Jamiyat | 16:03 / 20.10.2020
4975
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 12 yillik ta'limning sifati 9,1 yilga teng, u koronavirus tufayli 8,5 yilga tushib qolishi mumkin – Ekspert

Inson kapitali indeksiga ko‘ra, O‘zbekistonda 18 yoshga kirgan shaxs 12 yillik ta'limni tamomlash imkoniga ega, biroq bu ta'lim sifati bilan solishtirilganda 2,9 yillik bo‘shliq borligi aniqlangan. Pandemiya bu bo‘shliqni yana kattalashtirishi mumkin.

Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, Xalq ta'limi vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonning inson kapitali indeksida ko‘rsatgan natijasi tahlillariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazdi.

Jahon bankining ta'lim bo‘yicha mutaxassisi Aisha Vavdaning qayd etishicha, inson kapitali barqaror rivojlanish va kambag‘allikka qarshi kurashishda eng samarali usul hisoblanadi. Inson kapitali indeksida ta'lim davomiyligi va sifati ham muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

«Indeksga tegishli ma'lumotlar koronavirus pandemiyasidan oldin to‘plangan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 18 yoshga kirgan yosh 12 yillik ta'limni tamomlash imkoniga ega. Bu ko‘rsatkich juda ham yaxshi hisoblanadi. Lekin O‘zbekiston uchun muammo shundaki, ta'lim muddati sifatiga korreksiya qilinganda 2,9 yil yo‘qotilmoqda», dedi Jahon banki eksperti.

Aisha Vavdaning ta'kidlashicha, pandemiya bu ko‘rsatkichlarni yomonlashtirishi mumkin. Markaziy Osiyoda ham karantin cheklovlari joriy etilishi o‘quvchilarning ta'lim olish muddati va sifatiga ta'sir etmay qolmagan. O‘tgan o‘quv yilida martdan keyin maktablarning yopilishi tezlik bilan onlayn ta'lim chora-tadbirlari ishlab chiqilishiga qaramay ko‘plab o‘quvchilarning funksional savodsizligiga (Functional illiteracy) sabab bo‘ldi. Funksional savodsizlik ko‘rsatkichi PISA tadqiqotlariga asoslangan bo‘lib, o‘quvchilarning zamonaviy dunyo iqtisodiyoti talablariga javob bera olishini anglatadi.

«Koronavirus tufayli o‘quvchilarning o‘zlashtirishidagi bo‘shliq kattalashdi. Bu O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun ham tegishli. Sababi hamma o‘quvchida ham internetdan foydalanish uchun imkon yo‘q edi, hammani ham ta'lim olishga rag‘batlantirishmagan, hammada ham koronavirus cheklovlariga moslashib, shu sharoitda o‘qiy olish uchun ko‘nikma bo‘lmagan.

O‘zbekistonda ham o‘quvchilarning masofaviy ta'lim olishi uchun juda yaxshi harakat qilingan bo‘lsa-da, maktabning vaqtincha yopilishi ularning kelajakda topishi mumkin bo‘lgan daromadlarini 3,5 foizga qisqartiradi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 425 million dollarga tushishi mumkin», dedi xalqaro ekspert.

Shuningdek, konferensiyada Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Asliddin Odilov ham muammo haqida gapirib, Jahon banki prognoziga ko‘ra, ta'limdagi 2,9 yillik bo‘shliq yana 0,6 yilga oshishi mumkinligini aytib o‘tdi. Ya'ni pandemiyadan oldin 12 yillik ta'lim muddatining 9,1 yili sifatli ta'lim davomiyligi deb hisoblangan bo‘lsa, bu muddat hozir 8,5 yilga tushgan.

«Pandemiyadan oldin O‘zbekistonda minimum savodxonlik darajasidan past bo‘lgan o‘quvchilar ulushi 48 foiz bo‘lgan, pandemiyadan so‘ng ularning ulushi 51 foizga yetgan bo‘lishi ehtimoli hisob-kitob qilinmoqda. Bularni ta'limdagi yo‘qotishlar deb aytish mumkin. Bu yo‘qotishlar hozirgi yoshlarning keyinchalik mehnat bozoriga chiqqanda daromadlari qisqarishiga sabab bo‘ladi», dedi inspeksiya rasmiysi.

Mavzuga oid