Jahon | 07:44 / 11.09.2020
7876
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp 11 sentyabrdagi teraktlardan keyin kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShda 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlardan keyin kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini yana bir yilga uzaytirdi.  

“2001 yil 14 sentyabrda favqulodda vaziyat rejimining kiritilishiga olib kelgan terrorchilik xavfi hamon saqlanib qolmoqda”, deb ma'lum qilgan Tramp kongressga yo‘llagan maktubida.

Favqulodda vaziyat rejimi prezidentga istalgan vaqtda qo‘llashi mumkin bo‘lgan ba'zi qo‘shimcha huquqiy vakolatlarni beradi. 

Favqulodda vaziyat rejimi AQShda terrorchilar samolyotlarni egallab olib, ular yordamida Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga va Pentagon binosiga hujumlar amalga oshirgandan 3 kun o‘tgach kiritilgan. Terrorchilar egallab olgan yana bir samolyot Pensilvaniya shtatida qulagan. Teraktlar davomida umumiy hisobda 3 mingga yaqin odam halok bo‘lgan. O‘shanda prezident Kichik Jorj Bush favqulodda vaziyat kiritish zaruratini “AQShga yangi hujumlar sodir etilishi xavfi saqlanib qolayotgani” bilan tushuntirgan.

Amaldagi qonunlarga ko‘ra, AQSh prezidenti 11 sentyabrdan keyin 90 kun ichida kongressga favqulodda vaziyat rejimini yana bir yilga uzaytirishi haqidagi xabarnomani yo‘llamasa, unda uning amal qilishi avtomatik ravishda to‘xtaydi.   

Mavzuga oid