O‘zbekiston | 16:28 / 27.07.2020
4439
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda dastlabki yarim yillikda o‘lim ko‘rsatkichi o‘tgan yarim yildagiga qaraganda past bo‘lgani ma'lum bo‘ldi

Samarqandda dastlabki yarim yillikda o‘lim ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygani aytildi. O‘z navbatida tug‘ilish va tabiiy o‘sish darajasi ham past bo‘lgan.

Samarqand viloyatining 2020 yil yanvar-iyun oylari holati bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari e'lon qilindi. Viloyat statistika boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz`ga taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, ayrim sohalarda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgan bo‘lsa, ayrimlarida pasayish bo‘lgan.

Doimiy aholi soni o‘sgan, YaHM hajmi pasaygan

O‘tgan olti oy mobaynida viloyat aholisi 2 foizga oshgan va 1 iyul holatiga ko‘ra 3 million 910 ming 900 nafarni tashkil etmoqda. O‘tgan yil yakunida aholi soni 3 million 833 ming 200 nafar bo‘lgan.

2020 yilning dastlabki 6 oyida yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pasaygan, ya'ni joriy yilda belgilangan rejaning 96,1 foizi miqdorida o‘sgan. O‘tgan yil birinchi olti oylikda bu ko‘rsatkich 106,4 foizni tashkil etgan.

Korxona va tashkilotlar soni ko‘paygan

Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra viloyatda 70 621ta korxona va tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 47 638tasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 28 953tasi kichik tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadi.

2019 yilning shu davrida viloyatda 42 688ta korxona va tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan hamda ularning 42 688tasi faoliyat ko‘rsatgan. Ular orasida 23 802tasi kichik tadbirkorlik sub'yektlari bo‘lgan.

Transport xizmatlari

Joriy yil olti oy mobaynida transport xizmatlari hajmida yuk aylanmasi rejaga nisbatan 110,4 foizni tashkil etgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sgan. 2019 yilda yuk aylanmasi ko‘rsatkichi rejaga nisbatan 107,21 foizni tashkil etgan.

Joriy yilda yo‘lovchi tashish aylanmasi rejaga nisbatan 88,8 foizni tashkil etgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pasaygan. O‘tgan yil yo‘lovchi tashish aylanmasi rejaga nisbatan 103 foizni tashkil etgan.

 

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi o‘sish sur'ati pasaygan

2020 yilning dastlabki olti oyida Samarqandda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklarida rejaga nisbatan 97,4 foiz natija ko‘rsatilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu sohalarda ko‘rsatkichlar rejaga nisbatan 102,7 foiz bo‘lgan.

Qurilish

Joriy yil dastlabki yarim yillikda qurilish ishlari hajmi o‘sish surati 101,4 foiz bo‘lgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 124,9 foiz bo‘lgan.

Turizm rivojlangan Samarqandda xizmatlar sohasida karantin ta'siri sezildi. Bu sohada dastlabki yarim yillikda 99,8 foizlik natija ko‘rsatilgan. O‘tgan yilning shu davrida reja 110,1 foiz ko‘rsatkich bilan bajarilgandi.

Chakana va tashqi savdo

Chakana savdo tovar aylanmasi joriy yilning birinchi yarmida 100,6 foiz bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamroq (108,3 foiz). Tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari ham pasaygan. Joriy yilning dastlabki olti oyida eksport rejasi 83,5 foiz bajarilgan. O‘tgan yilning shu davrida esa reja 143,8 foizga bajarilgandi. Import ko‘rsatkichlari 83 foiz bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda sezilarli kam (123 foiz).

O‘lim ko‘rsatkichi pasaygan

2020 yilning birinchi yarmida Samarqandda tug‘ilish 44 444 nafar bo‘lgan. Taqqoslash uchun 2019 yilning birinchi yarmida Samarqandda 44 631 odam tug‘ilgan.

Vafot etganlar soni dastlabki yarim yillikda 7 740 nafarni tashkil etgan. O‘tgan yil birinchi yarmida esa Samarqandda o‘limlar soni 7 848tani tashkil etgan. Ya'ni, joriy yil o‘lim ko‘rsatkichi hozircha past bo‘lib turibdi.

Samarqandda aholining tabiiy o‘sish ko‘rsatkichi 36 704 nafarni tashkil etgan. Bu 2019 yilning birini yarmiga nisbatan kamroq degani (36 783 nafar).

Joriy yilning 6 oyida viloyatda 7 149ta nikoh qayd etilgan. Taqqoslash uchun o‘tgan yilning shu davrida 11 583ta nikoh qayd etilgan. Ajralishlar soni ham joriy yilning dastlabki yarim yilida kamroq bo‘ddi – 1 302ta. O‘tgan yilning shu davrida 1 709ta samarqandlik oila rasman ajrashishga ulgurgan edi.

Mavzuga oid