O‘zbekiston | 21:06 / 08.09.2020
6733
3 daqiqa o‘qiladi

SSV yana bir bor o‘zini himoya qilish qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir fuqaroni o‘zini himoya qilish qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirdi.

«Ma'lumki, joriy yilning 15 avgustidan boshlab O‘zbekistonda karantin choralari yumshatildi: avtotransport vositalarining harakati va bozorlar faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berildi. 5 sentyabrdan esa qator faoliyat turlariga cheklovlar bekor qilindi. Ular orasida umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona), tomosha va madaniy-ko‘ngilochar obektlari (faqatgina teatr va kinoteatr) hamda parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar ham mavjud.

Ammo bu yurtimizda koronavirus infeksiyasi chekingani va odamlar ehtiyot choralarini unutib, xohlagan joyida harakat qilishlari mumkinligini anglatmaydi. Mamlakatimizda hali ham Covid-19’ning tarqalishining oldini olish va kasallikka chalinganlarni aniqlash hamda davolash choralari faol olib borilmoqda.

Oxirgi bir hafta davomida koronavirus infeksiyasiga chalinganlarning qayd etilish ko‘rsatkichi sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, bu xotirjamlikka berilish, virusga nisbatan hushyorlikni unutish mumkin degani emas», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Umidullo Risqiyevning ma'lum qilishicha, sentabr oyi boshida tez yordamga chaqiriqlar soni sezilarli darajada oshgan.

«Masalaga tez tibbiy yordam xizmatiga qilinayotgan murojaatlar tahlili misolida qaraydigan bo‘lsak, sentyabrning dastlabki haftasida chaqiruvlar soni birmuncha oshganiga guvoh bo‘lamiz. 

Jumladan, poytaxtimizda joriy yil avgustning oxirgi 7 kunida chaqiriqlarning umumiy soni 18 ming 316ta bo‘lgan bo‘lsa, sentabr oyining birinchi 7 kunligida esa 19 ming 707tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar oxirgi haftada chaqiriqlarning umumiy soni 1391taga ortganini ko‘rsatadi. Aytish lozimki, 1–7 sentabr kunlari kelib tushgan chaqiruvlardan 6145tasi (umumiy chaqiriqlarning 31,2 foizi) tana haroratining oshishi, 3091tasi (15,7 foizi) o‘tkir respirator kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, 814 tasi (4,1 foizi) esa pnevmoniya belgilari mavjud bemorlar tomonidan amalga oshirilgan», deydi u.

Shulardan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholini hushyorlikka va har bir fuqaroni o‘zini himoya qilish qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirgan.

«Agar odamlar qo‘llarini muntazam yuvib, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni to‘g‘ri va doimiy tarzda taqib yursa, ijtimoiy masofani saqlashni unutmasa, nafaqat koronavirus infeksiyasidan, balki boshqa mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklaridan ham o‘zlarini asrashlari mumkin bo‘ladi. O‘zimiz va yaqinlarimizni asraylik! Salomatligimiz o‘z qo‘limizda!», deyiladi xabarda.
 

Mavzuga oid