Countrymetres ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda sayyorada aholining yillik o‘sish ko‘rsatkichi 95 millionni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 83 mln kishiga teng bo‘lgan. Qayd etib o‘tish lozimki, yer aholisi 3 karraga ko‘paygan davrda chuchuk suvdan foydalanish hajmi 17 martaga ortgan. Ustiga-ustak, ba'zi prognozlarga ko‘ra, 20 yildan keyin chuchuk suvga bo‘lgan talab hajmi yana 3 karraga ortishi mumkin.

Chuchuk suv yetishmovchiligi muammosi O‘zbekistonga ham begona emas. Suv tanqisligi muammosi bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 25-o‘rinni egallaydi. Mamlakatda suv tanqisligi darajasi yuqori deb baholanadi.

2020 yil 16 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalasi muhokama qilingan edi. Unda ta'kidlanishicha, so‘nggi 10 yilda O‘zbekistonda suv zaxiralari 12 foizga, joriy yilda o‘tgan yilgi bilan solishtirganda 15 foizga kamaygan.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning suvni tejash masalalariga bag‘ishlangan UzWaterAware loyihasi suv bilan bog‘liq muammolar fonida Yevroittifoq moliyaviy ko‘magi asosida multiplikatsion videoroliklar seriyasini tayyorladi. O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihaning milliy hamkori hisoblanadi.

Loyiha tashkilotchilariga ko‘ra, rus va o‘zbek tillaridagi mazkur roliklar ta'lim muassasalarida onlayn va oflayn darslar chog‘ida suv resurslari mavzusini tushuntirish uchun foydali kontent bo‘la oladi. Roliklarni oromgohlarda bolalarga namoyish qilish ham mumkin.

«2019 yil yakuni – 2020 yil avvalida UzWaterAware’ning tadbirlari chog‘ida namoyish etilgan ta'limiy roliklar nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham birdek qiziqarli ekaniga guvoh bo‘ldik. Viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan treninglar, ekodarslar, suvni tejash bo‘yicha ekomarafonlar chog‘ida videoroliklar turli auditoriyalarga, jumladan, jurnalistlar, fermerlar, xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillariga namoyish etildi», – deydi MOMEMning O‘zbekistondagi filiali direktori va loyiha menejyeri Shahnoza Umarova.