Huquqshunos Nuriddin Murodov Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalarning tuman hokimi va tuman IIB boshlig‘i ishtirokida omma oldida obro‘sizlantirilishi va ularning harakatlanishga qarshilik ko‘rsatishi yuzasidan o‘z fikrlarini Kun.uz’ga taqdim qildi.
Mana ikki kundirki, ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarning muhokama markazida turibdi. Xo‘sh, bu voqelikning yuzaga kelishiga asosiy sabab nima o‘zi? Shu holatning kelib chiqishiga qaysi omillar asos bo‘lgan?
Avvalo, ilmsizlik (savodsizlik, johillik) ta'sirida g‘uddayish, o‘zini ko‘rsatish. Qolaversa, o‘z ustida ishlamaslik – mutasaddilarning o‘zlari komissiya a'zolari bo‘la turib, hatto Vazirlar Mahkamasining Maxsus komissiyasi qarorida ruxsat berilgan toifa avtomashinalarini bilmasligi.
Joylardagi ayrim rahbarlarning bir yumalab o‘zlari qonunga aylanib qolishi (aytganim aytgan, deganim degan bo‘lishi kerak, qabilida ish ko‘rishi) holatlari, buyurokratiyaning ular ongiga singib ketgani, o‘zgarishni istamayotganidadir.
Oqibatda nima bo‘ldi. Quyidagi huquqbuzarliklar yuzaga keldi:
– Vazirlar Mahkamasining Maxsus komissiyasi qarorida harakatlanishga ruxsat etilgan avtomashinalarning harakatini cheklash orqali qaror talablari buzilishi;
– g‘araz niyatda daxlsiz shaxs sanalgan sudlar raislarini ruxsatsiz uyali aloqa telefoni bilan tasvirga tushirish;
– fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga urinish;
– shaxs (haydovchi)ga nisbatan hech bir asossiz ravishda kuch ishlatish.
Shaxsning sog‘lig‘iga qarshi, ya'ni 2020 yil 10 iyuldagi 442-sonli sud-tibbiy tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, R.Rahimnazarovning badanida qontalash va shilinma aniqlangan.
R.Rahimnazarovning badanida ko‘krak qafasi o‘ng tomoni, bo‘yin orqa o‘ng tomoni, o‘ng ko‘krak sohasida qontalashlar va o‘ng qo‘l tirsak tashqi yuzasida shilinmalar mavjudligi, uning ko‘krak qafasi o‘ng tomoni, bo‘yin orqa o‘ng tomoni, o‘ng ko‘krak sohasidagi qontalashlari va o‘ng qo‘l tirsak tashqi yuzasidagi shilinmalari o‘tmas qattiq jismlarning bir-necha martalik zarb va ishqalanish mexanizmlari ta'sirida yetkazilgani, og‘irlik darajasiga ko‘ra yengil tan jarohatlari sirasiga kiradi.
















