O‘zbekiston | 18:45 / 18.06.2020
8841
3 daqiqa o‘qiladi

Suv toshqini natijasida talafot ko‘rgan irrigatsiya tarmoqlarida ta'mirlash ishlari yakunlandi – FVV

FVV axborot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayevning aytishicha, Sardoba suv omboridagi toshqindan talafot ko‘rgan irrigatsiya tarmoqlarida ta'mirlash ishlari yakunlangan. U bu haqda 18 iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi.

Foto: Davergeodezkadastr

«Sardoba suv ombori Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 7 tumanidagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga xizmat qiladi. Favqulodda vaziyat natijasida suv omboridan suv oladigan «Markaziy tarmoq» kanalining 8,5 km, «O‘ng tarmoq» kanalining 4,5 km, «Chap tarmoq» kanalining 3 km uzunlikdagi hududiga jiddiy zarar yetgan edi. Bugungi kunda talafot ko‘rgan irrigatsiya tarmoqlarida ta'mirlash ishlari yakunlandi. Kuni kecha mazkur tumanlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga start berildi.

Suv toshqini munosabati bilan aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish, ularga zarur tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tashkil etilgan «1205» qisqa raqami tunu kun ishlamoqda. Bugunga qadar mazkur qisqa raqamga 8 142 murojaat kelib tushgan. Shundan 8 027 tasi (99 foizi) ijobiy hal etildi hamda qolgan 115 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olingan», deya Samandar Hikmatullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sirdaryo viloyatidagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish, hududlarda ta'mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishga respublikadagi barcha vazirlik, idoralarning kuch va vositalari jalb etilgan.

FVV tomonidan gaz, elektr, sanitar-epidemiologik osoyishtalik markazi va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari mas'ul xodimlari bilan o‘zaro hamkorlikda Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida hamda Jizzax viloyatida 15 016 ta aholi yashash xonadoni havfsizlik nuqtai nazaridan o‘rganib chiqilgan. Tadbir davomida aniqlangan 8 355 ta kamchilikdan 5 875 tasi joyida bartaraf etilgan.

«Toshqindan zarar ko‘rgan hududlarda zarur choralarni ko‘rish, xususan, ta'mirlash-tiklash tadbirlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, joylarda aholi bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlariga jalb etilgan buyurtmachi, qurilish-pudratchi tashkilotlar rahbarlari va mas'ul vakillarini jalb qilgan holda, ta'mirlash-tiklash ishlari olib borilayotgan hamda yangitdan qurilayotgan 547 uy-joy o‘rganib chiqilib, 1 571 tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli hamda qayta ta'mirlanayotgan aholi yashash uylarida yong‘inga qarshi tadbirlarning loyiha-smeta hujjatlari, amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida to‘liq bajarilishini ta'minlash uchun loyihalash va daxldor tashkilotlar rahbarlariga 12 ta axborot xati kiritildi», deydi Samandar Hikmatullayev.

Mavzuga oid