Bahraynda koronavirusni yo‘q qila oluvchi robot ishlab chiqildi
Bahraynda inshootlarda koronavirus va boshqa mikroorganizmlarni yo‘q qila oluvchi robot sinovdan o‘tkazilmoqda. Qurilma virusga qisqa to‘lqinli ultrabinafsha nurlanish yordamida ta'sir qiladi.
Daily Mail nashrining xabar berishicha, robot mikroorganizmlarning membranasini yemirib, 30 daqiqa ichida ularning 90 foizgachasini o‘ldiradi. Membrana yemirilishi oqibatida organizmlarning DNKsi parchalanadi. Ta'kidlanishicha, robot ishlayotgan vaqtda xonada odamlar bo‘lmasligi lozim, chunki undan chiqayotgan nur inson hujayralariga zarar yetkazishi mumkin.
Robot, shuningdek, 12 tilda gaplashadi, tana haroratini o‘lchaydi, ovozli buyruqlarga javob beradi va yuzni tanish texnologiyasini qo‘llaydi.
Sharqiy Angliya universiteti professori Pol Xanterning ta'kidlashicha, ultrabinafsha nur ko‘plab viruslarga qarshi samarali vosita hisoblanadi va keng qo‘llanadi. Jumladan, u yordamida ichimlik suvi zararsizlantiriladi.
Ayni vaqtda robot sanoat sharoitlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu orada robotning ikkita nusxasi Bahrayn tibbiy muassasalarida qo‘llanmoqda.
Ta'kidlanishicha, ultrabinafsha nur yordamida sirtlarni zararsizlantirish va viruslarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan bunday qurilmalar bungacha AQSh, Xitoy va Daniyada ishlab chiqarilgan.
Avvalroq AQShning Boston universiteti olimlari maxsus lampalarning ultrabinafsha nuri koronavirusni tez yo‘q qila olishini aniqlashgandi. Ular o‘tkazgan tajriba kvadrat santimetr yuzaga 22 megajoul miqdordagi nurlanish virusni 25 soniyada 99,9999 foizga yo‘q qilishini ko‘rsatgan.
Mavzuga oid
15:44
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
16:03 / 11.11.2024
Xitoydagi daryoda dunyodagi birinchi qutqaruvchi robot patrullik qilishni boshladi
21:58 / 25.10.2024
Sun’iy intellektga ega robot tomonidan chizilgan surat 120 ming dollarga sotilishi mumkin
19:43 / 21.10.2024