Jahon | 09:54 / 03.08.2020
20695
4 daqiqa o‘qiladi

Organizmning koronavirusga immun javobi o‘pkani yemirishi mumkinligi ma'lum qilindi  

Koronavirus inson organizmiga tushishi bilanoq immunitetning kuchli javob reaksiyasini keltirib chiqaradi. Biroq organizmning virusga bunday javobi unga qarshi kurashishda xalaqit qiladi. Bunday xulosaga San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari kelishdi

Olimlarning MedicalXpress nashrida chop etilgan tadqiqotiga ko‘ra, organizm koronavirusga chalingandan bir necha daqiqa o‘tiboq virusdan xalos bo‘lishga tushib ketadi va organizmning bunday haddan ziyod qarshilik ko‘rsatishi kasallikning og‘ir kechishiga olib keladi.

Mutaxassislar koronavirusga chalingan 30dan ko‘proq kishining tahlillarini o‘rganishgan. Natijalarning ko‘rsatishicha, bemorlardan ko‘pchiligining immun tizimi SARS-CoV-2’ga gripp virusiga nisbatan tajovuzkorroq javob bergan. Bu esa bemorlarning o‘pkasiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.

Olimlar organizm virus bilan zararlanishi bilanoq unga qarshilik ko‘rsatishni boshlashini aniqlashgan. Bemorlarda ko‘pincha kasallanishning 11-kunida o‘tkir respirator distress-sindrom deb ataluvchi og‘ir shakldagi zotiljam rivojlanadi.

“O‘pka nafaqat virus, balki immunitetning kurashi sababli ham yemirilgan”, deb ta'kidlab o‘tgan olimlardan biri, professor Maks Krammel. Uning ta'kidlashicha, aynan immunitetning haddan ziyod kuchli javobi bemorlarda og‘ir shakldagi zotiljamning rivojlanishiga sabab hisoblanadi.

Olimlar zotiljamning oldini olish uchun immun tizimning bunday reaksiyasini kamaytirish yo‘lini topishga harakat qilmoqdalar. Biroq, tadqiqot rahbarlaridan biri Kerolin Kalfining ta'kidlashicha, bu oson ish bo‘lmaydi. Uning tushuntirishicha, agar immunitet ta'siri juda kuchli tormozlansa, u umuman kasallikka qarshi kurasha olmay qolishi mumkin. “Biz muvozanatni topishga urinmoqdamiz”, deb aytgan olima.

Olimlarning aniqlashicha, koronavirus dastlab insonning burun va tomog‘idagi ACE2 retseptorlariga tushadi. Biroq bu retseptorlar yurak, ichak va boshqa tana a'zolarini ham to‘ldiradi. Bu esa koronavirusning nafaqat nafas olish tizimi hujayralarini, balki boshqa tana a'zolariga shikast yetkazishini anglatadi. Virusga bunda uning sirtidagi oqsil tojlari yordam beradi. Olimlarning taxminicha, virus uchun hujayralarga nafas yo‘li orqali kirish eng oson yo‘l hisoblanadi.  

Olimlarning fikricha, erkaklarning testosteron kabi jinsiy gormonlari hujayralar tomonidan ishlab chiqariluvchi ACE2 retseptorlari miqdorini oshirishi mumkin. Aynan shu holat bilan koronavirus ayollarga qaraganda erkaklarga ko‘proq zarar yetkazishini tushuntirish mumkin. Hozirda ilgari surilayotgan taxminlarga ko‘ra, ACE2 retseptorlari qanchalik kam bo‘lsa, kasallanish xavfi shunchalik oz bo‘ladi.

SARS-CoV-2 virusi 2002 yilda paydo bo‘lgan “ajdodi” - SARS-CoV’ga nisbatan kamroq darajada o‘limga olib kelsa-da, u tezroq tarqaladi. Bundan tashqari, asosan o‘pkani zararlovchi atipik zotiljamdan farqli, koronavirus butun nafas yo‘li bo‘ylab tarqaladi va bu jihat uni juda yuqumli qiladi.

Biroq SARS-CoV-2 bilan kasallanish odatda shamollash kabi his qilinmaydi. Koronavirusga chalinganlarning 20 foizdan kamrog‘i tomoqlari og‘riyotgani yoki tumov borligini ma'lum qilishadi. Inson koronavirusga chalinganining ilk kunlari unda ko‘proq tana harorati ko‘tarilishi, quruq yo‘tal kuzatiladi yoki ta'm bilish yoki hid sezish qobiliyati yo‘qoladi. Biroq aksariyat odamlar umuman o‘zlarini betob sezmaydilar. OIVga qarshi kurash sohasida tajribaga ega professor Monika Gandining fikricha, shu sababli millionlab odamlar koronavirusga chalinganlaridan bexabar holda, virusni tarqatishlari mumkin. Aynan shu holat koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha sa'y-harakatlarning eng muammoli nuqtasi hisoblanadi. 

Mavzuga oid