Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi tashkil etiladi
Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlanishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilinadi.
Prezidentning “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlanishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Quyidagilar:
Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlanishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkiliy tuzilmasi;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi negizida va uning umumiy shtat birliklari doirasida Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi tashkil etiladi.
Milliy ofisning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
- innovatsion mahsulotlar, shu jumladan, yangi qurilmalar, materiallar va texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ko‘paytirish va tarqatish hamda ularni tijoratlashtirish uchun uslubiy va dasturiy vositalarni ishlab chiqish;
- tijoratlashtirish imkoniyatiga ega ishlanmalarni tanlash, baholash va joriy etishga tayyorlash, ularni targ‘ib qilish maqsadida mahalliy va xalqaro yarmarka hamda ko‘rgazmalarni tashkillashtirish;
- ilmiy, loyiha-konstruktorlik va texnologik tashkilotlarni ishlab chiqarish korxonalari bilan ilmiy va innovatsion hamkorligini rivojlantirish;
- intellektual mulk obektlari va nou-xaular bo‘yicha patent hamda marketing tadqiqotlarini olib borish, ulardan foydalanish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
- xorijda ishlab chiqilgan texnologiyalar transferini amalga oshirishga va mahalliylashtirishga ko‘maklashish;
- innovatsiya sohasining rivojlanish tendensiyalarini o‘rgangan holda ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferiga oid samarali mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
Belgilanishicha:
Milliy ofis bosh direktori Innovatsion rivojlanish vazirining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Milliy ofisning bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
Milliy ofis bosh direktorining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Milliy ofis davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi va uni ta'minlab turish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladi;
Milliy ofis tarkibida robototexnika, aerokosmik tadqiqotlar, “5G” texnologiyalari, uchuvchisiz parvoz etuvchi qurilmalar, “3D” prototiplashtirish va “narsalar interneti” o‘quv-tajriba va zamonaviy protiplash laboratoriyalari faoliyat olib boradi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimiga kiruvchi va hududlarda tashkil etiladigan hamda faoliyat yuritayotgan innovatsiya markazlari va texnologiyalar transferi ofislarining faoliyati Milliy ofis tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari qoshida tashkil etilgan Innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazlarining faoliyati tugatiladi va ularning mol-mulki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Vazirlik tomonidan tashkil etiladigan innovatsiya markazlari va yoshlar texnoparklar tasarrufiga o‘tkaziladi.
Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va tasarrufida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilotlarga ega vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi joriy qilinishini ta'minlaydi.
Quyidagilar 2021 yildan boshlab Yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi:
stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturasida o‘qish uchun qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmanoma shakllantirish;
ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash muassasalarida o‘qish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish;
stajyor-tadqiqotchi, izlanuvchi va ilmiy darajali xodimlarga doir ma'lumotlar bankini shakllantirish va shaxsiy ish rejasining bajarilishini monitoring qilish;
ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash muassasalarining samaradorligini o‘rganib borish.
Vazirlik va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda oliy ta'lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimini joriy qiladilar.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
Vazirlik tomonidan har kalendar yili yakuni bo‘yicha ilmiy tashkilotlarni hamda har o‘quv yili yakuni bo‘yicha oliy ta'lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyati baholanadi;
Vazirlik baholash natijalariga ko‘ra oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari rahbarlari, shu jumladan rektor (direktor) hamda ularning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektoriga (direktor o‘rinbosari) nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolarni qo‘llash haqida tarkibida oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma kiritadi;
oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari rahbarlarining (rektor, direktor) ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlari (prorektor, direktor o‘rinbosari) O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining taqdimnomasiga muvofiq tarkibida oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralar rahbarining buyrug‘iga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi, Vazirlik hamda ustav fondida davlat ulushi 50 va undan yuqori foizdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalarning davlat boshqaruvi organlari hamda korxonalarda tashkilot rahbarining innovatsiyalarni joriy qilish masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimini joriy etish va Innovatsiyalarni joriy etish tuzilmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasiga ajratilgan 100 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni Jamg‘armaga quyidagi tartibda bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilanadi:
2020 yilda – 10 mln. AQSh dollari;
2021 yilda – 20 mln. AQSh dollari;
2022 yilda – 20 mln. AQSh dollari;
2023 yilda – 25 mln. AQSh dollari;
2024 yilda – 25 mln. AQSh dollari.
Mavzuga oid
17:34 / 02.12.2024
Sun’iy idrok tadqiqot natijalarini odamlardan yaxshiroq bashorat qilmoqda
20:45 / 12.11.2024
Angliyada birinchi akkumulyatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U soatiga 120 km tezlikka chiqdi
20:52 / 04.10.2024
Saida Mirziyoyeva Kreativ iqtisodiyot anjumani hamkorlariga minnatdorlik bildirdi
16:51 / 21.09.2024