O‘zbekiston | 08:40 / 25.08.2020
4297
3 daqiqa o‘qiladi

Eksport yuklarni sug‘urta qilish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 12.08.2020 yildagi «Kapital, tovar va xizmatlar (ishlar) eksporti hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq faoliyatni sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 477-son qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning 2.08.2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4412-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Norma’ning yozishicha, nizom eksport qiluvchilar va ularning eksportga yo‘naltirilgan faoliyatini moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning mulkiy manfaatlariga sug‘urta himoyasini taqdim etish shartlarini belgilaydi.

Eksport yuklarini va ularni tashishlarni sug‘urta qilish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga hamda «Inkoterms» xalqaro qoidalariga muvofiq tijorat tashkilotlari bo‘lgan va tegishli turdagi sug‘urtalashni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan bir nechta tavakkalchilik turlari – siyosiy, tijorat, logistika tavakkalchiliklari mavjud. Kim (eksport qiluvchi yoki eksport qiluvchini moliyalovchi shaxs) sug‘urtalanganligiga qarab turli sug‘urta shartnomalari tuziladi.

Eksport qiluvchi sug‘urta qildiruvchi bo‘lganda, quyidagilarni sug‘urta qilish shartnomasi tuziladi:

  • eksport shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar bajarilmasligini;
  • tovar va xizmatlarni (ishlarni) yetkazib beruvchi kreditini;
  • eksport qiluvchining debitor qarzdorligini;
  • logistika tavakkalchiliklarini;
  • investitsiyalarni.

Moliyalovchi shaxs sug‘urta qildiruvchi bo‘lganda quyidagilarni sug‘urta qilish shartnomasi tuziladi:

  • xaridor kreditini;
  • eksport faktoringini;
  • eksport qiluvchining aylanma mablag‘larini to‘ldirish kreditini o‘z vaqtida qaytarilmasligidan;
  • tasdiqlangan akkreditivni;
  • kafolat yoki kafillikni;
  • lizing faoliyatini.

 
Sug‘urta shartnomalarini tuzishda quyidagilar taqiqlanadi:

  • siyosiy tavakkalchiliklar (sug‘urta bilan qoplanmaydigan zararning bir qismi) bo‘yicha sharsiz franshiza o‘rnatilishi;
  • sharsiz franshiza miqdori:
  1. tijorat tavakkalchiliklari bo‘yicha — sug‘urta pulining 50 foizidan ortiq bo‘lishi;
  2. logistika tavakkalchiliklari bo‘yicha — sug‘urta pulining 5 foizidan ortiq bo‘lishi;
  • kutish davri:
  1. siyosiy tavakkalchiliklari bo‘yicha – 180 kalendar kundan ortiq bo‘lishi;
  2. tijorat tavakkalchiliklari bo‘yicha – 90 kalendar kundan ortiq bo‘lishi;
  3. logistika tavakkalchiliklari bo‘yicha – 30 kalendar kundan ortiq bo‘lishi.

 
Sug‘urta qildiruvchi ariza va hujjatlarni sug‘urtalovchiga bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda taqdim etishlari mumkin.
 
Shuningdek Nizomda quyidagilar qayd etilgan:

  • sug‘urta shartnomalarini tuzish tartibi;
  • sug‘urta shartnomasining valutasi;
  • zararni ko‘rib chiqish, sug‘urta tovonini aniqlash va to‘lash tartibi.

Hujjat 13.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid