Maktab-pansionlar yoki internatlar tarixan Buyuk Britaniyada keng tarqalgan, ammo bugungi kunda bu model boshqa mamlakatlarda ham qo‘llanadi. Dastlab bunday ta’lim muassasalarida erkaklar va ayollar alohida o‘qitilgan, lekin bugungi kunda aralash tur ustunlik qiladi, deb yozmoqda Forbes.

Odatda, internat kampusida o‘quvchilar uchun yotoqxonalar bo‘ladi: ayrim maktablarda o‘quvchilar dam olish kunlarida uyga borsa, boshqalarida esa faqat ta’tilda ketadi. Agar dastur bolalar bog‘chasi yoki boshlang‘ich sinflardan boshlanadigan bo‘lsa, taxminan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar yotoqxonada tunamaydi, balki oddiy maktablar singari internatga qatnab o‘qiydi. Badavlat infratuzilmadan doimiy foydalanish o‘quvchilarning imkoniyatlarini kengaytirib, ularning rivojlanishini rag‘batlantiradi.

Nafaqat o‘qish, balki yashash xarajatlari qo‘shilgani tufayli ta’limning bu turi ancha qimmat. Biroq bu sarf-xarajatlar o‘zini to‘la oqlaydi, deb ishoniladi. TABS maktab-pansionlar uyushmasi o‘tkazgan xalqaro tadqiqot natijalariga ko‘ra, ta’lim muassasasi o‘quvchida yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam bergani haqidagi fikrga davlat maktablari bitiruvchilarining 52 foizi, xususiy maktablar bitiruvchilarining 60 foizi, pansionlar bitiruvchilarining esa 77 foizi qo‘shilgan.

Davlat ta’lim muassasalari, xususiy maktablar va pansionlarni tugatgan respondentlarning mos ravishda 39, 71 va 87 foizi maktab ularni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlaganini ta’kidlagan. Bitiruvchilarning 23, 36 va 78 foizi jamiyatdagi mustaqil hayotga yaxshi moslashganini aytadi. O‘qish davomida o‘z vaqtini rejalashtirish ko‘nikmasini egallaganlar ulushi ham xuddi shuncha.

Eng qimmat internatlar ro‘yxatidan Forbes va boshqa nashrlar, reytinglariga kiritilgan hamda ota-onalar va boshqa manfaatdor shaxslardan ijobiy fikrlar olgan maktablar joy oldi. Barcha o‘quv muassasalari Shveytsariyada, go‘zal Alp tog‘lari, vodiylari va ko‘llari qo‘ynida joylashgan. Pansionlarning deyarli barchasi 50 yildan 150 yilgacha tarixga ega bo‘lib, ko‘plarining rahbarlari o‘n yillar davomida o‘zgarmay kelmoqda.

Darslar ingliz tilida olib borilsa-da, har bir pansion o‘quvchilarga boshqa xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi. Bu maktablarda odatda bir mamlakatning ellikdan ortiq fuqarolari ta’lim oladi, biroq ayrim maktablarda bitta mamlakatdan kelgan bolalar soni 10 foizdan oshmasligi belgilangan. O‘quv rejasida odatda turli ta’lim tizimlarining talablari inobatga olinadi. Har bir pansion dunyoning turli mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun zarur bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy imtihonlar o‘tkazadi.