«Sen qiyshiqoyoqni kim ham buncha ko‘p pulga sotib olardi, deb kulgandi». Shomurodov «Jyenoa»ga o‘tishi, Ispaniyadan taklif tushgani va Karpinning hazillari haqida
Eldor Shomurodovning Italiyaga ko‘chishi – transfer oynasidagi eng kutilmagan voqealardan biri bo‘ldi. A Seriyaning «Jyenoa», «Verona» va «Fiorentina» klublaridan taklif olgan «Rostov» o‘zbekistonlik 25 yoshli hujumchisini 7,5 million yevro evaziga Genuya klubiga sotishga qaror qildi. Kuni kecha Rossiyaning «Sport24» nashri Eldor Shomurodovdan intervyu olib, futbolchi «Jyenoa»dan tushgan taklif, Karpin bilan xayrlashuvi, oilasi, amalga oshmagan orzusi va Ispaniyadan tushgan taklif haqida gapirib o‘tdi.
«Ijaraga uy topish masalasini tezroq hal qilishim kerak, shu uchun Italiyaga ertaroq qaytdim»
— «Jyenoa» bilan shartnoma imzolagach, milliy jamoa ixtiyoriga jo‘nab ketdingiz. Hozir qayerdasiz?
— Istambul aeroportidaman. «Jyenoa» klubi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat qilib, Genuyada ijaraga uy topish masalasini hal qilishim va yangi jamoamga tezroq moslashishim uchun meni klub ixtiyoriga ertaroq qo‘yib yuborishni so‘ragan. Milliy jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov va klub iltimosiga rozilik bildirgan barchadan minnatdorman. Agar o‘yinlar o‘rtoqlik emas, rasmiy uchrashuvlar bo‘lganida Italiyaga erta qaytish haqida gap ham bo‘lmasdi.
— Siz va «Jyenoa» - hammasi qanday boshlandi?
— Hammasi juda tez ro‘y berdi. Agentim Qahhor Mo‘minov qo‘ng‘iroq qilib: «shunaqa taklif bor, sinab ko‘rish kerak» dedi. Men darhol rozi bo‘ldim. Axir, Yevropada to‘p surish – bolalik orzum edi. Men avvaldan shunga intilganman. Qaysi mamlakat yoki klub ekanligi muhim emasdi, eng asosiysi o‘sha yerda to‘p surib, kuchimni sinash, nimaga qodirligimni bilishni istardim.
— Ko‘pchilik so‘nggi damgacha «MYu» yoki «Barsa» singari klublardan taklif kutadi. Kuchli beshlikdagi top bo‘lmagan klubga borishdan ko‘ra, Rossiyada qolishni afzal ko‘rishadi...
— Top-klub senga taklif bilan chiqishini kutib o‘tirishdan ma'no yo‘q. Vaqtni yo‘qotganing qoladi. Men ham «Rostov»da qolishim mumkin edi, meni hamma narsa qoniqtirar, jamoada o‘zimni yaxshi his qilardim. Ammo anchadan buyon Yevropaga ketish haqida o‘ylayotgandim. Shu bois, imkoniyat paydo bo‘lishi bilan rozilik berdim.
— So‘nggi pallada «Verona» va «Fiorentina» ham sizni o‘z safiga qo‘shib olishni istadi. Bu variantlarni ham ko‘rib chiqdingizmi yoki faqat «Jyenoa»ga o‘tish haqida o‘yladingizmi?
— Men bu haqda internetdan o‘qidim. Bu paytda «Jyenoa» bilan muzokaralarni yakunlab, so‘nggi shartlarni ko‘rib chiqayotgandik. Boshqa variant haqida o‘ylamayotgandim.
«Futbolchi sifatida seni tushunaman, ammo «Rostov»ga keraksan»
— Yozgi transfer oynasida boshqa takliflar ham bo‘lganmidi?
— Ispaniyadan bor edi. Belgiyadan «Genk»dan taklif bo‘lgan. Bungacha, yil boshida Germaniyaning «Shtutgart» klubi varianti ham bor edi.
— «Jyenoa» taklifi paydo bo‘lgach, Valeriy Karpin nima dedi?
— Bosh murabbiyga o‘zimni sinab ko‘rmoqchi ekanligimni darhol aytdim. U esa «futbolchi sifatida seni tushunaman, ammo murabbiy sifatida jamoadan ketishingni istamayman – sen «Rostov»ga keraksan», dedi. Keyin esa agar rahbariyat transferga rozilik bersa, qarshilik qilmaslikka va'da berdi. Meni to‘g‘ri tushungani uchun klub rahbariyati va Karpindan minnatdorman.
— Xayrlashuv videoda Karpin yoningizga «yig‘lama» deb keldi. Yig‘lamadingizmi?
— Tan olaman, ko‘zimga yosh keldi. Bir tarafdan nimaga intilib kelgan bo‘lsam o‘sha amalga oshayotganini tushunib turardim, bir tomondan esa o‘zim o‘rganib qolgan joyimdan ketish og‘ir edi.
«Sen qiyshiqoyoqni kim ham buncha ko‘p pulga sotib olardi, deb kulgandi»
— Karpin «instagram»da «Arzimaydi, qiyshiqoyoq» deb yozganini qanday qabul qildingiz?
— Hammasi joyida (kuladi)! Bu hazilligini yaxshi tushunib turgandim. Mashg‘ulotlarda ham murabbiydan shunga o‘xshash so‘zlarni eshitib kelganman, hechqisi yo‘q. Karpin bilan munosabatlarimiz doim ajoyib bo‘lgan. Masalan, ketishimdan oldin Valeriy Georgiyevich: «Sen qiyshiqoyoqni kim ham buncha ko‘p pulga sotib olardi», deb kulgandi.
— «Spartak»da Karpinning hazillarini ko‘pchilik ko‘tarmagan...
— Hazilga doim pozitiv munosabatda bo‘lganman. Ammo Georgiyevich bilan ko‘proq jiddiy, gohida keskin gaplar ham bo‘lgan. Uni eng avvalo to‘g‘risini aytishi, rost gapirgani uchun hurmat qilaman. Gohida unga hatto nima deb javob qaytarishni ham bilmasdim, chunki tushunardimki Karpin ham futbol o‘ynagan, uning gaplariga quloq tutib, o‘rgatganidek bajarish kerak edi.
— Bir yil avval shart bog‘lagan ekansiz: 4 o‘yinda 3ta gol kiritmasangiz, sochsiz qolish haqida...
— To‘g‘ri. O‘shanda sochimni qirib tashlashga o‘zimni ruhan tayyorlagan bo‘lsam-da, shartda yutgandim.
— Karpin qanaqa jazo olishi kelishilgandi?
— Hech qanday (kuladi). Shunchaki, u Xorik Bayramyan oldiga kelib «agar ikkita gol urmasang, sochingni qirqib tashlaysan» deya, menga qarata «sen esa uchta urishing shart», degandi.
«Qatar, Saudiya Arabistoni, Xitoydan taklif doim bo‘lgan, ammo ularni hattoki ko‘rib chiqmaganman»
— «Jyenoa»da 61-raqamni tanladingiz. Bu Rostov viloyatining regional kodi...
— Bu fikr o‘rtog‘imdan chiqdi. «Qaysi raqamni tanlash haqida hali bir qarorga kelmagan bo‘lsang, 61-raqamni tanla – bu viloyatimizning kodi, rostovlik muxlislar xursand bo‘lishadi», dedi. Qolaversa, «Jyenoa»da 14-raqam band bo‘lgani uchun «Rostov» muxlislari va klubga shu tarzda minnatdorchilik bildirishga qaror qildim.
— Aytaylik, «Zenit» «Jyenoa»dan ko‘proq pul taklif qilsa, baribir ham Italiyaga ketarmidingiz yoki Rossiyada qolish haqida o‘ylarmidingiz?
— Ketardim. Chunki avvaldan agentimga uqtirib kelganman: eng avvalo Yevropa, qolgani keyingi o‘rinda. Bilasizmi, menda ko‘pdan buyon Qatar, Saudiya Arabistoni, Xitoydan takliflar bo‘lgan, ammo ularni hattoki ko‘rib chiqmagandim. Pul – eng asosiysi emas.
— «Jyenoa»da maoshingiz «Rostov»dagidan ko‘pmi?
— Ha.
— 8 oyda bor yo‘g‘i 3ta gol urgan hujumchi italiyaliklarga nega kerak, deya hayron qolganlar bo‘ldi. Samaradorligingiz pasayib ketganini tushuntira olasizmi?
— Bu juda ham qiyin savol. Nima desam ham o‘zimni oqlagandek bo‘lib ko‘rinaman.... Karantin menga salbiy ta'sir qildi, deb o‘ylayman. Har holda bizni alohida xonalarga qamab qo‘yishgandi. Chiqib faqat velosiped aylanish va press mashqini bajarish mumkin edi. Bunday holatga tushish hammaga turlicha ta'sir qildi: kimdir sport formasini tez tikladi, menda esa bu jarayon uzoq davom etdi.
«Gol urmay qo‘yganimga uylanganim sabab emas»
— Karpin Shomurodov uylangani uchun kam gol urayapti, degandi...
— Hamma ham uylanadi-ku! Demak, hammada ham pasayish kuzatilishi kerak (kuladi). Fikrimcha, buning ta'siri bo‘lgani yo‘q.
— Uylanishdan oldin Amina bilan qachon tanishgansiz?
— Ikki oy avval. Uylanishga qaror qilgandim. Kelin izlayotgandim va topdim.
— Yevropada to‘p surishni orzu qilganingiz haqida gapirdingiz. Yoshlikda Italiyada to‘p surishni tasavvur qila olganmisiz?
— Orzu qilganman, ammo aniqki, tasavvur qila olmaganman. Axir Rossiya chempionatidagi yulduzlarni ham yaqin-yaqingacha faqat televizor orqali tomosha qilardim. Yodimda, «Rostov»ga endi kelgan paytlarim meni «Zenit»ga qarshi o‘yinga tushirishdi. O‘shanda raqib safida Ivanovich to‘p surardi. Bolalikdan «Chelsi» muxlisi ekanligim uchun Ivanovichga qarab, bu men bilan ro‘y berayotganini anglay olmagandim. Xayolimda unga «O‘zbekistonda akademiyada o‘qiyotganimda senga muxlislik qilib, o‘yinlaringni ko‘rardim», deb gapirganman.
— Bungacha A Seriya o‘yinlarini tomosha qilarmidingiz?
— To‘g‘risini aytsam, kamdan-kam futbol tomosha qilaman. Agar Chempionlar ligasi yoki «Chelsi» ishtirokidagi o‘yin bo‘lsa TVni yoqib, ko‘rishim mumkin.
«O‘zbekistonga «Jyenoa» liboslarini katta xaltaga ko‘tarib borsam kerak»
— Futbol bilan qachondan boshlab shug‘ullangansiz?
— Futbolchilar oilasidanman. Dadam, amakilarim va akam – hammasi futbol o‘ynashgan. Bobom esa murabbiy bo‘lgan. Dadam esa hujumchi sifatida to‘p surgan. Menku eslolmayman, lekin O‘zbekiston birinchi ligasida yaxshi o‘ynagan, deyishadi. Afsuski, jarohat sabab futbolni erta yakunlagan. Amakim Ilhom esa «Nasaf» safida OFK kubogi g‘olibiga aylangan, «Bunyodkor» bilan O‘zbekiston kubogini yutgan. Olti yoshimdanoq futbol bilan shug‘ullanishni istaganman, ammo qabul faqat 1-sinfdan ekanligi uchun bir yil kutishimga to‘g‘ri kelgan. 12 yoshimda esa «Mash'al» akademiyasiga qabul qilishgan. Bu O‘zbekistondagi birinchi raqamli futbol akademiyasi.
— «Chelsi»ga nisbatan mehr qanday paydo bo‘lgan?
— To‘g‘risi, bilmayman. Bolalikdan «Chelsi» libosim bo‘lardi, ehtimol o‘shandan boshlangan. Fernando Torres va Drogbaning o‘yinlari juda yoqardi.
— O‘zbekistonda Rivaldoni maydonga olib tushgan ekansiz...
— «Mash'al» akademiyasida tahsil olgan davrimda amakim ushbu klubda to‘p surardi. Har o‘yinda qo‘lini ushlab tushardim. «Bunyodkor» bilan o‘yinda esa biz raqib jamoa futbolchilari bilan birga chiqadigan bo‘ldik. Men darhol Rivaldoning yoniga borib olgandim. Menga qo‘l uzatganida, juda ham hayajonlanganman.
— O‘zbekiston milliy jamoasidan Italiyaga yo‘l olayapsiz. Keyingi qaytishingizda «Jyenoa»ning libosidan nechta olishingizga to‘g‘ri keladi?
— Tasavvur ham qilolmayapman. Katta xaltaga ko‘tarib borsam kerak. Ammo hammasi qanday boshlashimga ham bog‘liq. Yaxshi boshlasam – jomadonga ham sig‘maydi. Yomon boshlsam – futbolkalarim hech kimga kerak bo‘lmaydi.
Usmon Ibodov tarjimasi.
Mavzuga oid
22:07 / 09.10.2024
«O‘zbekiston so‘nggi marta bizga muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi». Ozmun Shomurodovga javob qaytardi
22:57 / 04.10.2024
Eldor Shomurodov «Roma» bilan yangi shartnoma imzolaydi – Romano
12:18 / 26.08.2024
Shomurodov gol urishni boshladi, «Chelsi» futbolchilari «quturdi». Yevropada kun o‘yinlari
14:30 / 13.08.2024