O‘zbekiston | 23:59 / 17.07.2020
9701
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin vaqtida Samarqand atmosferasi tozalangani aytildi

Foto: KUN.UZ

Joriy etilgan karantin cheklovlari sabab Samarqand shahrining havosi 22,7 foizga tozalashgan. Kislorod miqdori ham 15,3 foizga oshgan.

Samarqand shahri hududida atmosfera havosining ifloslanish darajasini aniqlovchi gidrometeorologiya markazining ma'lumotiga ko‘ra, joriy yilning besh oyi davomida shahar havosi ancha toza bo‘lgan. Bu haqda zarnews.uz saytida e'lon qilingan xabarda aytilgan.

Xabarda yozilishicha, atmosfera havosining ifloslanish darajasini aniqlovchi gidrometeorologiya markazining Samarqand shahrida jami to‘rtta doimiy tayanch postlari joylashgan. Ushbu tayanch postlarda markaz xodimlari tomonidan doimiy ravishda tahlillar o‘tkazib boriladi.

Ana shu tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida Samarqand shahrida yirik korxonalar va avtoulovlardan chiqadigan zararli moddalar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,5 foiz miqdorda kamaygan. Ammo keyingi bir yarim oylik davrda sanoat korxonalari va avtoulovlarning harakati yana oshgani hisobiga zararli moddalarning me'yor ko‘rsatkichi dastlabki besh oyga qaraganda 0,2 foiz miqdorda ko‘paygan.

Shahar hududida harakatlanayotgan 1ta yengil avtotransport vositasining (benzinda harakatlansa) dvigatelidan atmosfera havosiga 0,0003 foiz zararli tashlamalar chiqadi. Shahar hududida mashinalar oqimi ko‘pligi hisobiga shahar havosidagi zaharli gazlar miqdori qishloq hududlaridagi qaraganda bir necha barobar yuqori bo‘ladi.

So‘nggi 6 oy mobaynida karantin cheklovlari tufayli avtoulovlar oqimining kamayishi va sanoat korxonalarining aksariyati faoliyatini to‘xtaganligi sababli shahar havosi 22,7 foizga tozalanganini kuzatish mumkin. Natijada Samarqand shahridagi 100 yoshdan katta bo‘lgan o‘simlik va daraxtlar yangidan kurtak ochib, yashnay boshladi.

Shuningdek, shahar atmosferasida havo zichlik darajasi me'yorlashib, kislorod miqdori 15,3 foizga ortgan.

Shahar havosini buzadigan asosiy omillar – yirik ishlab chiqarish korxonalari va avtoulovlarning ko‘pligi. Misol uchun, shahar hududida faoliyat yuritayotgan 12ta yirik korxonalardan havoga yiliga 24,9 foiz zararli ajratmalar, ya'ni xlor (4,9 foiz), ftor (3,1 foiz), xrom (5,9 foiz), brom (1,9 foiz) va uglerod (6,3 foiz) birikmalari chiqib, atmosfera havosining sekin-sekin zararlanishiga olib keladi, deyilgan «Zarafshon» gazetasining rasmiy sahifasi bo‘lgan Zarnews.uz saytidagi berilgan xabarda.

Ma'lumot uchun, mart oyining oxiridan buyon Samarqand shahrida karantin cheklovlari joriy etilgan. Shahardagi jamoat transporti faoliyati uzoq muddat cheklandi va keyinchalik faqat belgilangan 6 soat davomida harakatlanishiga ruxsat berildi. Tumanlardan Samarqand shahriga qatnovchi marshrut liniyalari harakati hamon tiklangani yo‘q.

Mavzuga oid