Qo‘rquv va hayajonni qanday jilovlash mumkin? Abituriyentlarga psixolog tavsiyalari
Oldinda oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari. Aslida har qanday imtihon emotsiyalarga boy, hayajonli o‘tadi. Imtihon muddatlari va sharoitlari mavhum bo‘lgan hozirgi pandemiya sharoitida esa abituriyentlarning hayajoni va xavotiri ikki hissaga ortadi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi Gulmira Boyuzakova abituriyent uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan imtihonda hayajonni jilovlash bo‘yicha tavsiyalar bilan bo‘lishdi.
Abituriyentning imtihon vaqtida muvaffaqiyatga erishishi ikki omilga bog‘liq: nazariy va psixologik tayyorgarlik. U mavzularni qanchalik yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa ham, imtihon vaqtidagi hayajon dushmanga aylanishi mumkin.
Diqqatni jamlang. Titul varag‘ini to‘ldirish kabi barcha rasmiyatchiliklarni bajarib bo‘lgach, diqqatni jamlashga va atrofni unutishga harakat qiling. Siz uchun faqat vazifalar matni va soatlar mavjud bo‘lishi kerak. Qat'iy belgilangan vaqt javoblar sifatiga ta'sir qilmasligi kerak. Javobni kiritishdan oldin savolni ikki marta o‘qing va sizdan nima talab qilinayotganini to‘g‘ri tushunganingizga ishonch hosil qiling.
Osonidan boshlang. Test yechishni sizda shubha tug‘dirmaydigan savollarga javob berishdan boshlang. Uzoq o‘ylantiradigan savollarga ko‘p to‘xtalmang. Shunda ancha tinchlanasiz, yuklama yengillashadi. Miya yanada aniq ishlay boshlaydi. Qolgan butun kuch va diqqatni qiyin savollarga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Shoshilmang, vazifani oxirigacha o‘qing. Vazifani birinchi so‘zlaridanoq uning shartini tushunaman deb shoshqaloqlik qilmang. Bunda eng oson savollarga ham xato javob berish ehtimoli oshadi. Shoshqaloqlik natijasida javobi miyangizda naqd bo‘lgan savolni ham boy berishingiz mumkin.
Faqat hozirgi vazifa haqida o‘ylang. Yangi vazifani o‘qiyotganda avvalgi hamma narsani unuting. Testlardagi vazifalar bir-biri bilan bog‘liq emas, shuning uchun siz ilgari qo‘llagan qoidalar va formulalar yangi vazifani to‘g‘ri hal qilishga xalaqit beradi.
Muvaffaqiyatsizlikni unuting. Agar bironta testga javobni bilmasangiz, bu muvaffaqiyatsizlik ta'sirida qolib ketmang. Yangi savolni yangi imkoniyat sifatida qabul qiling. Avvalgi vazifalar natijasidagi tushkunlik keyingi topshiriqlar samarasiga ta'sir ko‘rsatmasin.
Istisno qiling. To‘g‘ri javobni bilmasangiz, noto‘g‘riligiga ishonchingiz komil bo‘lgan javoblarni ketma-ket chiqarib tashlang. Bu variantlar o‘rtasida tanlov doirasini toraytiradi.
Tekshirib ko‘ring. Bajargan topshiriqlaringizni tekshirib chiqishga vaqt ajrating, hech bo‘lmaganda ko‘z yugurtirib, xatolarni ko‘rish uchun vaqt toping.
Taxmin qiling. Aniq javobga ishonchingiz komil bo‘lmasa, intuitiv ravishda biror variantni tanlang. Ba'zida intuitsiyaga ishonish kerak.
Abituriyentlarning ota-onalari uchun maslahatlar
- Imtihon arafasida farzandingizning tashvishini kuchaytirmang – bu test natijasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Ota-onalarning hayajoni har doim bolalarga o‘tadi.
- Farzandingizni xursand qiling, ularni yaxshi ishlari uchun maqtang.
- Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiring, bolalar muvaffaqiyatsizlikdan qanchalik ko‘p qo‘rqsalar, xato qilish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
- Farzandingiz o‘zini qanday his qilishiga e'tibor bering, sizdan boshqa hech kim uning charchog‘ini, sog‘ligi yomonlashishini seza olmaydi hamda buning oldini olmaydi.
- Uning o‘qish rejimini nazorat qiling. Imkoniyatidan ortiqcha yuklamani bo‘yniga olishiga yo‘l qo‘ymang. Dars qilish va hordiq chiqarish o‘z vaqtida bo‘layotganiga e'tibor bering.
- Uyda dars qilish uchun qulay joy ajratib qo‘ying. Unga hech kim xalal bermasligiga ishonch hosil qiling.
- Farzandingizni imtihonga tayyorgarlik texnikasi bilan tanishtiring. Barcha ma'lumotlarni yodlab olmasdan, ularning asosiy mag‘zini tushunish kerakligini uqtiring.
- Farzandingizga imtihonda vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olishni o‘rgating.
- Farzandingiz imtihon arafasida yetarli darajada uxlashi kerak. Uning imtihonda qancha ball olishi mumkinligi haqida tashvishga solmang va imtihondan keyin tanqid qilmang. Ball ko‘rsatkichi uning haqiqiy imkoniyatini o‘lchay olmasligi haqidagi fikrni unga singdiring.
Mavzuga oid
15:10 / 07.12.2023
Avval test ishlab, keyin qayerda o‘qish tanlanadi – 2024 yildan abituriyentlar qabuli o‘zgaradi
15:07 / 03.11.2023
Umumta’lim fanlaridan o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati e’lon qilindi
15:01 / 21.09.2023
Maksimal ball to‘plab kontraktga kirgan talabalar grantga o‘tkaziladi
08:22 / 12.09.2023