‘ldi. Bunda bir-birining valutasini qadrsizlantirish va uning xarid quvvatini pasaytirishga harakatlar boshlandi.

Nomoddiy puldan foydalanish davri

XX asrda monetar hayot keskin burilishlarga uchradi. Umumiy valuta bozori shakllandi, oltin-valuta standarti qabul qilindi.

21-asrda esa pul bilan bog‘liq ikkita o‘ziga xos tendensiya ommalashdi: elektron to‘lovlar va kriptovaluta. Endilikda nomoddiy elektron pullar odamlarning og‘irini yengil qilmoqda. Virtual puldan foydalanish qog‘oz banknota ishlatishdan ko‘ra qulayroq, mablag‘ni virtual shaklda saqlash xavfsizroq sanaladi.

2008 yilda ishlab chiqilgan bitkoin – eng mashhur kriptovaluta bo‘lib turibdi. Hozirga kelib, dunyodagi jami pullarning 0,4 foizi bitkoindan iborat. 1 bitkoin 9400 dollar yoki 96 mln so‘mga yaqin qiymatga ega.

Mavzuga oid