«Samarqanddonmahsulotlari»: zamonaviy bilim va texnologiyalar samarali faoliyat asosi
“Samarqanddonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati g‘allani qayta ishlash va urug‘lik don tayyorlash borasida eng zamonaviy bilim va texnologiyalardan samarali foydalanib kelayotgan shu turdagi korxonalardan biri hisoblanadi.
Mazkur korxona qurilishi 1963 yilda boshlangan bo‘lib, 1966 yilda sutkasiga 240 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan dastlabki tegirmon ishga tushirilgandi.
Korxona Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasining 1995 yil 2 martdagi buyrug‘iga asosan “Samarqand don” aksiyadorlik jamiyati deb nomlandi.
Yillar davomida jamiyat zamon talablariga moslashib, eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirib keldi. Xususan, 2015 yil 4 martdagi «2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida istiqbolli loyiha amalga oshirildi. 2017 yilning 10 avgustida Turkiya Respublikasining “ALAPALA MAKINA GIDA SANAYI VE TICARET A.S” korxonasi bilan kelishilgan shartnomaga asosan 1 million 700 AQSh dollar evaziga tegirmon qismlari olib kelindi. Natijada 2019 yilda kunlik quvvati 200 tonna bug‘doyni ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy tipdagi tegirmon qurib, foydalanishga topshirildi.
Jamiyatga qarashli mazkur tegirmonning yillik un ishlab chiqarish quvvati 54000 tonnani tashkil qiladi. Bug‘doydan un chiqimi 75 foiz. Hozirgi kunda kunlik un ishlab chiqarish 150 tonna, bug‘doy hisobida 200 tonna bo‘lib, bir yilda 360 ish kuni davomida faoliyat ko‘rsatyapti.
Shuningdek, 1979 yilda omixta yem ishlab chiqarish sexi ham qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda bu borada ham qator yangilanishlar bo‘lgan. Ushbu sex 2012 yil 21 noyabrdagi PQ-1855-sonli qaroriga asosan 2014 yilda Ukrainaning Mogilyov-Podolskiy mashinasozlik zavodi uskunalari asosida modernizatsiya qilindi. Natijada kunlik 100 tonna omixta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, korxona ishchi-xodimlari xalqimizning sifatli un, urug‘ va omixta yemga bo‘lgan talabini qondirishda bor imkoniyatlaridan foydalanib kelmoqda.
Bundan tashqari, korxona tasarrufida bo‘lgan Nurobod tumanidagi non sexiga 2010 yilda Germaniyaning «VAXTeL» uskunalari olib kelinib, jihozlandi. Non sexi kunlik 2760 kg., bir yilda 990 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Ushbu sexni barqaror va foyda bilan ishlashini ta'minlash maqsadida jamiyatning 2017 yil 7 sentyabrdagi buyrug‘i bilan “Nurobod non” sexi “Nurobod non BME” mas'uliyati cheklangan jamiyatga aylantirildi.
Samarqand shahrining 3-baza hududida joylashgan non sexiga 2015 yilda «VAXTeL» uskunalari o‘rnatildi. Tsex yiliga 990 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Jamiyatning 2017 yil 14 iyundagi buyrug‘i bilan “Afrosiyob shirin non mahsulotlari” MChJga aylantirildi.
Past Darg‘om tumanida “Juma porloq biolaboratoriya”, Payariq tumanida esa “Qoraxoni biolaboratoriya servis” MChJlar ham “Samarqanddonmahsulotlari” AJ bilan kelishilgan shartnomaga ko‘ra qishloq xo‘jalik korxonalarini biomahsulotlar bilan ta'minlab kelmoqda.
“Samarqanddonmahsulotlari” AJning elevator bo‘limida 37,5 ming tonna, temir sig‘imlarida esa 10 ming tonna, jami 47,5 ming tonna don saqlash imkoniyati mavjud.
Jamiyatda bugungi kunda 322 nafar doimiy hamda 200 dan ortiq mavsumiy ishchi-xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelyapti.
Reklama huquqi asosida