O‘zbekiston | 21:37 / 11.08.2020
19100
3 daqiqa o‘qiladi

COVID-19 bemorlarini uyda davolagan shifokorlar javobgarlikka tortilishi bo‘yicha qo‘shimcha izoh berildi

O‘tgan hafta O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i qabul qilinib, koronavirus bemorlarini shifoxonadan tashqarida davolagan tibbiyot xodimlari sud orqali javobgarlikka tortilishi belgilangan edi. Vazirlikning Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Barno Abdusamatova bu borada izoh berdi.

«Ushbu buyruq asosan uyda noto‘g‘ri davolash natijasida kelib chiqqan asoratlar natijasi bo‘yicha ma'lumotlar to‘plangan holda chiqarilgan edi. Shuni tushuntirib o‘tmoqchimanki, uyda davolanish bekor qilingani yo‘q. Kasallikning yengil darajasida uyda davolanish tavsiya etiladi va bu jarayonni poliklinikadagi ambulator shifokorlarimiz olib bormoqda», – dedi Barno Abdusamatova «O‘zbekiston 24»ga bergan intervyusida.

U xususiy klinikalarga ham koronavirus bemorlarini davolashga ruxsat berilganini ta'kidlab, shifokorlar onlayn tartibda ham bemorlarga o‘z tavsiyalarini berishi mumkinligi, lekin bu vazirlik ishlab chiqqan tavsiyalarga mos bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

«Ambulator sharoitga, saralash va taqsimlash markazlariga hamda statsionar sharoitga bemorlarning juda og‘ir ahvolda kelgani, ularning in'yeksion va infuzion terapiyalarni uyda olishgani va noto‘g‘ri tavsiyalar berilgani buyruq chiqarilishiga sabab bo‘ldi», – dedi shtab a'zosi.

Barno Abdusamatovaning qo‘shimcha qilishicha, agar shifokorlar davolashni Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan tavsiyalar asosida olib borsa, ularga hech kim davolashni man etmagan.

  • Eslatib o‘tamiz, «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida»gi vazir buyrug‘i haqida 7 avgustda e'lon qilingan edi. Buyruqda, koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalaridan tashqarida bemorlarni davolamaslik va belgilangan muolajalarni olib bormaslik to‘g‘risida mamlakatdagi barcha tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlaridan kafolat xatlari olinishi belgilangan. Xususiy klinikalar rahbarlariga ham shu qoidaga amal qilish tavsiya etilgan.

Mavzuga oid