O‘zbekiston | 09:57 / 15.10.2020
9879
3 daqiqa o‘qiladi

Agrobank: paxta terish mashinalari xaridi uchun 435 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi

Yer haydash, ekish, ekinlarga ishlov berish, hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qanchalik texnika bilan qamrab olingan bo‘lsa, mashaqqat ham shunchalik kam bo‘ladi. 

Shu boisdan, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu esa sohada tub o‘zgarishlar yasab, sifat jihatidan yangi bosqichni ta'minlamoqda.

Ayni kunlarda bobo dexqonlarimiz mehnati evaziga bunyod bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan paxta hosilini nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terish jarayoni qizg‘in bormoqda.

Bu borada «Agrobank» ATB fermer va dehqonlarga yaqin ko‘makchi ekani hech kimga sir emas. Bank qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, paxtachilikni rivojlantirish borasidagi loyihalarni doimiy tarzda qo‘llab-quvvatlamoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 15 sentyabrida imzolagan «Paxta hosili terimini mexanizatsiyalashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohaning yanada taraqqiy etishida muhim xuquqiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Unga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larining «Agrobank» ustav kapitalidagi ulushi 50 million dollarga oshirildi. Ushbu mablag‘lar paxta-to‘qimachilik klasterlariga va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mahalliy paxta terish mashinalarini sotib olishi uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida kreditlar ajratishga yo‘naltirildi. 

Buning uchun esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar hokimlari paxta terish mashinalariga talabgorlarning aniq ro‘yxatini shakllantirdi.

Natijada «Agrobank» ATB mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida 435 milliard so‘mlik mablag‘ ajratdi. Dehqonlarimiz yetishtirgan paxta hosilini tez va sifatli terib olishi uchun Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Namangan xamda Samarqand viloyatlariga 400 dan oshiq paxta terish mashinalari yetkazib berildi.

Albatta, sohadagi vaziyatni tubdan yaxshilash uchun vaqt, imkoniyatlar talab etiladi. Yuqoridagilarni esa bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning debochasi deyish mumkin.

Quvonarlisi, ushbu paxta terish mashinalari dexqonga madad bo‘lmoqda. Zero, daladan paxta hosilini tez va yog‘ingarchilik kunlarga qoldirmasdan terib olinishi dehqonlarimiz daromadini oshiradi. Xirmonni tezroq yuksaltiradi.

«Agrobank» ATB Matbuot xizmati

Mavzuga oid