O‘zbekiston | 12:03 / 10.08.2020
14424
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pandemiya davrida ish haqi darajasi qanday o‘zgargani ma'lum bo‘ldi

Joriy yilning I yarim yilligida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 trln. so‘m ko‘p bo‘lib, 7,3 trln. so‘mni tashkil etdi.

Foto : KUN.UZ

Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, korxonalarda ish haqi fondining o‘sishi va eng kam ish haqining (joriy yil I yarim yilligida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan) 18 foizga oshishi, soliq tushumlari dinamikasiga ta'sir ko‘rsatgan asosiy omil bo‘ldi. Bundan tashqari, davlat ulushi bor korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasining 25 foizdan 12 foizga kamaytirilishi ham xodimlar ish haqini oshirishga imkon berdi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha joriy yil II choragidagi tushumlar I chorakka nisbatan quyidagi asosiy omillar tufayli kamayganligi kuzatilmoqda:

joriy yilning aprel oyida iqtisodiy faollikning pasayishi natijasida xususiy sektorda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining kamayishi. Bu kamayish karantin bo‘yicha qat'iy cheklovlar qabul qilingan davrda, xodimlarga, shu jumladan budjet tashkilotlarida ta'til to‘lovlari berilishi natijasida qisman qoplandi;

2020 yilda xodimga to‘lanadigan, soliqqa tortilmaydigan moddiy yordam summasi, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5 baravarigacha oshirilishi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, xususiy sektorda iqtisodiy faollikning susayishi va bu bilan bog‘liq soliq solinadigan ish haqi fondining kamayishi, joriy yilning II choragida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumning dastlabki prognozga nisbatan 500 mlrd. so‘mdan ko‘proqqa kamayishiga olib keldi.

Shu bilan birga, pandemiya davrida kichik tadbirkorlik sub'yektlari va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari uchun joriy yilning may oyidan boshlab ijtimoiy soliq stavkasini 12 dan 1 foizgacha kamaytirilishi nodavlat sektoridagi xodimlar sonini aprel oyiga nisbatan 16 foizga, ish haqi fondini esa – 22 foizga oshirish imkonini berdi.

Mavzuga oid